Salohiddin Ayyubiy rahimahullohning oldida bir hadis rivoyat qilindi. Unda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kulganlari haqida gap bor edi. Hadisni rivoyat qilayotgan roviylar ham kulishardi. Ammo Salohiddin kulmadi. Undan buning sababini so’rashganda, «Al-Aqso salbchilarning qo’lida asir ekan, men qanday kulaman?» dedi.
U kulolmadi. Chunki muammoni chindan his qilib turgandi. U falastinliklarga hamdardlik izhori uchun o’zini siqilayotgan qilib ko’rsatmayotgandi. Ularning tuyg’ularini hurmat qilib og’riqni sezayotganini da’vo qilmayotgandi. Balki u chindan ham falastinliklar kabi iztirobda edi. Ular kabi alamni tuyayotgandi. Go’yo u falastinliklar tanasidan ajralmaydigan a’zo kabi edi. Bir tananing a’zosi bo’lgan kishi esa o’sha tana og’risa, og’rib, o’sha tana shod bo’lsa, shodlanib, o’sha tana mahzun bo’lsa, mahzun bo’ladi. Tananing a’zosidek bo’lgan kishi bunday ishlarni soxtalik aralashtirmay qiladi.
Agar biz ham Falastin, Yaman, Suriya, Sharqiy Turkiston, Birma kabi davlatlardagi musulmon birodarlarimiz holini, ularning boshiga tushayotgan zulmlarni his qila olsak, ularga hamdardlikni faqat post yozuvchi qo’limizu yozuvni ko’rayotgan ko’zimizning o’zi bilangina izhor etmay, qalbimiz ham ular tortayotgan og’riqni his qilsa, kulishga, turli o’yin-kulgular bilan vaqt o’tkazishga qiynalib qolamiz.
Alloh taolo dunyoning turli nuqtalarida zulmga uchrayotgan musulmon birodarlarimizga nusrat bersin, musulmonlar yashayotgan barcha yurtlarda tinchlik bo’lishini nasib etsin, zolimlarga, zolimlarning jinoyatlarini qo’llayotganlarga, tarafdor bo’layotganlarga O’zi kifoya qilsin!
Nozimjon Hoshimjon