image0

Bugunga kelib qahva nafaqat millionlab odamlarning sevimli ichimligi, balki milliardlab dollarlik qiymatga ega global sanoat hamdir! U allaqachon dunyo miqyosida yirik iqtisodiy soha va biznes tarmog‘iga aylangan. Maqolada qahva biznesining rivojlanishi, iqtisodiy ahamiyati va dunyo bo‘ylab o‘sib borayotgan talab haqida so‘z yuritiladi.

Qahva qancha odamni pulli, qanchasini ishli qiladi?

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha12024 yilda dunyo bo‘ylab qahva bozori qiymati 200 milliard AQSH dollaridan oshgan va 2034 yilga kelib taxminan 350 milliard AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Balance Coffee (qahva mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniya) ma’lumotlariga ko‘ra, qahva iste’moliga talab yildan yilga ortmoqda va 2023 yilda Buyuk Britaniyada o‘rtacha yillik qahva iste’moli har bir kishi uchun taxminan 528 finjonni tashkil qilgan. Pirovardida mazkur yo‘nalishdagi biznes turlari ham rivojlanib bormoqda.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha2

Qahva xaridorlarning sevimli ichimligiga aylanishdan tashqari millionlab insonlarni ish va daromad bilan ham ta’minlaydi. Dunyo bo‘ylab taxminan 25 million fermer qahva mevalarini yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Donalarni qayta ishlash, eksport va import qilish, tashish hamda sotish bosqichlarini hisoblaganda esa bu raqam yuz milliondan oshadi.

Kun qahva bilan boshlanadi

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha3

Kunni qahva bilan boshlash va hatto davom ettirish odat tusiga aylanib bo‘lgan. “80/20 qoidasi” aynan qahva sotuvida o‘z aksini topadi. Bu tushuncha 80 foiz daromad 20 foiz xaridordan kelishini anglatadi. Ya’ni yaxshi tayyorlangan va chiroyli taklif qilingan qahva sodiq xaridorlarni kafolatlaydi. Ichimlik sifatida qahva biznesi bilan shug‘ullanishni istovchilar quyidagi bir necha omillarni inobatga olishlari kerak bo‘ladi:

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha4

  • To‘g‘ri joylashuvni tanlash. Masalan, shaharning yoshlar bilan gavjum qismi va asosan piyodalar harakatlanadigan nuqta, ayniqsa, mos;
  • Xizmat turini aniqlashtirish (ko‘chma, bar, yetkazib berish);
  • Sarmoya (shaxsiy mablag‘, kredit yoki investor yordami);
  • Xarajatlar (ijara, xodimlar maoshi va bonusi, mahsulot va boshqalar);
  • Raqobat (sifat va narx nazorati);
  • To‘g‘ri xodim tanlash (xaridor xo‘mraygan yoki qo‘pol sotuvchiga qaytib kelmaydi);
  • Marketing va reklama (yaxshi mahsulot reklamaga muhtoj emas, ammo xabardorlik savdoga ta’sir qiladi).

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha5

Shuningdek, ta’kidlab o‘tish kerakki, qahva biznesining ushbu turida keskin raqobat hukm suradi. Iste’molchilar noyob va yangicha ta’mli ichimliklarni xohlayotgani sababli sotuvchilar xaridorlarni tutib qolish uchun yaxshigina ter to‘kishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Qahva – qishloq xo‘jaligining talabgir mahsuloti

Qahva donachalari do‘kon rastasi yoki ichimlik tayyorlab sotuvchilar qo‘ligacha juda uzoq yo‘llarni bosib keladi. 4-7 yilda hosilga kirib, 25 yil meva beruvchi qahva daraxtlari Janubiy Amerika, Janubiy Osiyo hamda Afrika mamlakatlarida yetishtiriladi. Global miqyosda yiliga taxminan, 9-10 million metrik tonna (1 metrik tonna = 1000 kg) qahva hosili ishlab chiqariladi. Braziliya, Vetnam va Kolumbiya kabi davlatlar dunyoga qahva donalarining asosiy qismini yetkazib beradi.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha6

Asosan ikki turdagi qahva o‘simligi mavjud:

Coffea arabica. Murakkab ta’mli va kamroq kofeinni o‘z ichiga oluvchi ushbu o‘simlik donalaridan “yuqori sifatli” ichimliklar tayyorlanadi.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha7

Coffea canephora (robusta). O‘tkir va achchiqroq ta’mli ushbu o‘simlik mevasini yetishtirish nisbatan osonroq. Shuning uchun ham bunday donalar nisbatan arzon.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha8

Ba’zi nozik farqlariga qaramasdan har ikki o‘simlik mevalari ham bir xil jarayonlardan o‘tkaziladi:

Qo‘l yoki mashinada terilgan mevalar an’anaviy usulda quyosh yoki zamonaviy usulda texnikalar yordamida quritiladi.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha9

Qayta ishlash bosqichida meva po‘stlog‘i olib tashlanadi va donachalar ajratiladi. Keyingi jarayonda tozalanib, saralangan donalar eksport uchun hozirlanadi. Shundan so‘ng qahva donalarini import qilgan mamlakatlarda qayta ishlov berish jarayonlari davom etadi. Keltirilgan yashil donalar sanoat usulida pishiriladi, qoraytirib, yog‘lanadi va bizga ma’lum “qahva ta’mi”ga keltiriladi. Harorat va uning davomiyligi rang va ta’mni belgilab beradi. Keyingi bosqichda donalar yana bir bor saralanib, qadoqlanadi. Shundan so‘ng boshqa iste’molchi davlatlarga eksport qilinadi.

Qahvaning sirli sayohati: daraxtdan finjongacha10

Shunday bo‘lsa-da, qahva biznesida ham tavakkalchiliklar borligini ta’kidlash lozim. Masalan, iqlim sharoitlari, xususan, global isish omili qahva mevalari yetishtirilishiga ta’sir qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan narxlar o‘zgaruvchanligiga olib keladi. Bunday murakkab vaziyatga qaramay, iste’molchi talabi oshib borishi ortidan qahva qishloq xo‘jaligi sektorida sezilarli o‘rin egallab, ko‘pgina mamlakatlar iqtisodining muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Qahva dunyo bo‘ylab eng daromadli ekinlardan biri bo‘lib, odatda kakao, paxta va shirin lavlagi bilan bir qatorda turadi. Biroq ekin ko‘lamining kengayishi o‘rmonlar kesilishi, ko‘p suv sarfi va yer sho‘rlanishi kabi oqibatlarga olib kelayotganini ta’kidlash lozim.