Kumpir – kartoshkaning turli xil lazzatli masalliqlar bilan uchrashib, mazali taom holatiga kelgan tez ovqatlanish (fast food) taomidir. Ya’ni, maxsus duxovkada pishirilgandan so’ng, dudlangan holda kartoshkaning ichki qismi yoriladi, uning ustiga to’kilgan sariyog’ va cheddar pishlog’i kartoshkaning “unga bo’lgan mehridan” erib, uning har bir hujayrasiga yoyiladi va “otashin sevgi shari” (ya’ni kartoshka) sovib ketmasin deb salyami, kolbasa, makkajo’xori, zaytun, amerikancha salat, tuzlangan bodring, ketchup, mayonez kabi ko’plab boshqa ingredientlar bilan yopiladi. Har bir yutgan luqmangizda bu sevgi qanchalik kuchli ekanini his qilasiz. Bu kumpir deyiladi. Buni hayratlanarli darajada san’at asari deb nomlasa bo’ladi.
“Kumpir” bulg’orcha so’z bo’lib, kartoshka degan ma’noni bildiradi. Yugoslaviyada alyuminiyli folgaga solingan va salat bilan to’ldirilgan kartoshka «Krumpir» deb ataladi. Inglizlar ham kartoshkaga turli xil qaylalar solib yeyishni xush ko’rishadi. Kumpirning kelib chiqish tarixi uchun avvalo kartoshka tarixiga qisqacha to’xtalib o’tamiz.
Afsuski, kartoshka Turkiyaga kech kirib kelgan (XIX asrda). Shunday bo’lsa-da, uning qadr-qimmatini eng ko’p biladigan turklar bo’lsa kerak. Chunki Amerikada ilk bor kashf etilgan kartoshka Xristofor Kolumb tufayli Italiya, Germaniya, Rossiya va Fransiyaga yetib bordi. Biroq, bu mamlakatlarda negadir kartoshka kabi ushbu go’zal ne’matning qadriga yetolmay, chorva yemi sifatida ishlatishdi. Vaqt o’tishi bilan odamlar qashshoqlik tufayli kartoshka iste’mol qila boshladilar. Turkiyaga kirib kelgan kartoshkani turk xalqi juda sevib, quchoq bilan kutib oldi. U qaynatilgan, qovurilgan, o’choqda qizartirilgan, pyure qilingan va kulda qovurilgan. Boshqacha aytganda, kartoshka kartoshkaga aylanganidan beri dunyoda unga bu qadar e’tibor berilmagan.
Kartoshka “Kumpir”ga aylanib, Turkiyaga bulg’or muhojirlari tomonidan keltirilgani haqida ma’lumotlar bor. Yuqorida aytib o’tganimizdek, Yugoslaviya mavjud bo’lgan XX asrda pishirilgan kartoshkaga salat solingan va bu taom «krumpir» deb nomlangan. U yerda yashovchi bulg’orlar uni Turkiyaga olib kelishgan.
Darhaqiqat, dunyoning ko’pgina go’shalarida kumpirga o’xshash ko’plab lazzatli taomlar mavjud. Masalan, Kumpir Rossiyada “Kroshka kartoshka” nomi bilan, Amerika va Angliyada esa «Baked Potato» (pishirilgan kartoshka) nomi bilan ham tanilgan. Biroq, u faqatgina Turkiyada juda boy masalliqlar bilan pishiriladi.