Ma’lumki, fransiyalik Janna Luiza Kalman 1997 yili 122 yarim yoshida vafot etgan. O’zining aytishicha, bu onaxon g’irt kashanda bo’lgan. Chekishni 117 ga kirgandan keyingina tashlagan. Tashlamasdi, ammo ko’zlari yaxshi ko’rmasligi oqibatida yondirgichni yoqishda jiddiy muammolarga duch kela boshladi.
Bundan tashqari, vino ichish joni dili bo’lgan. Kuniga bittadan plitka shokolad yegan. Xullas, Kalman onaning hayotida sog’lom turmush tarzining o’zi yo’q edi.
Nahotki, zararli odatlarni haddan oshirib ham odamzod shuncha umr ko’ra olsa? Kampir yoshi masalasida yolg’on gapirgan bo’lmasin yana?..
Rossiyalik mutaxassislardan biri Valeriy Novosyolov hamkasblari bilan birga Kalman kampirning suratlari, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini, Kalman xonimning hikoyalarini chuqur o’rganib chiqdi. Qarangki, kutilmagan manzara namoyon bo’ldi. Kampirning hikoyalari yolg’onlardangina iborat ekan. Suratlarda ham ikki nafar boshqa-boshqa odam turgan bo’lib chiqdi. Ko’zlar rangi, bo’y turlicha, bosh chanog’i va mushaklar holati yoshiga umuman mos kelmadi. Bundan tashqari, oilasi bilan bog’liq arxiv Kalman kampirning iltimosi bilan yo’q qilinibdi.
Keyinchalik aniqlandiki, aslida Janna Luiza Kalman 20- asrning 30- yillarida olamdan o’tgan. O’shanda uning yoshi oltmishga ham yetmagan ekan. Qizi Ivonna kampirning asosiy merosxo’ri hisoblangan. Biroq merosga rasman ega bo’lgach, 35 foiz qismini soliq sifatida davlatga topshirishi lozim edi. Ivonna buni sira xohlamasdi. Shuning uchun qarindoshlar o’zaro kelishib, Kalman emas, balki qizi Ivonna olamdan o’tgan degan xabar tarqatishdi. Shundan qilib, Ivonna Janna Luiza Kalmanga aylandi. Shunday yo’l bilan u hatto Ginnes rekordlar kitobi mutasaddilarini ham boplab alday oldi.