Butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat tanqisligi xavotirli darajada ortib bormoqda. Deyarli 300 million kishi ochlikdan nobud bo‘lish xavfi ostida qolgan. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qurolli mojarolarning keskinlashuvi, gumanitar yordam hajmining qisqarishi, iqlim va iqtisodiy inqirozlar oqibatida o‘tgan yili 13,7 million kishi doimiy oziq-ovqat tanqisligiga duch kelgan.
So‘nggi global oziq-ovqat inqirozi bo‘yicha hisobotga ko‘ra, ketma-ket oltinchi yildirki, “o‘ta darajadagi oziq-ovqat tanqisligi”ga duch kelayotgan insonlar soni ortib bormoqda. 2024 yil yakunida bu ko‘rsatkich 295,3 million kishiga yetgan. Bu raqam ekspertlar o‘rganib chiqqan 53 davlat aholisi sonining qariyb 22,6 foizini tashkil qiladi.
Ushbu ko‘rsatkichdagi aholining 95 foizdan ortig‘i G‘azo sektori yoki Sudanda istiqomat qiladi. Shuningdek, Gaiti, Mali va Janubiy Sudanda ham oziq-ovqat tanqisligi shiddat bilan kuchaygan.
G‘azo sektoridagi vaziyat ayniqsa og‘ir. O‘tgan yili ekspertlar mintaqa aholisining yarmi ochlikka yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bu asosan urush va qurolli qarama-qarshiliklar bilan bog‘liq. Shunga o‘xshash inqiroz holati Myanma, Nigeriya va Kongo Demokratik Respublikasida ham kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning qamali tufayli G‘azoda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 290 mingga yaqini o‘lim yoqasida qolayotgani xabar qilingan edi.