Guliston tibbiyot klasterida bajarilgan mazkur amaliyot akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo’limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi A.Ahmedov, mazkur muassasa vrach-xirurgi O.Toirov hamda xirurg-transplantolog Sh.Toshmamatov boshchiligidagi mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qariyb to’rt soat davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli o’tdi. Oleg Kimga otasi Arkadiy Kim donorlik qildi.
Hozir bemorning ham, donorning ham salomatligi yaxshi. Ularda tegishli standartlar asosida tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda. Jarrohlik amaliyoti bilan bog’liq xarajatlar esa Davlat tibbiy sug’urtasi jamg’armasi tomonidan qoplab berildi.
Shuningdek, bunday amaliyotlarning navbatdagisi Zarafshon shahar tibbiyot birlashmasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining yetakchi mutaxassislari hamda mahalliy shifokorlar hamkorligida o’tkazildi.
5 soat davom etgan tibbiy amaliyot davomida Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi 37 yoshli Zarifjon Isoqov o’z akasi, 44 yoshli Salohiddin Isoqovga bir buyragini berdi.
Ayni paytda aka-ukalarning salomatligi yaxshi. Ular shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.