Dunyo bo‘ylab 8 milliondan ortiq hayvon turi mavjud bo‘lgan bir paytda, hali kashf etilmagan g‘aroyib xususiyatlar va qiziqarli faktlar yetarlicha topiladi. Eng mayda hasharotlardan tortib eng yirik sutemizuvchilargacha bo‘lgan har bir tur o‘ziga xos sirlar va noodatiy jihatlarga ega va bugungi maqolada ular haqidagi ko‘plab qiziqarli faktlar bilan tanishamiz.
Oq ayiqning terisi qora, juni esa rangsiz
Ishonish qiyin, ammo qor kabi oq ko‘rinishiga qaramay, oq ayiqlarning terisi aslida qora bo‘ladi. Ularning jundek ko‘ringan tuklari aslida oq emas, balki shaffof bo‘lib, hech qanday rang pigmentiga ega emas.
Ayiqlarning oq ko‘rinishiga sabab tuklarining yorug‘likni qaytarish xususiyatidir. Odam sochi pigmentlar tufayli rang oladi, oq ayiqning tuklari esa faqat yorug‘likning o‘zaro ta’siri natijasida oqdek ko‘rinadi.
Ba’zi kit va fillar ham menopauzaga uchraydi
Yer yuzidagi taxminan 5 mingga yaqin sutemizuvchilar orasida faqatgina bir nechtasi menopauzani boshdan kechiradi. Ular orasida inson, ba’zi kit turlari va ayrim fillar bor. Menopauza bu – hayotning muayyan bosqichida nasl qoldirish qobiliyatining asta-sekin yo‘qolib borish jarayoni.
Jirafalar kuniga atigi yarim soat uxlaydi
Dunyodagi eng bo‘ydor jonzot jirafalar ayni paytda eng kam uxlaydigan hayvonlar qatoriga kiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ular kuniga bor-yo‘g‘i 30 daqiqa uxlaydi.
Sher va leopard kabi yirtqich hayvonlar bilan to‘la xavfli hududlarda yashaydigan jirafalar uchun to‘liq uyqu deyarli imkonsiz. Shunga qaramay, uyqu fiziologik zaruriyat va jirafalar shunday hayotga moslashgan.
Bir insonga bir million chumoli to‘g‘ri keladi
Dunyo bo‘ylab 12 mingdan ortiq chumoli turi mavjud bo‘lib, ular Antarktidadan tashqari deyarli barcha joylarni egallagan. Ajablanarlisi shundaki, har bir odamga o‘rtacha bir millionta chumoli to‘g‘ri keladi!
Bundan ham hayratlanarlisi, umumiy vazn jihatidan qaralganda, butun chumolilar populyatsiyasining umumiy og‘irligi butun insoniyat vazniga teng.
Shilliqqurtlar bir necha yil uxlashi mumkin
Sekin harakatlanuvchi shilimshiq shilliqqurtlar aslida hayratlanarli darajada uzoq vaqt davomida uxlay oladi. Ishonmasligingiz mumkin, ammo bir paytlar o‘lik deb hisoblangan Misr cho‘l shilliqqurti Britaniya muzeyiga olib kelingan. Besh yil o‘tib esa bu jonzot uyg‘onib, harakatga tushgan. Ular sovuq va og‘ir iqlim sharoitlarida energiya va namlikni saqlash maqsadida uzoq muddatli uyquga ketishi aniqlangan.
Ba’zi hayvon turlarida miya yo‘q
Ajablanarlisi shuki, ayrim hayvonlar miyasiz ham yashay oladi! Ular markazlashmagan asab tizimiga ega bo‘lib, atrof-muhitdagi ta’sirlarga miya ishtirokisiz javob bera oladi. Bunday hayvonlarga meduza kabilar kiradi.
