Shemaxa shahri Buyuk Ipak yo’lida joylashgan tarixiy va turistik ahamiyatga ega muhim shaharlardan biridir. Aynan shuning uchun ham u 2023 yilda Turk dunyosining turistik poytaxti deb e’lon qilindi. Bu bo’yicha tegishli qaror Shemaxada bo’lib o’tgan turizm vazirlarining 7-yig’ilishi va Turkiy tilli davlatlar tashkiloti turizm bo’yicha ishchi guruhining 17-yig’ilishida qabul qilindi.
Tadbirda tashkilot bosh kotibi Bag’dod Amreev, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari Aziz Abduhakimov, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o’rinbosari Nodir Alpaslan, Qozog’iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri o’rinbosari Yerjan Yerkinboyev ishtirok etishgan. Turkmanistonning Ozarbayjondagi elchisi Mekan Ishanguliyev, shuningdek, Vengriyaning Bokudagi elchisi Viktor Sederkeniy ham shular jumlasidan.
Ma’lumotga ko’ra, yig’ilish ishtirokchilari ko’p millatli «Zamonaviy ipak yo’li» sifatida qo’shma turizm mahsulotlarini yaratish bo’yicha ishlarni faollashtirish muhimligini ta’kidlashgan.
«Tadbirda «Turk dunyosi turizm poytaxti tashabbusi» qoidalari tasdiqlandi va «Turkiy tilli davlatlar tashkilotining turizm bo’yicha yo’l xaritasi» qabul qilindi»,- deb xabar beradi Ozarbayjon davlat turizm agentligi.
Unda so’zga chiqqan tashkilot bosh kotibi Bag’dod Amreev a’zo davlatlar o’rtasidagi barcha darajadagi aloqalarning rivojlanishi turizmga ijobiy ta’sir ko’rsatayotganini aytgan. Shemaxani 2023 yil uchun Turk dunyosining turistik poytaxti deb e’lon qilingani bilan tabriklab, ushbu tashabbusning davom etishi a’zo davlatlar o’rtasida o’zaro xabardorlikni oshirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Uchrashuvda, shuningdek, Turkmanistondan elchi Mekan Ishanguliyev ishtirok etgani aytiladi. Bundan tashqari, Turkmaniston Madaniyat vaziri o’rinbosari Nursaxet Shirimov ham onlayn tarzda tadbirga qo’shilgan.