Qonunlar jamiyatda avvalo tinchlik va adolatni ta’minlash uchun yaratiladi. Ammo davrlar taraqqiy etgani barobarida ehtiyojdan kelib chiqib, o‘xshashi yo‘q yangi qonunlar ham ishlab chiqiladi. Ularning ba’zilari shunchalik g‘ayritabiiy bo‘lib ketadiki, eshitgan kishiga erish tuyulishi mumkin. Bizga qanchalik g‘alati ko‘rinsa-da, har bir qonun ortida qandaydir sabablar yotadi. Hattoki bu ba’zi mamlakat prezidentlarining shaxsiy istagi bo‘lishi ham mumkin.
Eshaklarga vannada uxlash taqiqlangan
AQSHning Arizona shtatida eshaklarning vannada uxlashi qonunan man etiladi. Bu o‘tgan asr boshida ro‘y bergan suv toshqini bilan bog‘liq. Gap shundaki, hovliga chiqarib qo‘yilgan eski vannada uxlashni odat qilgan eshak toshqin payti tog‘orada oqib ketadi. Uni qutqarish uchun ko‘pgina kuchlar safarbar etilishiga qaramay, odamlar ojiz qoladi. Shundan so‘ng 1924 yilda bunday holat takrorlanmasligi uchun mazkur qonun qabul qilingan.
Qora mashina mumkin emas
Qo‘shni davlat Turkmanistonda qora avtomobillar taqiqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qonun qabul qilinishiga mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning otasi sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning “qora rang omadsiz” degan qarashi turtki bo‘lgan. 2015 yildan buyon qora mashinalar importi to‘xtatilib, 2018 yildan esa mavjudlari oq yoki shunga o‘xshash ranglarga bo‘yattirilgan.
Yerga egalik qila olmaysiz
Xitoyda barcha yerlar davlatga tegishli hisoblanadi. Shuning uchun jismoniy yoki yuridik shaxslar yerni uzog‘i bilan 70 yilgacha ijaraga olishlari mumkin, xolos.
Shahar hududida o‘lish mumkin emas
1950 yildan boshlab Norvegiya hukumati Longyirbiyen shahri hududida o‘lish va dafn qilishni qonunan taqiqlagan. Bunga sovuq ta’sirida bir necha asrlik virus va bakteriyalarning mukammal saqlanib qolishi sabab bo‘lgan. Chunki muzliklar eriganida atrof-muhitga zararli patogenlarning chiqish xavfi mavjud. Ammo hayot bor joyda o‘lim ham bor. Bunday paytda shahar aholisi bir necha ming kilometr uzoqlikda joylashgan qabristonlarga olib ketiladi.
O‘yinchoq qurollar taqiqlangan
Yaponiyada o‘qotar qurollardan tashqari, ularning haqiqiysiga o‘xshash o‘yinchoq qurollarni sotish ham mumkin emas. Ushbu qonun bolalarda zo‘ravonlik hissiyotining oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Odamlar sochini o‘zi xohlagandek turmaklay olmaydi
Shimoliy Koreyada faqat hukumat tomonidan tasdiqlangan soch turmaklariga ruxsat beriladi. Ayollar uchun 18 ta, erkaklar uchun esa 10 ta soch turmagi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ko‘chalarda konkida uchish mumkin emas
Kanadaning ba’zi shaharlarida piyodalar xavfsizligini ta’minlash uchun yo‘laklarda konkida uchish taqiqlangan.
Odamlar uyini xohlaganicha bo‘yay olmaydi
Italiyaning ba’zi shaharlarida yashovchi fuqarolar o‘z uylarini bo‘yash uchun mahalliy hokimiyatdan ruxsat olishlari kerak. Ushbu qonun shaharlarning tarixiy estetikasini saqlashga qaratilgan.
Ramazonda kunduzi ko‘chada ovqatlanish mumkin emas
Birlashgan Arab Amirliklarida Ramazon oyida jamoat joylarida ovqatlanish taqiqlangan. Ushbu qonundan maqsad ro‘zador musulmon jamoatiga hurmat ko‘rsatishdir.
Yakshanba kuni mashina yuvish mumkin emas
Shveysariyada yakshanba kuni mashina yuvish taqiqlangan. Bu kun dam olish kuni hisoblanadi va mashinani yuvish boshqalarga xalal qilishi mumkin.
Turmush qurmaganlarga qo‘shimcha soliq
AQSHning markaziy shtatlaridan biri Missurida 21 yoshdan oshgan, ammo nikohdan o‘tmagan fuqarolar har yili qo‘shimcha 1 dollar soliq to‘lashga majbur. Nikohni rag‘batlantirishga qaratilgan bu qonundan yana bir maqsad rasmiy nikohsiz birga yashovchilar orasida paydo bo‘ladigan nizolarga qarshi kurash hamdir.
Cho‘chqalarga Napoleon nomini berish mumkin emas
Fransiyada cho‘chqalarga Napoleon deb nom berish qonunan taqiqlangan. Bu Fransiya imperatori Napoleon Bonapart sha’nini himoya qilish uchun qilingan.
22:00 dan keyin hojatxona suvini oqizish mumkin emas
Shveysariyaning ba’zi hududlaridagi qoidalarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda qo‘shnilarni bezovta qilmaslik uchun soat 22:00 dan keyin hojatxona suvini oqizish taqiqlangan.
Ayolining tug‘ilgan kunini unutish mumkin emas
Islandiya erkaklariga rafiqalarining tug‘ilgan kunini esdan chiqarish rasman taqiqlangan. Ushbu qonundan maqsad aholi madaniyatida nikohning ahamiyatini oshirishdir.
Semirish mumkin emas
2008 yildan buyon Yaponiyada sog‘lom hayotga targ‘ib qilish uchun “Metabo qonuni” amal qiladi. Unga ko‘ra, bel aylanasi: ayollarda 85 sm; erkaklarda 90 sm bo‘lsa, norma hisoblanadi. Ish beruvchilar va mahalliy hukumat 40 dan 74 yoshgacha bo‘lgan 50 million yaponiyalikning bel o‘lchovini har yili tekshirish uchun javobgardir. Agar xodimlarining ma’lum foizidan ko‘prog‘i normadan oshib ketgan bo‘lsa, ish beruvchi soliqqa tortiladi.
Parlamentda o‘lish mumkin emas
Agar siz Buyuk Britaniya parlamentida vafot etsangiz, jinoyat sodir etgan hisoblanasiz. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, bu qonun reallikda hech qachon ishlamagan, zotan shu paytgacha parlamentda 4 marta o‘lim holati kuzatilgan bo‘lsa-da, ularning hech biriga jinoiy ish ochilmagan.