Armadillodan o‘q o‘tmaydi
Armadilloning qattiq tanasi “osteoderm” deb ataluvchi suyak plitalaridan iborat. Bu plitalar keratin bilan qoplangan bo‘lib, uncha-muncha o‘qni qaytarishga qodir. Bu ularni tabiiy xavflardan himoya qiladi. Shuningdek, timsoh va karkidon kabi hayvonlar ham juda qalin teriga ega bo‘lib, o‘qlarga nisbatan chidamli hisoblanadi.
Sigirlar musiqa eshitganda ko‘proq sut beradi
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, yumshoq va sekin ohangli musiqa sigirlarda stressni kamaytiradi, bu esa sut ishlab chiqarishni bir necha foizga oshiradi. Aksincha, baland va tez musiqa sigirlarni bezovta qiladi va ularning sut berishini kamaytiradi. Buni o‘z sigiringizda sinab ko‘rishingiz mumkin.
Juftlashishni xohlamagan urg‘ochi o‘rgimchaklar o‘zini o‘lganga soladi
Moorland hawker turiga kiruvchi o‘rgimchak urg‘ochisi juftlashishni istamasa, o‘zini o‘likdek ko‘rsatib, yerga qulaydi va harakatsiz yotadi. Bu orqali erkak o‘rgimchaklarning bezovta qilishidan qutuladi.
Kapalaklar oyog‘i bilan ta’m biladi
Kapalak oyoqlarida xemoretseptorlar mavjud bo‘lib, ular o‘simlikni oyoq bilan “tatib ko‘radi”. Bu ularga tuxum qo‘yish uchun eng mos bargni aniqlashga yordam beradi.
Delfinlar bir-birini ism bilan chaqiradi
Delfinlar ijtimoiy hayvonlar bo‘lib, ular bir-birini chaqirish uchun o‘ziga xos “hushtak”lardan foydalanadi. Bu ism vazifasini bajaradi. Jonivorlar bu orqali o‘z do‘stlarini chaqiradi yoki tanib oladi.
Delfinlar pufferfish balig‘i yordamida kayf qiladi
Ba’zi delfinlar zaharli pufferfish balig‘iga ehtiyotkorlik bilan tegib, ularning oz miqdorda zahar ajratishiga erishadi. Bu zahar delfinlarga narkotik va gallyutsinogen (xayoliy tasvir beruvchi) ta’sir ko‘rsatadi.
Pufferfish balig‘i o‘zini himoya qilish uchun zahar chiqaradi. Ko‘p miqdorda iste’mol qilinganida bu zahar o‘limga olib kelishi mumkin, lekin delfinlar shunchaki kayf olish uchun kerakli miqdorda foydalanadi.
Chivinlar – dunyodagi eng halokatli jonzot
Ko‘pchilik eng xavfli hayvon deganda, akula yoki ayiqni tasavvur qilishi mumkin, lekin aslida insoniyat uchun eng xavfli mavjudot bu chivinlardir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili 725 mingdan ortiq odam chivinlar orqali yuqadigan bezgak, deng va boshqa kasalliklardan vafot etadi.
Yer yuzidagi eng tez yuguruvchi tirik mavjudot – gepard
Gepardlar soatiga 112 km tezlikda yugura oladi. Ular atigi bir necha soniyada 0 dan 96 km/soat tezlikka chiqishi mumkin. Bunday epchillik gepardlarga ovda beqiyos ustunlik beradi.
Fil bolalari xartumlarini so‘rib tinchlanadi
Inson bolasi barmog‘ini so‘rgani kabi, fil bolalari ham tinchlanish yoki ovqat so‘rash belgisi sifatida xartumlarini so‘radi. Bu harakat odatda kichik fillarda ko‘proq kuzatiladi, ammo ba’zida xavotirga tushgan kattalarida ham uchraydi.
Erkak dengiz otlari homiladorlik davrini boshdan kechiradi va tug‘adi
Dengiz otlari orasida noyob hodisa mavjud – aynan erkaklari homilador bo‘ladi. Urg‘ochi dengiz oti tuxumlarini erkakning maxsus xaltachasiga joylaydi. Bu yerda tuxumlar kislorod, himoya va ozuqa bilan ta’minlanadi. 14–28 kun ichida erkak dengiz oti ikki mingtagacha bola tug‘adi. Bunday holat butun hayvonot olamida faqat dengiz otlarida uchraydi. Bu tabiatning qanday ajoyib va g‘ayrioddiy ekanligiga yaqqol misoldir.
