Egey, Markaziy Onado’li va O’rta Yer dengizi mintaqalari uchrashadigan chorrahada joylashgan Denizli viloyati, geografik joylashuvi va tabiiy boyliklari bilan o’tmishdan bugungi kunga qadar insoniyat sivilizatsiyasining qadim o’choqlaridan biriga mezbonlik qilib kelmoqda. Noyob tabiiy va madaniy tuzilishga ega bo’lgan bu shahar bilan tanishish uchun siz Denizliga tashrif buyurishingiz kerak!
Tarix va tabiat uchrashgan shahar
Egey, Markaziy Onado’li va O’rta Yer dengizi mintaqalari tutashgan Denizli, geografik joylashuvi va tabiiy go’zalliklari bilan tarix davomida ko’plab jarayonlarning guvohi bo’lgan. Xususan, Xet, Frigiya, Lidiya, Rim va Vizantiya kabi taraqqiyot izlarini ko’rishingiz mumkin bo’lgan Denizli, YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro’yxatida bo’lgan Hierapolis Qadimgi shahri bilan butun dunyoda tanilgan. Likos vodiysining unumdor yerlaridan joy olgan Denizli, tarixiy, arxeologik, madaniy va tabiiy go’zalliklari jihatidan boy salohiyatga ega.
Onado’li yarim orolining janubi-g’arbida va Egey mintaqasining janubi-sharqida joylashgan Denizli viloyati qadim zamonlarda aloqa va savdo markazi sifatida qo’llanilgan. Kolossa, Tripolis, Laodikiya, Herakleia, Attuda kabi ko’plab qadimiy shaharlar, jumladan, tabiiy va madaniy meros qiymati bilan YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan Hierapolis qadimiy shahriga hamda muqaddas ziyorat yo’li deb nomlanuvchi Izmir-Efes yo’lining so’ngida joylashganligi, Injilda tilga olingan yetti cherkovdan biri bo’lgan Laodikiya cherkoviga mezbonlik qilishi Denizliga alohida ahamiyat kasb etadi.
Antik davrning muhim aholi punkti bo’lgan Lykos (Churuksu) vodiysida joylashgan Denizli oq va qizil travertenlari, shifobaxsh termal suvlari, boy fauna va florasi, yam-yashil tabiati, ekologiyasi, sayyohlik imkoniyatlari, pazandachilik madaniyati va o’ziga xos hunarmandchiligi bilan muhim diqqatga sazovor markaz sifatida e’tiborni tortadi. Tabiiy hovuzchalar shifo izlayotgan sayyohlarning sevimli manziliga aylanganini mintaqadagi mehmonxonalar deyarli bo’sh xonalarsiz xizmat qilayotganligidan bilsa bo’ladi. Ziyoratchilar tabiat basseyniga kirmasdan bu yerni tark etishmaydi. Ular hovuzga kirishdan katta zavq olib, maroqli dam olishadi.