Shirinje – Turkiyaning Egey qismidagi jozibador rum qishlog'i

Shirinje – Izmirdan 89 km va Selchuk tumanidan 8 km uzoqlikda joylashgan maftunkor yunon qishlog’idir. 2012 yilda Mayya taqvimidan tarqalgan apokaliptik ssenariylar bilan xotiralarga muhrlangan desak xato bo’lmaydi. Qishloqning o’tmishi aniq bo’lmasa-da, u miloddan avvalgi besh yuzinchi yillarga borib taqaladi. Qadimgi manbalarda «Tog’dagi Efes» nomi bilan atalgan qishloq, keyinchalik Kirkinja va Chirkinje deb atalgan. Bu maftunkor qishloqqa oxirgi nomni Turkiyaning respublika sifatida e’lon qilingan dastlabki yillarida Izmir hokimi Kazim Dirik tomonidan berilgan. 1923 yilgi “Almashinuv shartnomasi” orqali bu yerda istiqomat qilgan yunon fuqarolari Yunonistonda yashovchi turklar bilan almashishga majbur bo’ldilar va ta’riflab bo’lmas og’riqlar boshdan kechirilganligini ta’kidlash joiz.

Shirinjedagi diqqatga sazovor joylar

1. Agios Ioannes Prodromos (Yuhanno Baptist) cherkovi. Qishloqning g’arbidagi baland ayvonda joylashgan cherkovning ta’mirlash yozuviga ko’ra, cherkov 1805 yilda Cho’qintiruvchi (Baptist) Yahyo (Ayios Ioannes Prodomos) nomidan Heliapolis (Aydin) muqaddas ruhoniysi buyrug’i bilan Siphnoslik Kallinikos yordamida qurilgan. Eshikdagi 1832 yilga oid yozuvda ikkinchi marta ta’mirlangani keltirib o’tilgan.

2. Ayasosti cherkovi (yog’och gumbazli cherkov). Qishloqqa kiraverishdagi tepalikda joylashgan bu cherkov XIX asrda qishloqda yashovchi yunonlar tomonidan barpo etilgan. Qurilish sanasi noma’lumligicha qolmoqda. Mutaxassislarning tekshiruvlariga ko’ra, cherkov bazilika uslubidagi to’rtburchaklar sxemasiga ega. Moloz tosh va yog’ochdan yasalgan cherkov tom bilan qoplangan. Cherkovning o’ta qalin tiqinli sakkizta deraza bilan yoritilgan “naos qismi”dagi uch qirrali mehrob va devorlar freskalar bilan bezatilgan. Ushbu freskalar panellarda joylashgan bo’lib, ularda XIX asr oxirida mahalliy yunon hunarmandlari tomonidan yaratilgan 12 havoriyning suratlari mavjud.

3. Tosh maktabi. Shirinjening tarixiy yunon maktabi “Artemis sharob uyi” hamda “Tanzimat islohoti” davridan respublika e’lon qilingungacha bo’lgan ta’lim tarixi muzeyi sifatida tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg’otmoqda. O’ta g’ayrioddiy buyumlar, tarixiy ahamiyatga ega hujjatlar va fotosuratlar namoyish etiladigan muzeyga ish kunlarida bepul tashrif buyurishingiz mumkin.

4. Nesin matematika qishloqchasi. Bu qishloqcha Shirinjedagi tashrif buyurishingiz lozim bo’lgan joylar orasida ro’yxatingizning ajralmas qismidir. Matematika qishlog’i – bu matematikaga mehr qo’ygan barcha yoshdagi odamlar bu fan bo’yicha ta’lim olishlari va tadqiqot qilishlari mumkin bo’lgan dunyodagi noyob joy bo’lib, batamom ilm-fanga bag’ishlangan ajib qishloq hisoblanadi. Shirinjedan 1 km uzoqlikdagi Matematika qishlog’i tom ma’noda tog’ning tepasida, mutlaq vayronagarchilik hukmron bo’lgan, toshdan, loydan va somondan yasalgan hamda o’simliklar bilan aralashib ketgan uylar, o’zining tabiiy muhiti bilan sayyohlarning sevib tashrif buyuradigan maskanlaridan hisoblanadi.

 

Bularni qilmasdan Shirinjedan qaytmang!

Ayasosti cherkovi yonidagi makonda anjir danagi qahvasini yoki qumda tayyorlangan turk qahvasini tatib ko’ring yoki choy iching.

Muzdek shotut sharbatini tatib ko’ring.

Hodri Maydoni minorasi terasidan go’zal manzarani tomosha qiling.

Tor ko’chalarda sayr qilib, mahalliy me’morchilikdan bahramand bo’ling va mahalliy odamlarning turmush tarziga guvoh bo’ling.

Mahalliy oshxona durdonalaridan bahramand bo’ling.

“Tosh Maktab” nomi bilan tanilgan rum maktabining bog’idan qishloqning umumiy ko’rinishini tomosha qiling.

Mahalliy ishlab chiqarilgan zaytun yog’ini tatib ko’ring, manzur kelsa sotib oling.

Matematika qishlog’iga tashrif buyuring, farzandlaringiz uchun yangi ufqlarni oching.

Mahalliy aholi bilan suhbatlashing, hunarmandchilik mahsulotlarini sotib oling va ularning iqtisodiyotiga hissa qo’shing.