Meksikada rediskadan haykallar yasash bo‘yicha an’anaviy tanlov bo‘lib o‘tdi. Bu an’ana allaqachon 120 yildan oshgan. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Noche de Rabanos (Rediskalar kechasi) festivali har yili dekabr oyining oxirida Oaxakada bo‘lib o‘tadi. Shu kuni yuzlab odamlar ushbu sabzavotdan yasalgan eng yaxshi haykal uchun tanlovda o‘zaro raqobatlashadi. Bu yilgi bosh sovrin 1,5 ming dollarni tashkil etadi.
Bayram 1897 yilda, dehqonlarning Rojdestvo arafasida o‘z do‘konlarini bezash an’anasi raqobatga aylanganda boshlangan. O‘shandan beri festival rasmiylar tomonidan homiylik qilib kelinmoqda va tanlov ishtirokchilariga bu yil 12 tonna rediska berilgan.
Ko‘rgazma mavzusi yildan-yilga o‘zgarib turadi. Jumladan, 1969 yilda, inson birinchi marta Oyga qo‘nganida, kosmos mavzusi ko‘rgazmaning asosi edi. Bu safar mualliflar, asosan, Dia de los Muertos (O‘liklar kuni) bayrami, shuningdek, mahalliy mifologiya qahramonlari haqida xayol qilib, haykal yasagan.
Shahardagi oilalar o‘nlab yillar davomida rediska o‘ymakorligi sirini avloddan-avlodga o‘tkazib, birinchi o‘rin uchun bir-biri bilan bellashib keladi. Bu safar Chikagodan qishki ta’tilga kelgan talaba 19 yoshli Vaskes Lopes g‘olib bo‘ldi.
Uning ota-onasi allaqachon bir necha bor musobaqalarda birinchi o‘rinni egallagan va Lopesning o‘zi yetti yoshidan beri ushbu tanlovda qatnashib keladi. Ammo bu yil birinchi marta unga asar mavzusini mustaqil tanlash topshirildi – bu Oaxakaning an’anaviy taomlari bo‘ldi.