image0

Saudiya Arabistonida qurilayotgan “Jeddah Tower” osmono‘par binosi loyihasi ustida ishlayotgan Kingdom Holding Company dunyodagi eng baland bino qurilishi 2028 yilda yakunlanishini e’lon qildi. Loyiha Chikagodagi Adrian Smith + Gill Gordon Architecture studiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu haqda “De zeen” xabar berdi.

“Jeddah Tower”ning qurilishi dunyo ambitsiyalari va taraqqiyotining ramzi sifatida rasman qayta boshlandi”, deyiladi Kingdom Holding Company bayonotida.

Ushbu osmono‘par bino haqida ilk bor 2011 yilda xabar berilgan bo‘lib, uning qurilishi 2013 yilda boshlangan. Garchi binoning aniq balandligi hali rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, kamida 1 001 metr bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu esa hozirda dunyodagi eng baland bino hisoblangan 828 metrlik Burj-Xalifadan (Dubay) kamida 173 metr balandroq bo‘lishini anglatadi.

Saudiyada dunyodagi eng baland bino qurilishi qayta boshlandi1

Dastlab, 2020 yilda bino qurilish yakunlanishi rejalashtirilgan edi, ammo loyiha cho‘zilib ketdi va 2018 yilda butunlay to‘xtatildi. O‘shanda bino 63-qavatgacha qurilgan edi. O‘tgan hafta tantanali marosim doirasida 64-qavat qurilishi qayta boshlandi. Qurilish kompaniyasi vakili har to‘rt kunda bir qavat qurib borish rejalashtirilganini va butun loyihani 2028 yilda yakunlash mo‘ljallanayotganini ma’lum qildi.

“Jeddah Tower” shaharning shimolida qurilayotgan yangi tuman markazi bo‘lib xizmat qiladi. Binoda “Four Seasons” mehmonxonasi, hashamatli turarjoylar, ofislar va 157-qavatda dunyodagi eng baland kuzatuv maydonchasi joylashadi.

Bu loyiha Saudiya Arabistonida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, Britaniyaning Foster + Partners studiyasi “Jeddah Tower” balandligidan ham yuqori – 2 km balandlikka ega bo‘ladigan osmono‘par bino loyihasini ishlab chiqmoqda.

Ma’lumot uchun, yaqinda RCR Arquitectes studiyasi boshqa arab mamlakati BAAning Dubay shahri markazida “Muraba Veil” nomli 380 metrlik osmono‘par bino loyihasini taqdim etdi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, bino kengligi bor-yo‘g‘i bitta xonadonga teng bo‘lib, faqat 22,5 metrni tashkil qiladi. Ushbu noyob loyiha shahar markazidagi asosiy avtomagistral va Dubay kanali yonida barpo etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ar-Riyodda dunyodagi eng katta bino – 400 metrlik “Mukaab” osmono‘par binosi qurilishi boshlangan edi. Ushbu ulkan turarjoy majmuasi 100 000 ta uy va 9 000 ta mehmonxona xonasini o‘z ichiga oladi. Loyiha o‘zida savdo markazlari, ofis majmualari, muzeylar, teatrlar va parklarni bir joyda jamlagan ixcham shahar bo‘lishi kutilmoqda. “Mukaab”ning barcha ob’ektlari piyoda 15 daqiqalik masofada joylashadi.