image0

2025 yil iyun oyi holatida boyligi milliard dollardan oshgan insonlar soni 3 mingga yaqinlashdi. Bugun milliarderlar hisobotini yurituvchi xalqaro biznes jurnal “Forbes” ro‘yxatidagi eng yuqori TOP uchlikning qanday boylik orttirgani, biznes va sarmoyalari haqida to‘xtalishga qaror qildik.

Mask qanday qilib dunyoning eng boy odami bo‘ldi?

Bugunga kelib, 54 yoshli Ilon Mask dunyodagi eng boy inson hisoblanadi, “Forbes” jurnaliga ko‘ra, hozirda uning boyligi 342 milliard dollarni tashkil qiladi. “Bloomberg” nashri 2024 yil dekabrda Maskning kapitallari 439 milliard dollarga yetib, u insoniyat tarixidagi eng boy odamga aylanganini yozdi. Sababi, o‘sha oyda Tesla aksiyalari tarixiy maksimum qiymat darajasiga yetdi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?1

Mask har doim intiluvchan bo‘lgan, masalan, 12 yoshida videoo‘yin dasturini ishlab chiqib, uni 500 dollarga sotadi. 1995 yilda esa akasi bilan Zip2 nomli onlayn shahar platformasini ishga tushiradi. Startap shu qadar muvaffaqiyatli bo‘ladiki, to‘rt yil o‘tib, loyiha 300 million dollardan ko‘proqqa sotiladi. Mask bu mablag‘ni unga yanada ko‘proq daromad keltirgan boshqa loyihalarga tikkan.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?2

Masalan, pulning bir qismini X.com nomli onlayn to‘lov platformasini ishga tushirishga sarflaydi. Loyiha boshqa bir startap bilan birlashib PayPal’ni tashkil etadi. 2002 yilda eBay kompaniyasi PayPal’ni 1,5 milliard dollarga sotib oldi va bu ham Mask uchun katta daromad bo‘ldi!

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?3

U keyinchalik kosmik tadqiqot kompaniyasi SpaceX’ni ishga tushirdi, elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla’dan ulush sotib oldi. Kompaniya o‘z faoliyatini avtomobil bozoridan tashqariga kengaytirish maqsadida quyosh energiyasi kompaniyasi SolarSity’ni sotib oladi. Maskda yerosti transport tizimlari uchun emissiyasiz tunnellar quruvchi The Boring Company ham bor.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?4

Mask 2014 yilda keyinchalik Google sotib olgan sun’iy intellekt startapi DeepMind; 2015 yilda esa miya faoliyatini kuzatuvchi qurilmalar ishlab chiqaruvchi startap NeuroVigil’ga sarmoya kiritdi. 2016 yilda Mask miya va kompyuter o‘rtasidagi interfeyslarni ishlab chiqishga qaratilgan Neuralink startapiga asos soldi, undan kelgan daromad esa Tesla’dagi ulushini oshirdi.

Mask Tesla asoschisi emas

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?5

Ta’kidlash joizki, ko‘pchilik Ilon Maskni Tesla asoschisi, deb hisoblaydi. Ammo kompaniya muhandislar Martin Eberhard va Mark Tarpenning tomonidan 2003 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, Mask 2004 yilda sarmoya kiritish orqali Boshqaruv kengashi raisi, 2008 yilda esa Bosh ijrochi direktorga aylanadi. U kompaniyada o‘z ulushini tobora oshirib, o‘rnini mustahkamlab bordi va hattoki, 2007 yilda startap g‘oyasi muallifi Martin Eberhardni kompaniyadan ketkazib yubordi. Sabab qilib esa “Eberhardning kompaniya rivojini sekinlashtirayotgani”ni ko‘rsatdi. Ha, “pul kim tomonda bo‘lsa, adolat ham o‘sha tomonda” deganlari shu holatda aks etadi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?6

Shunday qilib, 2021 yil so‘nggida Mask boyligi 300 milliard dollardan oshgan ilk insonga aylandi. “Forbes”ga ko‘ra, uning boyligining katta qismi dunyodagi eng qimmat avtomobil kompaniyasi Tesla’dagi ulushiga bog‘liq. SpaceX esa ikkinchi yirik daromad tarmog‘idir.

Quyidagi omillar Mask boyligining keskin o‘sishiga ta’sir ko‘rsatdi:

Siyosiy faollik. Mask Donald Trampning saylovoldi kampaniyasini faol qo‘llab-quvvatladi. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, bu omil Tramp g‘alabasidan keyin Mask boyligining o‘sishiga katta hissa qo‘shgan.

