image0

AQSH Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq etish boshqarmasi (NASA) astronavtlari Suni Uilyams va Butch Uilmor ochiq koinotga chiqish missiyasini muvaffaqiyatli yakunladi. Ularning koinotda bo‘lish vaqti taxminan olti soat davom etdi va shu orqali Suni Uilyams ayol astronavtlar orasida rekord o‘rnatdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, missiya davomida astronavtlar stansiyada antennani demontaj qilish, Destiny laboratoriya modulidan va Quest havo kamerasi yuzasidan tahlil uchun namuna olish kabi muhim vazifalarni bajargan. Bu Uilyams uchun to‘qqizinchi, Uilmor uchun esa beshinchi marta koinotga chiqish bo‘lgan. Umuman olganda, ushbu Xalqaro kosmik stansiya (XKS) yig‘ish, xizmat ko‘rsatish va modernizatsiya bo‘yicha amalga oshirilgan 274-chi ochiq kosmosga chiqish bo‘lgan.

Mazkur missiya davomida Suni Uilyams ayollar orasida ochiq koinotda bo‘lish muddati bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgan va NASA'ning sobiq astronavti Peggi Uitsonning natijasini ortda qoldirgan. Endilikda Uilyamsning umumiy ochiq kosmosda bo‘lish vaqti 62 soat 6 daqiqani tashkil qiladi, bu esa uni NASA tarixida to‘rtinchi o‘ringa olib chiqadi.

Uilmor va Uilyams 2024 yil 5 iyun kuni Boeing kompaniyasi tomonidan uchirilgan Starliner kemasida XKSga yetib borgan. Bu Boeing’ning XKSga amalga oshirgan ilk pilotli missiyasi hisoblanadi.

Dastlab astronavtlarning 2024 yil 18 iyun kuni Yerga qaytishi rejalashtirilgan edi, biroq Starliner bortidagi bir necha manyovr dvigatellarining ishdan chiqishi tufayli missiya kechiktirildi. Avvaliga 2024 yil 26 iyunga ko‘chirilgan qaytish muddati keyin noma’lum muddatga surildi. NASA oxir-oqibat Uilyams va Uilmor joriy yil bahorida SpaceX kompaniyasining Crew-9 missiyasi tarkibida Yerga qaytishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA o‘zining Parker Solar Probe kosmik apparati yordamida Quyoshga eng yaqin uchishni amalga oshirgan edi. Probe 2024 yil 24 dekabr kuni Quyosh yuzasiga 6,1 million kilometr masofada yaqinlashgan. Apparat Quyoshning tashqi atmosferasiga, ya’ni “korona” deb ataladigan hududga kirib, 692 km/soat tezlikda uchgan.