image0

AQSHning kosmik agentligi (NASA) o‘zining Parker Solar Probe kosmik apparati yordamida Quyoshga eng yaqin uchishni amalga oshirdi. Bu haqda agentlik o‘zining X sahifasida xabar berdi.

Qayd etilishicha, Probe 2024 yil 24 dekabr kuni Quyosh yuzasiga 6,1 million kilometr (3,8 million milya) masofada yaqinlashgan. Apparat Quyoshning tashqi atmosferasiga, ya’ni korona deb ataladigan hududga kirib, soatiga 430 ming milya (692 km/soat) tezlikda uchgan.

“Bu inson tomonidan yaratilgan har qanday ob’ektning eng yuqori tezligi hisoblanadi. Quyoshga bu darajada yaqinlashish insoniyatning yulduzga birinchi missiyasidagi tarixiy bir lahza”, deydi NASA’ning Ilmiy missiyalar direktorati rahbari Nikiy Foks.

Nashrga ko‘ra, olimlar 2018 yilda ishga tushirilgan Probe yordamida Yerning eng yaqin yulduzi haqida ko‘proq ma’lumot olishga umid qilmoqda.

“Quyoshni yaqindan o‘rganish orqali biz quyosh tizimidagi, shu jumladan Yerda va kosmosda har kuni ishlatadigan texnologiyamizga qanday ta’sir ko‘rsatishini yaxshiroq tushunishimiz mumkin, shuningdek, koinotdagi yulduzlar qanday ishlashini o‘rganib, o‘zimizdan tashqaridagi yashashga mos keladigan dunyolarni izlashda yordam beradi”, deydi Foks.

Kosmik apparat Quyoshning koronasidagi ekstremal issiqlikdan himoya qilish uchun maxsus shild bilan jihozlangan va 1400 daraja (2,600 daraja Farengeyt)gacha bo‘lgan haroratga bardosh bera oladi.

Quyoshga yaqinlashish muvaffaqiyatli yakunlangach, Parker Solar Probe bu masofada Quyosh atrofida aylanishni kamida kelgusi yilning sentyabr oyigacha davom ettirishi kutilmoqda. Kosmik apparat 1 yanvar kuni o‘zining holati bo‘yicha batafsil ma’lumot yuborishi rejalashtirilgan.

NASA olimi Amitabha Ghosh olimlar Quyosh haqida juda kam ma’lumotga ega ekanligini ta’kidladi.

“Agar Quyosh bir kun ham yorishdan to‘xtasa, Yerda barcha hayot yo‘q bo‘ladi. Biz Quyoshga juda bog‘liqmiz, ammo u haqida shu qadar kam bilamiz”, deydi Ghosh “Al Jazeera”ga.

U shuningdek, Parker Solar Probe’dan olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar Quyoshni qanday isitishi, issiqlikni qanday uzatishi va quyosh shamoli deb ataladigan hodisaning qanday tarkibda ekanligini tushunish kabi muhim ilmiy savollarga javob berishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa kosmik agentligi (ESA) Quyoshni tadqiq etuvchi Solar Orbiter zondi tomonidan olingan suratlarning yangi suratlarini chop etgandi. 

Suratlarning ko‘pchiligi Quyosh sirti, shuningdek, uning magnit maydoni va gigant plazma sharining alohida bo‘limlari dinamikasini qayd etishi mumkin bo‘lgan PHI asbobi tomonidan olingan. Yulduzning deyarli barcha nurlari apparat tomonidan batafsil suratga olingan fotosferadan keladi. Uning harorati Selsiy bo‘yicha 4500 dan 6000 darajagacha. Sovuqroq joylar qorong‘i ko‘rinadi va ana shu joylari dog‘lar hisoblanadi. Quyosh dog‘lari Yerdan bir necha marta kattaroq bo‘lishi mumkin va ular har doim qorong‘i bo‘ladi, chunki ularning harorati Quyoshni o‘rab turgan yuzasidan pastroqdir.