Bu dunyoda 90 foiz ma’lumotni inson ko’zlari orqali qabul qiladi. Ko’z mushaklari boshqa sezgi a’zolariga qaraganda bir necha barobar tezroq ishlaydi. Ko’z oqi va gavhari 70 daraja haroratga ham dosh beradi. Kompyuterda ishlab turib, ko’rish qobiliyatini qanday saqlab qolish mumkin, linza taqqan yaxshimi yoki ko’zoynak, lazer operatsiyasi hammaga ham to’g’ri kelaveradimi — shu kabi savollarga oftalmolog Anjelika Galkina batafsil javob beradi.
— Anjelika Vladislavovna, siz qay birini tavsiya etgan bo’lardingiz: kontakt linzami yoki ko’zoynak?
— Har kim o’ziga qulayini tanlagani ma’qul. Kontakt linzalar qat’iy gigienaga amal qilishni talab qiladi, aks holda ko’zga infeksiya tushishi mumkin. Ko’z muguz qavatining oltinrang stafilokokk, vodoprovod suvlarida uchraydigan akantomeba va shu kabi infeksiya hamda zamburug’lar bilan kasallanishi natijasida og’ir turdagi shamollash, yara kelib chiqishi mumkin. Buning asoratlari shu qadar xavfliki, ko’rish qobiliyatining yo’qolishiga ham olib kelishi hech gap emas. Agar inson kontakt linza taqish qoidalariga rioya etmasa, yaxshisi, ko’zoynakdan foydalangani ma’qul.
— Uzoqni yaxshi ko’ra olmaydigan insonda necha juft ko’zoynak bo’lishi lozim?
— Bu borada chegara ham, taqiq ham yo’q. Uy uchun, teatr va kino uchun, kitob o’qish uchun va hokazo bir nechta ko’zoynak bo’lishi mumkin. Faqat o’lchami bir xil bo’lishi kerak.
— Ko’z uchun mashqlar ko’rish qobiliyatini qaytarib beradimi? Buning uchun qanday mashqlarni bajarish lozim?
— Ko’z uchun mashqlar ko’z optik tizimini o’zgartirmaydi — miopiya, gipermetropiya, astigmatizm, ayniqsa, ko’rish qobiliyatini qaytarishi amri mahol. Gimnastika shunchaki ko’zning tashqi sharoitga moslashishiga yordam beradi, ko’z uchun yuklama oshib ketganda, masalan, kompyuterda ishlash chog’ida yordam berishi mumkin. Ko’z uzoq-uzoqlarga boqsa, dam oladi, akkomodatsion muskullar tinchlanadi, yaqinga tikilsa esa og’irlashadi. Shu bois ham oftalmologlar «Oynadagi belgi» mashqini tavsiya qilishadi. Buning uchun deraza oynasiga diametri 1 sm bo’lgan rasm yopishtiriladi. Nishon va ko’z oralig’i 30-40 santimetrni tashkil etishi lozim, mashq ko’zoynak va linzalarda amalga oshiriladi. Rasmga qarab, o’ngacha sanang. So’ng ko’zingizni deraza oynasi orqali ufqqa tiking va o’ttizgacha sanang. Shu holatni 3-6 marta takrorlang.
— Sabzi va chernika ko’z uchun qanchalik foydali?
— Chernika tarkibida S vitamini, mikroelementlar, ko’z to’rpardasidagi qon aylanishi va tomirlar devorini mustahkamlaydigan kuchli antioksidant, ya’ni antotsianinlar mavjud. Samarasi bo’lishi uchun bu meva va sabzavotlardan juda ko’p miqdorda iste’mol qilish lozim. Shuning uchun ham chernikadan tarkibida antotsianin va mikroelementlar bo’lgan maxsus preparatlar ishlab chiqariladi.
