101 ta atirgul – Dushanbe ko’chalarida mahalliy jurnalist Surayyo Shudjoat erkaklarga tarqatgan gul miqdori shuncha. U gullarni tarqatar ekan «bu atirgullarni rafiqangizga sovg’a qiling va unga bo’lgan muhabbatingizni tan olishni unutmang», deya eslatib o’tdi.
Surayyoning fikricha gullar oiladagi zo’ravonliklarga qarshi kurashdagi eng yaxshi quroldir. U «Ayollarga nisbatan zo’ravonliklarga qarshi 16 kun» xalqaro aksiyasi doirasida erkaklarga atirgul tarqatdi. Bu aksiya 25 noyabrdan 10 dekabrga qadar BMTning “Har bir uydagi tinchlikdan – dunyodagi tinchlik sari” shiori ostida o’tkazilmoqda.
Surayyo va uning eri – taniqli jurnalist Juma Mirzo erkaklarga muhabbat va romantika ramzi bo’lmish qizil atirgullarni tarqatdi. «Men bugun 101 nafar erkak qo’lida gul bilan uyiga borib o’zining jufti haloliga muloyim so’zlarni aytishini istayman. Erkaklar nafaqat 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kunida, balki ayollariga shunchaki gul sovg’a qilishlarini xohlardim», – deydi Surayyo.
«Onamning ismi Sadbarg (Roza) edi. Uyimiz hovlisida 12 tup atirgul borligini eslayman. Onam ularni sevardi. Onam kasal bo’lib qolganida uning boshida hamisha atirgullar bo’lardi. Uch yil muqaddam onam vafot etdi. Bu aksiyani men onamning xotirasiga bag’ishladim», – deydi jurnalist ayol.
Uning aytishicha, hamma erkaklar ham undan atirgul olishni istashmagan. «Rafiqasiga gul sovg’a qilish hozircha bizda urfga aylanmagan», – deydi afsuslanish bilan Surayyo.
Dushanbedagi oliy ta’lim dargohlaridan birida tahsil olayotgan afg’onistonlik talaba Zoir Bobonazarning aytishicha, bu kabi aksiyalarni Afg’onistonda ham o’tkazish kerak. «Birgina gul ham oilaga tinchlik va muhabbat olib kirishi mumkin», – deydi u.