image0

Yashash sifati bo‘yicha 2025 yilgi Inson Taraqqiyoti Indeksida (Human Progress Index – HPI) O‘zbekiston 108-o‘rinni egalladi. Bu haqda CEOWORLD jurnali e’lon qilgan hisobotda so‘z boradi.  

Unda hayot sifati va davomiyligi, ta’lim darajasi, siyosiy barqarorlik, jon boshiga daromad va imkoniyatlarga ega bo‘lish darajasi kabi mezonlar chuqur tahlil qilingan. Mazkur ko‘rsatkichlar qanchalik yuqori bo‘lsa, mamlakat reytingdagi o‘rni shunchalik baland bo‘ladi.

2024-yilgi yakuniy hisobotga ko‘ra, Shveysariya dunyoda yashash sifati eng yuqori mamlakat deb topildi. Undan keyin Norvegiya va Islandiya joy oldi. Gonkong to‘rtinchi o‘rinni egallab, Shvetsiyani ortda qoldirdi. Daniya va Germaniya mos ravishda oltinchi va yettinchi o‘rinlarda. Kuchli o‘nlikni Irlandiya, Singapur va Avstraliya (8–10-o‘rinlar) yakunladi.

Markaziy Osiyo davlatlarining reytingdagi o‘rinlari quyidagicha:

  • Qozog‘iston – 70-o‘rin (mintaqada yetakchi – 79.32 ball);
  • Turkmaniston – 96-o‘rin (73.54 ball);
  • O‘zbekiston – 108-o‘rin (70.94 ball);
  • Qirg‘iziston – 119-o‘rin (68.2 ball);
  • Tojikiston – 128-o‘rin (63.4 ball).

Bundan tashqari, Turkiya 48-o‘rinni, Rossiya 59-o‘rinni, Belarus 72-o‘rinni, Armaniston esa 78-o‘rinni egallagan.

Reyting 196 mamlakat bo‘yicha tuzilgan bo‘lib, CEOWORLD tahlilchilari baholashni uch asosiy mezon – barqarorlik, qoniqish va muvozanat bo‘yicha olib borgan. Har bir mamlakat 23 ko‘rsatkich asosida, 100 ballik tizimda baholangan.

Ma’lumot uchun, CEOWORLD – xalqaro biznes jurnali bo‘lib, iqtisodiyot, investitsiya, karera, texnologiyalar, ta’lim va turli mamlakatlardagi hayot sifati haqida chuqur tahliliy materiallar, reytinglar va tadqiqotlarni chop etib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2021-2023 yillarda 21 ball bilan eng yaxshi natijalarni qayd etib, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi borasida yetakchilik qilayotgani xabar qilingandi.