Tesla aksiyalarining oshishi. Kompaniya aksiyalari keskin qimmatlashdi, bu esa eng yirik aksiyadori Mask boyligiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

SpaceX bahosining o‘sishi. Yaqinda aksiyalar oldi-sotdisi bo‘yicha amalga oshirilgan bitim kompaniya bahosini 350 milliard dollarga olib chiqdi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?7

Mask Tesla kompaniyasining eng yirik aksiyadori, shuningdek, SpaceX asoschisi va bosh direktori hisoblanadi. O‘tgan yili prezidentlik saylovida Donald Tramp g‘alaba qozongach, Tesla hamda Maskga tegishli boshqa kompaniyalar aksiyalari keskin oshdi. Bundan tashqari, Mask Neuralink va xAI kabi boshqa muvaffaqiyatli kompaniyalarga egalik qiladi. 2024 yilda xAI bahosi ikki barobarga oshib, 50 milliard dollarga yetdi. Diversifikatsiyalangan daromad manbalari Maskning moliyaviy muvaffaqiyatiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Tramp g‘alabasi va Tesla aksiyalarining ko‘tarilishi Mask boyligini mislsiz darajada oshirdi. Siyosiy qo‘llab-quvvatlash, strategik sarmoyalar va turli sohalardagi muvaffaqiyatli loyihalar Maskni insoniyat tarixidagi eng boy odamga aylantirdi. Yangi siyosiy va iqtisodiy muhit esa uning kompaniyalari uchun yana ham katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Ikkinchi eng boy inson Mark Sukerberg qanday boyidi?

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?8

Meta Platforms (avvalgi Facebook) asoschisi va bosh direktori 41 yoshli Mark Sukerberg dunyoning ikkinchi raqamli eng boy odami hisoblanadi – hozirda uning boyligi 216 milliard dollar. Garvard talabasidan dunyodagi eng boy insonlardan biriga aylanish – innovatsiya, strategik qarorlar va bozor dinamikasi haqidagi qiziqarli hikoya. Keling, uning boyligi yillar davomida qanday o‘zgarib borganini batafsil ko‘rib chiqamiz.

Facebook. Mark Sukerberg 2004 yil fevral oyida Garvard yotoqxonasida yashayotgan paytida “The Facebook”ni ishga tushirdi. Dastlab bu faqat universitet ichidagi platforma edi, ammo tez orada boshqa universitetlarga ham yoyildi. 2004 yil oxiriga kelib, bir millionga yaqin foydalanuvchi natijasida Sukerberg boyligi taxminan 350 ming dollarga yetdi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?9

Keyingi yili Sukerberg 200 ming dollarga domen sotib oldi va Piter Til kabi investorlardan 12,7 million dollarlik sarmoya jalb qilinishiga erishdi. 2005 yil oxiriga kelib, Facebook foydalanuvchilari soni 5,5 millionga, Sukerberg boyligi esa taxminan 800 ming dollarga yetdi. 2006 yilda Facebook’da “News feed” funksiyasi ishga tushirildi. Bu esa foydalanuvchilar faolligini sezilarli darajada oshirdi. O‘sha yilning oxirida Sukerberg million dollarlik chegarani ortda qoldirib, boyligi 18,4 million dollarga yetdi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?10

Haqiqiy burilish nuqtasi 2007 yilda yuz berdi: millioner Sukerberg milliarderga aylandi. Chunki Facebook foydalanuvchilari soni ortgani sari platformaga tadbirkorlar qiziqishi ham ortib bordi. O‘sha yil oxirida Facebook’da 100 mingdan ortiq biznes sahifalari mavjud edi. Shunday qilib, Sukerberg o‘z kuchi bilan boylik orttirgan eng yosh milliarderlar ro‘yxatiga kiritildi.

Instagram va WhatsApp. 2008 yildan 2012 yilgacha Sukerberg boyligi barqaror o‘sishda davom etdi. Aqlli milliarder 2012 yilda 1 milliard dollarga, kelgusida unga katta daromad keltirgan Instagram platformasini sotib oldi. Shu va Facebook’ning ommaviy aksiyalar savdosi 2012 yil oxiriga kelib, Sukerberg boyligini 15 milliard dollarga yetkazdi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?11

Sukerberg bir nechta strategik xaridlarni amalga oshirgan, jumladan 2014 yilda 19 milliard dollarga WhatsApp’ni sotib oladi. Bu harakatlar Facebook’ning ijtimoiy tarmoqlar bozoridagi ustunligini mustahkamladi. 2015 yilga kelib, uning boyligi 44,6 milliard dollarga yetdi. Sukerberg shuningdek, Breakthrough Starshot kabi boshqa loyihalarga ham sarmoyalar kiritgan.

So‘nggi yillarda Sukerberg boyligi sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. 2022 yilda Meta aksiyalari narxining tushishi va TikTok kabi raqobatchilar kuchayishi oqibatida uning boyligi 71 milliard dollarga kamaydi. Biroq, Meta kompaniyasining strategik harakatlari evaziga 2023-2024 yil boshlariga kelib, Sukerberg boyligi yana tiklandi. Mark Sukerbergning moliyaviy yo‘li texnologik sanoatning o‘zgaruvchan tabiatini aks ettiradi.