Tuya qush tepkisi sherni ham o‘ldiradi
Tuya qush oyoqlari nihoyatda kuchli: hatto sher kabi katta yirtqichlarni ham o‘ldirishi mumkin. Uzun va baquvvat oyoqlar hamda o‘tkir tirnoqlar zarba kuchini oshiradi. Ular bu zarbalardan faqat o‘zini himoya qilish uchun foydalanadi. Shuning uchun ham ko‘plab hayvonlar ulardan qo‘rqib qochadi.
Qurbaqalar muzlab qolsa ham o‘lmaydi
Ba’zi qurbaqalar o‘z tanasini muzlatib, hayotiy faoliyatini to‘liq to‘xtatib qo‘ya oladi. Tanasi glyukoza ishlab chiqaradi, bu muzdan saqlovchi tabiiy modda sifatida hujayralarni himoya qiladi. Havo isib ketgach, ular eriydi va yana normal faoliyatga qaytadi. Bu qurbaqalarga qattiq sovuqda tirik qolish imkonini beradi.
Jinsini o‘zgartiruvchi kaltakesaklar
Ba’zi erkak soqolli kaltakesaklar (bearded dragon) inkubatsiya davrida yuqori haroratli muhit (36°C dan yuqori)da jinsi urg‘ochiga o‘zgaradi. Ya’ni, ular genetik erkak hisoblansa-da, biologik urg‘ochiga aylanadi. Qiziq tomoni, bunday jinsi o‘zgargan urg‘ochilar tabiiy urg‘ochilarga qaraganda ikki barobar ko‘proq tuxum qo‘yadi.
Fillar motam tutadi
Fillar hamdardlik va qayg‘uni ifodalovchi kam sonli hayvonlardan. O‘lib qolgan do‘stini ko‘rsa, ular o‘sha joyga qaytib boradi, sukunatda turadi, ohista teginadi va tovush chiqaradi. Bu o‘ziga xos dafn marosimi fillar ruhiy olamining qanchalik chuqurligini ko‘rsatadi. Hayvonlar olamida bunday holatlar juda kam uchraydi.
Erkak pingvin urg‘ochisiga tosh bilan xushomad qiladi
Erkak pingvin ko‘z ostiga olib qo‘ygan urg‘ochisiga turmush qurish taklifini ko‘pincha tosh bilan bildiradi. Bu romantikadan ko‘ra ko‘proq amaliy taklifdir.
Pingvinlar toshlardan uy qurishda foydalanadi va erkak qanchalik yaxshi va sifatli toshni tanlasa, bu uning shunchalik “yaxshi er” ekanini anglatadi. Urg‘ochi pingvin toshni qabul qilsa, ular juft bo‘lib, uy qurishni boshlaydi.
It burnining izi odam barmoq izi kabi betakrordir
It burnidagi iz odam barmoq izi kabi noyobdir. Har bir it burni o‘ziga xos naqshda bo‘lib, bu nafaqat ularni tanib olishda, balki ularni izlashda ham ishlatiladi. Bu naqshlar vaqt o‘tsa ham o‘zgarmaydi, shuning uchun itlarni aniqlashda ishonchli usul bo‘lib qoladi.
Panda yaxshi parvarish olish uchun o‘zini homilador qilib ko‘rsatadi
Hayvonot bog‘idagi ba’zi pandalar o‘zlarini homilador qilib ko‘rsatib, maxsus g‘amxo‘rlik oladi. Ular homiladorlik harakati va belgilarini takrorlab, ko‘proq ovqat, havo sovitkich va 24/7 parvarishga erishadi. Ammo ma’lum vaqtdan keyin tekshirilganida hammasi oshkor bo‘ladi.