image0

Xitoylik seysmologlar guruhi Xitoy va unga tutash hududlarda kuchli zilzilalar ehtimoli yuqori ekani haqida ogohlantirdi. Ushbu zilzilalarning magnitudasi 8 ga yetishi mumkin. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, tadqiqotlar Xitoy va qo‘shni mintaqalarda 8 magnitudali zilzilalar xavfi ortganini ko‘rsatmoqda.

“Dunyo Myanmadagi zilzila oqibatlaridan hali o‘ziga kelmay turib, seysmologlar yangi falokatlar xavfi borasida ogohlantirmoqda. 28 mart kuni Myanmada yuz berib, minglab kishilar hayotiga zomin bo‘lgan va binolarni vayron qilgan 7,9 magnitudali zilzila arafasida Xitoylik seysmologlar ushbu mintaqada bunday ofatlar xavfi ortganini ko‘rsatgan tadqiqot e’lon qilgan edi”, deb yozadi nashr.

Seysmologlar 28 martdagi zilzila bu mintaqadagi so‘nggi falokat bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda. Ularning tadqiqotiga ko‘ra, hozirda Xitoy va unga qo‘shni hududlarda halokatli zilzilalar yuz berishi xavfi ancha yuqori.

Qayd etilishicha, seysmologlar 1879 yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan davrni qamrab olgan seysmik ma’lumotlarni tahlil qilgan va Xitoy hamda unga yondosh mintaqalarda zilzila ehtimoli yuqori bo‘lgan olti asosiy davrni aniqlagan.

Mutaxassislar har bir bunday davr Yerning aylanish tezligidagi o‘zgarishlar ya’ni sutka davomiyligidagi siljishlar va u bilan bog‘liq tektonik kuchlanishlarning qayta taqsimlanishi bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, mintaqa ayni damda yangi seysmik faollik davrining boshlanish bosqichiga kirayotgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya hukumati Tinch okeani tubidan o‘tuvchi, Sidzuoka prefekturasidan Cikoku va Kyusyu orollarigacha cho‘zilgan Nankay yorig‘ida yuz beradigan kuchli zilzila oqibatidagi zararning yangilangan bahosini e’lon qilgandi. Eng yomon ssenariy bo‘yicha qurbonlar soni 298 ming kishiga yetishi, mamlakat aholisining 10 foizgacha bo‘lgan qismi evakuatsiya qilinishga majbur bo‘lishi, shuningdek, 115 ming gektar maydon suv ostida qolishi mumkin.