Sobiq dunyoning eng boy odami Jeff Bezos qanday boyidi?

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?12

Boyligi bilan dunyodagi uchinchi o‘rinda turuvchi Amazon.com onlayn savdo platformasi asoschisi Jeff Bezos amerikalik tadbirkor, saxiy xayriyachi va fazoga qiziquvchi inson. Hozirda uning sof boyligi 215 milliard dollarni tashkil etadi. Bezos 2017 yil oktyabrdan 2021 yil yanvargacha dunyodagi eng boy inson bo‘lib, “Forbes” ro‘yxatida birinchi o‘rinda turgan. U 2024 yil mart oyida ham Maskni ortda qoldirib, eng boy insonga aylandi. Biroq Trampning g‘alabasi Mask boyligini oshirib yubordi va hozirda Maskni ortda qoldirish uchun yana biror “olamshumul mo‘’jiza” kerak.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?13

2019 yil aprelda Bezos xotini Makkenzi bilan ajrashdi va unga 19,7 million dollarlik aksiyani berdi. O‘sha vaqtda mazkur aksiyalar 36 milliard dollarga teng edi. Natijada Jeffning boyligi 150 milliard dollardan 114 milliard dollarga tushib ketgan, Makkenzi esa eng boy ayolga aylangan.

Jeff Bezos 1964 yil 12 yanvarda Nyu-Meksika shtatining Albukerke shahrida tug‘ilgan. U tug‘ilganida onasi atigi 17 yoshda edi, otasi esa velosiped do‘koniga egalik qilardi. Tez orada ular ajrashadi va 4 yoshli Jeffning onasi kubalik muhojir Migel Bezosga turmushga chiqadi. Migel Bezos uni farzandlikka oladi va bolaning familiyasi Jorgensondan Bezosga o‘zgaradi.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?14

Keyinchalik Migelning muhandislik faoliyati sababli oila Texas shtatining Xyuston shahriga ko‘chib o‘tadi. U yerda yashagan paytida Jeff ota-onasining garajidan ilmiy loyihalar uchun laboratoriya sifatida foydalangan. U yozgi ta’til paytlarida buvisi va bobosining fermasida ishlagan va bu Jeffga mehnatsevarlikni o‘rgatgan. Yillar o‘tib, u ushbu fermani sotib olib, 10 ming gektardan 120 ming gektargacha kengaytirgan.

Jeff dastlab fizikani o‘rganishni istagan, lekin keyinchalik kompyuter texnologiyalariga qiziqib qolgan va Prinston universitetiga o‘qishga kirgan. Oliy ma’lumotni olgach, Jeff bir necha moliyaviy texnologiya kompaniyalarida ishlagan va 30 yoshida vitse-prezidenti lavozimiga ko‘tarilgan.
Internet haqida qiziqish uyg‘onishi bilan Bezos internet orqali mahsulot sotishni rejalashtirgan va ilk mahsulot sifatida kitoblarni tanlagan. Nyu-Yorkdan Sietlga avtomobil safari paytida u Amazon biznes-rejasini tuzgan va kompaniyani 1994 yilda rasman ishga tushirgan. Dastlab u garajda faoliyat olib borgan.

Dunyoning eng boy uch odami: ular qanday boyigan?15

Shunday qilib, uning ishlari yurishib ketadi va 2000 yilda fazoviy sayohatga qiziqishi tufayli Blue Origin kompaniyasini tashkil etadi. Dastlabki yillarda Blue Origin faoliyati sirli tarzda yuritilgan. 2006 yilga kelib, Texasda sinov maydonchasi sotib olingach, odamlar kompaniya haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldi. Kim OAVni boshqarsa, jamiyatni ham boshqaradi, deganlaridek, ko‘plab milliarderlar singari Jeff Bezos ham 2013 yilda “The Washington Post” gazetasini sotib olgan.

Uzoq yillardan buyon neft yoki oltin kabi tabiiy boyliklar qazib oluvchi yoki yetkazib beruvchilar eng boy odamlardir, degan qarashlar mavjud edi. Ammo XXI asrga kelib, tendensiyalar o‘zgardi va endi internet hamda sun’iy intellekt kabilar eng katta boylik vositasiga aylandi. Nafaqat biz yuqorida sanagan dunyoning eng boy uch odami, balki “Forbes” ro‘yxatining asosiy qismi ham o‘z boyliklarini zamonaviy sarmoyalar natijasida qo‘lga kiritgan. Shuningdek, ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili ro‘yxatga ilk bor sun’iy intellekt asoschilari kiritildi. Ular yaqin kelajakda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishiga shubha yo‘q.