Mana, 50 yildirki, Mesamor deb nomlangan qadimiy arman yurti o’rnida olimlar qazish ishlarini olib borishmoqda. Buning natijasida 100 tadan ziyod oddiy qabrlar, 18 ta qo’rg’on borligi aniqlandi. Qo’rg’onlarga o’z davrining mashhur va yuqori martabali shaxslari dafn etilgan.
Ushbu qazish ishlari natijasida dafn etilganlarning barchasi eramizdan avvalgi 15-18 asrlarda umrguzaronlik qilgani aniqlangan. Ammo dafn etish o’ziga xos ko’rinishda bo’lgan. Jasad yoniga unga go’yoki narigi dunyoda asqotishi mumkin bo’lgan buyumlar ham qo’yilgan. Bundan kelib chiqadiki, qadimiy arman diyorida odamlar inson o’lmaydi, shunchaki o’zga dunyoga o’tib o’sha yerda yashashni davom ettiradi deb hisoblashgan.
Masalan, oddiy odam jasadi yonidan ovqat solingan idish, loydan yasalgan xumga suv to’ldirib qo’yilgan. Yuqori martabali odam jasadi yonidan esa turli qimmatbaho taqinchoqlar, stakan va qoshiqlar joy olgan.
Ajablanarlisi, dafn etishda bir qoidaga qat’iy amal qilishgan. Masalan, erkak kishini o’ng yonboshiga yotqizib, ayolni esa chap yonboshiga yotqizib ko’mishgan.
Hukmdorlar qo’rg’onlari hisoblangan joydagi qabrlarga esa bir erkak va bir nechta ayol dafn etilganiga guvoh bo’lishgan. Izlanishlar shuni ko’rsatdiki, hukmdorlar o’sha davrlarda ham bir necha xotinga uylangan. Agar u olamdan o’tsa, xotinlari, bunga qo’shimcha opa-singillari va xizmatkorlari ham o’ldirilib, birgalikda ko’mib yuborilgan. Hukmdorning o’ldirib birga ko’milgan yaqinlarini qurbonlik deb atashgan.
Endi tug’mas, yoshi ulug’ligi sababli tug’ishdan qolgan ayollar ham yer yuzida yashab qola olmagan. Ularni ham qurbonlik sifatida narigi dunyoga jo’natib qo’ya qolishgan. Odamlar ortiqcha og’izlardan, aniqrog’i, behudaga, jamiyatga nafi tegmasdan tekinxo’rlik qiladi deb hisoblangan ayollardan shu yo’l bilan qutulishgan.
zen. yandex. ru
Olimjon HAYIT tayyorladi