Narxning o’sishi 2023 yilgacha davom etadi.
Dunyo bo’ylab qahvaning narxi so’nggi 10 yil ichida eng yuqori ko’rsatkichga yetdi. Bu haqda CNBC nashri yozmoqda.
Tahlilchilarning fikriga ko’ra, narxlarning o’sishi 2023 yilgacha davom etadi. Nyu-York kontinental birjasida kofe fyucherslari 2,46 dollarga yetgan. Bu 2011 yildan beri kuzatilgan eng yuqori narx bo’lib, o’shanda bir funt qahvaning narxi 3 dollardan oshgandi. Ayni vaqtda Xalqaro qahva assotsiatsiyasida asosiy narx bir funt uchun 2,07 dollarni tashkil etmoqda, bu o’tgan yilga nisbatan 85 foizga ko’p.
«Bu yil havo harorati past bo’lgan Braziliyada sodir bo’lgan voqealarga e’tibor qaratishimiz kerak. Ayoz va qurg’oqchilik 2022 yilda hosilni og’ir ahvolga solib qo’yadi», — dedi Saxo Bank’ning tovar strategiyasi rahbari Ole Xansen.
Uning qo’shimcha qilishicha, noqulay ob-havo hodisalari 2023 yilgi hosilga ham ta’sir qilishi mumkin. Kofe narxining oshishi xavfi «juda real», dedi u. Iqlim sharoitlaridan tashqari, global ta’minot cheklovlari qahva bozoriga sezilarli ta’sir ko’rsatgan, chunki mahsulotni ishlab chiqaruvchilar va uni qovuruvchilar ko’pincha turli mamlakatlarda joylashgan bo’ladi.
Bundan tashqari, bozordagi narx-navo qahvani eksport qiluvchi mamlakatlardagi vaziyatga ham bog’liq. Masalan, Efiopiya fuqarolar urushi yoqasida, Vyetnamda esa COVID-19 bilan kasallanish ko’paymoqda. Jahonda qahva narxlarining ko’tarilishi, shuningdek, Kolumbiyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetkazib berishning ataylab kamaytirilishi bilan ham bog’liq bo’lishi mumkin.
Avvalroq dunyoda kofe yetishtirish uchun maydon 2050 yilga kelib, ikki baravarga qisqarishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.