Sabzida esa beta-karotin antioksidanti bor, u turli xildagi katarakta rivojlanishining oldini oladi, sariq dog’ paydo bo’lmaydi. Iste’mol qilingan sabzi va ko’rish o’tkirligi orasida hech qanday bog’liqlik yo’q. A vitamini (retinol) yetishmasligi zimistonda yoki yorug’ qorong’iga o’zgarganida ko’rish qobiliyatining keskin tushib ketishiga olib keladi. Ko’z shohpardalarining yorug’likka chidamliligi pasayadi. Ayniqsa, tunda. Biroq bu sabzini istagancha tanovul qilish kerak, degani emas. Hamma narsada me’yor bo’lishi shart. A vitamini yog’da eruvchan, shu bois sabzini smetana bilan iste’mol qilish lozim.
— Quyosh ko’zga qanday ta’sir ko’rsatadi? Quyoshdan himoya qiluvchi ko’zoynaklar taqish shartmi?
— Albatta, shart. Bolalar ham, kattalar ham, keksalar ham. Ayniqsa, hozir: quyoshda ultrabinafsha nurlari maksimal darajada yuqori bo’lganda. Biroq bozorda sotilayotgan shunchaki oynasi qoraytirilgan ko’zoynaklar to’g’ri kelmaydi. Ular ko’z uchun zararli. Ko’z qorachig’i kengayib, undan ko’p miqdorda zararli nurlar ko’zga tushadi. Undan ko’ra bu aksessuarsiz yurgan ma’qul. Bunday hollarda ko’zlar o’z-o’zini himoya qiladi: yorqin quyosh nurida qorachiqlar qisqarib, ko’zga kamroq nur tushadi. Yaxshisi, ultrabinafsha nurlari filtriga ega ko’zoynak sotib olish kerak. Unday ko’zoynaklar optikalarda sotiladi, ular maxsus pasport va sertifikatlarga ega. Charaqlab turgan quyon nuriga tikilish xavfli, ko’z to’rpardalari kuyib qolish xavfi mavjud.
— Aynan nima ko’rish qobiliyatini yomonlashtiradi? Kompyuter va gadjetlar shu qadar xavflimi? Yoki bundan boshqa omillar ham mavjudmi?
— Kompyuterda ishlaydigan hammada ham uzoqni ko’ra olmaslik rivojlanavermaydi, ammo bolalarni gadjetlardan uzoqroq ushlash, ularga butunlay taqiqlab qo’yish lozim. Ularda hali ko’rish analizatori yaxshi shakllanmagan, tashqi ta’sirga moslashuvchanligi ham past, uzoq muddatli o’yinlar, kompyuterda film tomosha qilish uzoqni ko’rishning yomonlashuviga olib kelishi mumkin. Ko’z uzoqni ko’rish qobiliyati yomonlashgani hisobiga yaqinni qiyinchiliksiz ko’ra boshlaydi (ko’z soqqasi yoyiladi). Ko’rish qobiliyatida muammolari bo’lgan ota-onalarning bolalari ham xavf yuqori bo’lgan guruhga kiradi. Planshetga tikilgandan ko’ra, ko’chada to’p, tennis, voleybol o’yinlarini o’ynasin.
— Kun bo’yi kompyuterda ishlab o’tirgan odam ko’zdagi og’riqlar, qizarish va ko’z yoshlanishidan shikoyat qiladi. Bu nimaning hisobiga yuz beradi?
— Agar ko’p yurib yuborsak, oyoqlarimiz og’riydi va biz o’tirib, unga dam beramiz. Biroq kompyuter qarshisida odamlar kun bo’yi dam olmay o’tirishadi, bundan ko’zlar qattiq charchaydi va shu kabi simptomlar yuzaga keladi. Vaqti-vaqti bilan tanaffus qilib turish, ko’zlarga dam berish kerak. Ya’ni har 30 daqiqada 10 daqiqa tanaffus qilib, uzoq-uzoqlarga tikiling.
