image0

Bugun, 21 may kuni ertalab bitkoin  narxi 111 ming 886 dollarga chiqib, yangi tarixiy rekordni o‘rnatdi. Bu haqda “Coin Metrics” ma’lumotlariga tayanib, CNBC xabar berdi. 

CoinShares kompaniyasining tadqiqotlar bo‘yicha rahbari Jeyms Batterfillning aytishicha, narxning keskin o‘sishi bir necha omillar bilan bog‘liq. Xususan, ijobiy palla va bozor ishonchining ortishi, AQSHda kriptoni tartibga solish masalalaridagi ijobiy siljishlar, institutsion investorlar tomonidan yuqori qiziqish.

Qayd etilishicha, bitkoin odatda texnologiyaga yo‘naltirilgan Nasdaq indeksiga kuchli korrelyatsiyaga ega. Ammo bu safar AQSH fond bozorlari pasaygan paytda bitkoin o‘sishda davom etmoqda. Bu esa investorlarning valyutalarga ishonchsizlik fonida muqobil qiymat saqlovchi vosita izlayotganini ko‘rsatmoqda.

Batterfillning aytishicha, bu o‘sishda Moody’s agentligi tomonidan AQSH suveren kredit reytingining pasaytirilishi ham muhim rol o‘ynagan.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda AQSHda kripto bozoriga doir bir nechta ijobiy yangiliklar paydo bo‘lgan. Xususan, GENIUS Act (koinlarni tartibga soluvchi qonun loyihasi) AQSH Senatida asosiy protseduraviy ovoz berishdan o‘tgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp va uning texnologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Devid Saks kripto sohasini qo‘llab-quvvatlovchi kun tartibini ilgari surmoqda. JPMorgan banki bosh direktori Jeyms Daymon avvalgi tanqidlariga qaramay, endi mijozlarga bitkoin sotib olishga ruxsat berilishini e’lon qildi.

Umuman olganda bu o‘sish nafaqat texnik omillar, balki makroiqtisodiy xavotirlar, siyosiy siljishlar va yirik moliyaviy institutlar pozitsiyasi bilan bog‘liq. Bitkoin tobora ko‘proq valyutaviy beqarorlikka qarshi xavfsiz aktiv sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida bitkoin narxi 109,1 ming dollarga yetib, bungcha bo‘lgan eng baland narxga ko‘tarilgandi. Fevral oyida esa  5,5 foizga pasayib, 88 800 dollargacha tushib ketdi. Bunga AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan import tariflari inflyatsion bosimning ortishi va AQSH Federal zaxira tizimi (FRT) tomonidan foiz stavkalarining oshirilishi sabab bo‘ldi.