Janubiy Koreyada vatandoshimiz Mahmud Abdullayev tomonidan faoliyati yo’lga qo’yilgan «Lazzat» o’zbek milliy restorani Koreyaning “SKY” telekanalida namoyish etildi.
«Hello plate» nomli ko’rsatuvda o’zbek milliy taomlari va uning tayyorlanishi haqida so’z yuritiladi. Bu madaniy merosimizning ajralmas qismi bo’lgan o’zbek milliy taomlarimizga chet elliklarning qiziqishi oshib borayotganidan dalolat beradi.
Restoran O’zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etiluvchi barcha tadbirlarda faol ishtirokchisidir. Mahmud Abdullayev Seul shahri hokimiyati va Janubiy Koreya Turizm qo’mitasining taklifiga binoan so’nggi 7 yildan buyon o’tkazilayotgan xalqaro taomlar ko’rgazmalarida milliy taomlar tayyorlab, faxrli o’rinlarni egallab kelmoqda. Bu bilan u koreyaliklarni O’zbekistonga sayohat qilishga qiziqtirish, mamlakatimizning gastronomik turizm sohasini rivojlantirish, uning nufuzini xalqaro miqyosda yanada oshirishga beqiyos hissa qo’shib kelmoqda.
“Lazzat” milliy taomlar restorani asoschisi va rahbari Mahmud Abdullayev 2020 yilning 27 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi tomonidan “Turizm fidoyisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi. Bugunga kelib vatandoshimiz Janubiy Koreyaning onlayn savdo bozorida va rivojlangan yetkazib berish kompaniyalari reytingida yetakchi o’rinlarni egallab turibdi.