image0

Avstraliyada 40 yoshli erkak to‘liq sun’iy yurak bilan 100 kun yashab rekord o‘rnatdi. Bu haqda ABC xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2024 yil noyabr oyida Sidneyda jarrohlar 6 soatlik operatsiya davomida titandan yasalgan BiVACOR Total Artificial Heart sun’iy yuragini og‘ir yurak yetishmovchiligiga chalingan bemorga o‘rnatgan. Bu sun’iy yurak avvalgilaridan farqli ravishda mexanik qismlari eskirishga uchramaydi.

Qurilma avstraliyalik ixtirochi Daniel Timms tomonidan ishlab chiqilgan. U bolaligida otasi bilan suv nasoslarini ta’mirlab, bu ishga qiziqqan. Keyinchalik uning otasi yurak xastaligidan vafot etgan, bu esa Timmsni sun’iy yurak ustida ishlashga undagan.

U dastlabki sun’iy yurakni 2024 yil iyulida Texas yurak institutida bemorga o‘rnatgan, ammo bemor shifoxonadan chiqmagan. Bu safargi Avstraliyadagi bemor ushbu qurilma bilan 100 kun yashaganidan so‘ng unga inson yuragi transplantatsiya qilingan. Hozirda u yaxshi holatda tuzalmoqda.

Hozirda BiVACOR yuragi tashqi akkumulyator bilan ishlaydi, ammo kelajakda simsiz quvvatlanish texnologiyasi joriy qilinishi mumkin.

Avstraliyada har yili 5 000 ga yaqin odam yurak yetishmovchiligi sabab vafot etadi. Mamlakatda donorlar yetishmovchiligi tufayli yurak transplantatsiyalari 19 foizga kamaygan. BiVACOR esa kelajakda inson yuragi transplantatsiyasiga muqobil variantga aylanishi mumkin.

Bu yil Avstraliyada yana to‘rt bemorga BiVACOR yuragi o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiyada ilk bor urib turgan yurak transplantatsiyasi o‘tkazilgandi.