Turkiyaning Egey mintaqasidagi eng go’zal shaharlaridan biri bo’lgan Izmir, mashhur Lonely Planet sayohat qo’llanmasi turkumi tomonidan «2024 yilning eng yaxshi shaharlari» ro’yxatiga kiritildi. 1973 yildan buyon butun dunyo bo’ylab sayohat yo’nalishlari borasida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etib kelayotgan Lonely Planet, navbatagi “Best in Travel 2024” tashrif buyurish tavsiya etilgan sayohat yo’nalishlarining o’n to’qqizinchi nashri reytingini e’lon qildi. Sayohat bo’yicha mutaxassislar guruhi tomonidan tuzilgan ushbu ro’yxat besh toifaga bo’lingan: mamlakat, mintaqa, shahar, barqarorlik va qiymat. Qo’llanmaning «Eng yaxshi shaharlari»dan biri deb tanlangan Izmir qadimiy manzilgohlari, taniqli sohillari, betakror manzaralari, antiqa taomlari va jozibasi bilan maqtovga sazovordir.
Lonely Planet ma’lumotlariga ko’ra, Izmirning dengiz qirg’og’ida joylashganligi uning katta ustunligidir. Nashrning yozishicha, Izmirning tarixiy bozorlari, madaniyat va san’at maskanlari, uzumzorlari, go’zal sohillari va qadimiy manzilgohlari mintaqaga tashrif buyurish uchun jiddiy sababdir. Lonely Planet, har yili iyun-iyul oylari orasida o’tkaziladigan turli konsert va raqs namoyishlarini o’z ichiga olgan Xalqaro Izmir festivaliga ham alohida e’tibor qaratdi.
Izmir Turkiyaning uchinchi yirik shahri bo’lsada, yuqori hayot sifatiga hissa qo’shadigan qulay muhitga ega. YuNESKOning Jahon merosi ro’yxatida bo’lgan Efes qadim shahri har yili millionlab sayyoh tomonidan ziyorat qilinadi. Bu shahar binolari yashash uchun qurilgan bo’lib, deyarli ikki kilometrlik qirg’oq chizig’iga ega. Uning qulay joylashgani hamda dengiz bo’yidagi go’zal shahar va sohillarga oson erishuvi Izmirning jozibadorligini oshiradi. Izmirning g’arbiy qirg’og’i Fochadan Urlagacha, Karaburundan Cheshme yarim oroliga qadar ko’plab shinam qishloqlar va mashhur sohil aholi punktlari bilan to’la. Uzumzorlari va turk vinolari bilan mashhur Urlada mehmonlar mahalliy tamaddixonalarda mazali taomlardan bahramand bo’lishlari mumkin. Shu bilan birga, Egey o’tlari va dengiz mahsulotlari iste’moli Cheshme yarim orolining yuragi bo’lmish Alachatida keng tarqalgan. Bundan tashqari, Izmirning bu yil Michelin GUIDE ro’yxatiga kiritilgani ham undagi oziq-ovqat va ichimliklar sifatini belgilovchi yirik omillardandir.
Turkiyadan EuroVelo 8 – O’rta Yer dengizi yo’nalishi uchun tanlangan ilk shahar bo’lgan Izmir, shuningdek, velosiped yo’llari va «Bicycle-Friendly» sertifikatiga ega mehmonxonalari bilan mintaqani ikki g’ildirakda kashf qilishni istagan sayohatchilar uchun ham qulay yo’nalishdir.