Hindistonning Burxanpur shahrida istiqomat qiladigan biznesmen — Anand Prakash Chuksi 27 yashar rafiqasiga Tojmahalning kichraytirilgan nusxasini sovg’a qildi. Bu haqda «Korrespondent.net» xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uch yil davom etgan qurilish ishlari uchun 260 ming dollar sarflangan. Hashamatli interyerni o’z ichiga oladigan uyda to’rtta yotoqxona, oshxona, kutubxona, shuningdek, meditatsiya bilan shug’ullanishga mo’ljallangan alohida xona bor.
52 yashar Chuksi rafiqasiga 24 metr balandlikdagi uy tuhfa qilishni istagan, ammo mahalliy hokimiyat vakillari bunga ruxsat bermagan.
«Men ushbu joyning turizm markazi bo’lishini istayman. Aksariyat odamlar to’y fotosessiyasini uy fonida qila boshlagan», – degan Anand.
Ma’lumot uchun, Tojmahalni 1631—1652 yillarda Agra shahri yaqinidagi Jamna daryosi bo’yida Shohjahon suyukli xotini Arjumandga (Mumtoz Mahal begim, Mumtoz Bibika Ravza nomlari bilan mashhur bo’lgan) atab uning vafotidan so’ng qurdirgan.
Keyinchalik uning o’zi ham shu yerga dafn qilingan. Hind, fors, arab arxitekturasining yuksak namunasi hisoblangan hamda «sevgi va sadoqatga qo’yilgan yodgorlik» deya e’tirof etiladigan maqbara 1983 yilda YuNESKOning butunjahon meroslari ro’yxatiga kiritilgan.