Bu yil may oyi juda yuqori harorat foni bilan ajralib turdi. Oyning katta qismida o‘rtacha bir kecha-kunduzlik havo harorati iqlim me’yoridan 4-6 darajaga, ayrim davrlarda esa 7-9 darajadan yuqori bo‘ldi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Qayd etilishicha, faqat may oyining oxirgi kunlarida O‘zbekiston hududiga o‘rta troposferada siklonik aylanish bilan bog‘liq bo‘lgan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelgan.
27 maydan oy oxirigacha past harorat foni saqlanib turgan. Kunduzgi harorat 25-30 darajadan, ba’zi joylarda 20-23 darajadan oshmagan.
2025 yil may oyida o‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 2,5-4,5 darajaga yuqori bo‘lgan. Respublikaning barcha hududlari bo‘yicha o‘tgan may oyi eng iliq may oylari uchligiga kirgan.
Respublikaning ko‘pchilik hududlarida (shu jumladan Toshkent shahrida) o‘tgan may oyi O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq may oyi bo‘lgan.
Eng issiq kunlarda maksimal havo harorati yoz fasliga xos bo‘lgan qiymatlarga – 37-40 darajaga, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-43 darajaga, Qizilqum cho‘lining g‘arbida 45 darajaga yetgan.
Bildirilishicha, o‘tgan may oyi nafaqat ekstremal issiq, balki ekstremal quruq bo‘lgan.
Xorazm, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarining ko‘pchilik hududlarida oy davomida yog‘ingarchilik oylik me’yordan 0 foizdan 10 foizgacha bo‘lishi kuzatilgan.
Respublika shimolida, cho‘l hududlarida va janubida bunday quruq may oylari o‘rtacha 7-9 yilda 1 marta qayd etiladi.
Masalan, Samarqandda yog‘ingarchilik 0,0 mm (o‘tgan may oyida shuncha yoqqan) bo‘lishi meteorologik kuzatuvlarning asrlik tarixida atigi 3-holat.
Me’yorga nisbatan eng ko‘p yog‘ingarchilik Farg‘ona vodiysining tog‘oldi va tog‘li hududlarbda yoqqan – ba’zi joylarda me’yordan 60-80 foizgacha, Qo‘qon meteostansiyasi hududida esa 103 foiz bo‘lgan. Respublikaning qolgan hududlarida oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yorning 20 foizdan 50 foizgachani tashkil etgan. Yomg‘irlar asosan uchinchi o‘n kunligining ayrim kunlarida yoqqan.
Surxondaryo, Namangan, Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida sel-suv toshqin hodisalari qayd etilgan.
Respublikaning ba’zi joylarida shamol 15-20 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim kunlarda kuchayish ba’zida 22-25 metr/soniyaga yetishi kuzatilgan.
Respublika cho‘l hududlarida va eng chekka janubida shamolning kuchayishi ba’zida chang-to‘zonlar bilan qayd etilgan.
17 may kuni Toshkent shahrida atmosfera fronti zonasida shamol kuchayishi natijasida changli bo‘ron kuzatilgan. Kuchli shamol havoga katta miqdorda qum va changni ko‘targan, bu esa janubiy Qozog‘iston hududlaridan kelgan chang bilan birga ko‘rinuvchanlikni sezilarli darajada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Poytaxtda havoni kuchli changlanishi ba’zi joylarda soat 22:00 gacha saqlanib turdi.