Ko’z yoshlanib, shu tariqa o’zini qurib qolishdan himoya qiladi. Bu reflektor mexanizm. Kompyuterga tikilib turganingizda siz ko’zlaringizni kamroq ochib-yumasiz. Oqibatda ko’zning ustki qismi quruqlashib, qichishish, nimadir kirib qolganga o’xshash holat yuzaga keladi. Ko’z yoshlana boshlaydi va qizaradi. Turli isitish tizimlari, quruq havo bu holatni kuchaytiradi. Namlantiruvchi vositalardan foydalaning, ko’zlarni ko’proq pirpiratishga harakat qiling, ko’zga namlantiruvchi tomchilardan tomizib turing. Ularga organizm o’rganib qolmaydi, bunday tomchilardan doim foydalanish mumkin. Ko’zga foydasi tegadigan vitaminlarni vaqti-vaqti bilan qabul qiling.
— Hozirda miopiyani ikki daqiqali lazer yordamida davolash mumkin. Biroq har qanday operatsiya — bu tavakkal. Qanday hollarda ko’rish qobiliyatini korreksiya qilish kerag-u, qaysi hollarda yo’q?
— Har bir sog’lom inson tanlash qobiliyatiga ega: ko’zoynak, linza yoki eksimerlazerli korreksiya. Tavakkal doim mavjud, hatto yo’ldan o’tayotganda ham. Biroq zamonaviy klinikalarda faqat zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan professionallar ishlashadi.
18 yoshga to’lmaganlar, homilador va emizikli ayollar bu amaliyotdan foydalanmagani ma’qul. Shuningdek, umumiy sog’lig’ida ba’zi muammolar bor insonlar ham shifokor bilan maslahatlashishi lozim.
— Ko’rish qobiliyatini lazer yordamida korreksiya qilishda ko’rish qobiliyati pasayib ketgan holatlar ham bo’lganmi? Bunday hollarda qayta operatsiya qilishga ruxsat beriladimi?
— Lazer yordamidagi korreksiyaning aks ta’siri bo’lishi mumkin emas, muguz parda vaqt o’tishi bilan shaklini o’zgartirmaydi. Shu bois operatsiya butun umr davomida faqat bir marta o’tkaziladi.
— Agar korreksiya muvaffaqiyatli yakunlansa, 20-30 yildan keyin salbiy asorati kuzatilishi mumkinmi? Mazkur muolajadan keyin qanday hayot tarzini olib borish kerak. Cheklovlar bormi?
— 20-30 yildan keyin operatsiyaning salbiy asorati kelib chiqishi mumkin emas. Agar ko’rish qobiliyatini to’g’rilash «Femto Super LASIK» texnologiyasi yordamida amalga oshirilgan bo’lsa — u ko’zga eng kam salbiy ta’sir ko’rsatuvchi lazer metodi sanaladi. Bir oy davomida ko’z bilan bog’liq sport turlarini to’xtatib turadi, undan so’ng bemalol odatiy mashq jadvali bo’yicha shug’ullanish mumkin.
«Rel Fx SMILE» zamonaviy texnologiyasi esa undan ham qulayroq. Jarohatlar bitishi uchun bor-yo’g’i bir necha soat kerak bo’ladi. Sport mashg’ulotlariga esa ikki haftadan so’ng kirishish mumkin. Aynan qaysi metod sizga to’g’ri kelishini jarroh uzoq va to’liq tekshiruvdan so’ng o’zi tavsiya etadi.
— Ko’pchilik bemorlarni bir savol qiziqtiradi: nega shifokorlarning o’zlari ko’zoynakda yurishadi-yu, ko’zlarini lazer yordamida operatsiya qildirishmaydi?
— Ko’rish qobiliyatini lazer yordamida korreksiya qilish 40 yoshdan oshgan kishilarga tavsiya etilmaydi. Chunki ko’z gavhari yoshga mos ravishda o’zgarayotgan bo’ladi va tashqi ta’sirlarga reaksiyasi ham susayadi.
Ozoda HALIMOVA
tayyorladi.