image0

Bugun, 30 dekabr kuni amerikalik davlat va siyosat arbobi, Demokratik partiyadan AQSHning 39-prezidenti Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jimmi Karter Jorjiya shtatida vafot etgan. Uning o‘lim sabablari ma’lum qilinmagan.

Ma’lumot uchun, Karter 1977 yildan 1981 yilgacha davlat rahbari bo‘lib faoliyat yuritgan va iste’foga chiqqanidan keyin xayriya ishlari bilan shug‘ullangan, shuningdek, gumanitar loyihalarda ishtirok etgan.

2015 yilda Karterga saraton kasalligi tashxisi qo‘yilgan. 2023 yilda u davolanishni to‘xtatib, qolgan hayotini Jorjiya shtatining Pleyns shahridagi uyida, parvarish ostida o‘tkazishga qaror qilgan.

2019 yilda Karter AQSH tarixidagi eng uzoq umr ko‘rgan prezidentga aylangan, u ikki o‘zining izdoshi – Ronald Reygan va Jorj Bush va o‘zining vitse-prezidenti Uolter Mondeyldan uzoq umr ko‘rdi, Mondeyl 2021 yil aprelida vafot etgan. 2024 yil 1 oktyabrda Karter 100 yoshga to‘lgan edi.

Karter tinchlikparvar prezident sifatida mashhur bo‘lgan, chunki uning muddatida Isroil va Misr o‘rtasidagi Kemp Devid kelishuvi imzolangan. Karter 2002 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

U AQSH tarixidagi eng uzoq umr ko‘rgan prezidentdir. Uning to‘rt farzandi, 11 nevarasi va 14 chevarasi bor.

Shuningdek, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp va Prezident Jo Bayden sobiq prezidentning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan.