O’zbekiston birodar afg’on xalqiga eng birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechaklardan iborat jami 170 tonnalik navbatdagi insonparvarlik yordamini yubordi. 9 ta yuk mashinasidan iborat karvon kecha, 22 dekabr kuni Hayraton chegara o’tkazish punkti orqali qo’shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Kaldor tumaniga yetkazildi.
Hayraton shahrida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston tomonidan prezidentning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Ergeshev va Surxondaryo viloyati hokimi To’ra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Ularni Hayratonda Balx viloyati gubernatori Muhammad Dovud Muzammil va provinsiyaning boshqa boshqaruv idoralari vakillari kutib olishdi.
Rasmiy axborotga ko’ra, yordam tarkibi 48 tonna un, 30 tonna shakar, 48 tonna bug’doy, 15 tonna o’simlik yog’i, 10 ming dona konservalangan go’sht mahsulotlari, 22 tonna makaron, 1000 juft erkaklar va bolalar ust kiyimi, 1000 juft bolalar, erkaklar va ayollar oyoq kiyimidan iborat.
Ismatilla Ergashevning aytishicha, bu – shu yil hisobidan Afg’onistonga topshirilgan yordamning yettinchi partiyasi bo’lgan.
“Qish qattiq kelganini hisobga olgan holda, O’zbekiston rahbariyatining dasturiga asosan, Afg’oniston xalqiga bu yilning o’zida yettinchi marotaba insonparvarlik yordamini olib keldik.
Balx viloyati gubernatori Muhammad Dovud Muzammil bilan suhbatlashganimizda, u “O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasidagi chegara – do’stlik chegarasi. Biz O’zbekiston tomonidan faqat fayz va baraka ko’rib kelyapmiz. Bugungi kunda bizga eng yaqin, birodarlik munosabatlarini ko’rsatayotgan qo’shnimiz ham shu. Biz O’zbekiston bilan har tomonlama munosabatlarni kengaytirish, mustahkamlash va har qanday masalani do’stona hal qilamiz”, deb aytib o’tdi”, – dedi Ergashev MTRK muxbiri bilan suhbatda.
Balx viloyati gubernatori Mullo Muhammad Dovud Muzammil ko’rsatilayotgan beg’araz ko’mak o’zaro munosabatlarni mustahkamlashini ta’kidladi.
“Qo’shni birodar o’zbek xalqi Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikni o’rnatish, aholisining mushkulini oson qilishdek xayrli ishlarda bosh bo’layotganidan biz afg’on xalqi juda ham minnatdormiz.
Bugun O’zbekiston hukumati mintaqadagi muammolar yechimi va davlatlar o’rtasidagi hamkorlikni yo’lga qo’yish bo’yicha o’z tashabbus va amaliy harakatlarini olib bormoqda. Birgina «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo’li qurilishini oladigan bo’lsak, bu loyiha nafaqat uchta davlat, qolaversa Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyotida juda katta ahamiyat kasb etadi. Mana bunday beg’araz ko’mak xalqlarimizni jipslashtirib, o’zaro bordi-keldi munosabatlarimzni yanada mustahkamlaydi. Bundan esa albatta afg’on xalq manfaatdor. Yana bir bor samimiy tashakkurimni izhor etaman”, – dedi Balx gubernatori.
Eslatib o’tamiz, kuni kecha “Tolibon” Afg’onistonda ayollarning universitetlarda o’qishini taqiqlagan edi.