Maykl Jeksonning oilasi HBO telekanalidan 100 million dollar kompensatsiya oladi

Amerikalik marhum qo’shiqchi Maykl Jeksonning qarindoshlari HBO telekanaliga qarshi sudni yutib chiqishdi. Ular qo’shiqchi bolalar nomusiga tegishda ayblangan “Neverlendni tark etib” (Leaving Neverland) hujjatli filmi doirasida sudga shikoyat qilishgan.

Qo’shiqchi oila a’zolarining ta’kidlashicha, HBO 1992 yilda tuzilgan shartnomaga ko’ra, Jeksonning konsert turi haqidagi “The Dangerous Tour” filmini namoyish qilish huquqini bir shart bilan qo’lga kiritgan: telekanal 27 yil davomida marhum qo’shiqchini obro’sizlantiruvchi birorta materialni namoyish qilmasligi kerak bo’lgan.

Biroq 2019 yilda telekanal Den Ridning “Leaving Neverland” filmini namoyish qilgan. Unda ikki erkak – Ueyd Robson va Jeyms Seyfchak bolaligida Jekson tomonidan jinsiy zo’ravonlikka uchragani haqida so’zlab beradi.

HBO vakillarining ta’kidlashicha, shartnomaning yuqorida keltirilgan sharti hozirgi vaziyatga hech qanday aloqasi yo’q.

Biroq sud 1992 yildagi kelishuvga ikki tomonning roziligi bilan erishilgani va 28 yil o’tganiga qaramay, hozirda ham kuchga egaligi haqida qaror chiqargan. Shu sababli HBO shartnomani buzgani uchun Jekson oilasiga 100 mln dollar to’lab berishi kerak bo’ladi.

Telekanal hozircha sud qaroriga izoh bermagan.

“Pop musiqa qiroli” 2009 yil 50 yoshida vafot etgan. Qo’shiqchining o’limiga shaxsiy shifokori Konrad Myurrey tomonidan unga kiritilgan anestetik in’yeksiyasi sabab bo’lgan.