image0

Iqlim inqirozi asr oxiriga borib har o‘ninchi intim “juft” tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik holatiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda BMTning “Yorug‘lik nuri” nomli ko‘p yillik tashabbusi doirasida tayyorlangan yangi hisobotda so‘z boradi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi jamiyatdagi ijtimoiy taranglikni kuchaytiradi va zaif qatlamlar ahvolini yanada og‘irlashtiradi. Ayniqsa, bu holat ayollar va qiz bolalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Hisobotda gender zo‘ravonligiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:

  • ekstremal ob-havo hodisalari;
  • majburiy ko‘chishlar;
  • oziq-ovqat tanqisligi;
  • iqtisodiy beqarorlik.

Global harorat har bir darajaga ko‘tarilganda intim zo‘ravonlik holatlari o‘rtacha 4,7 foizga oshadi. Agar iqlim 2 daraja isisa, 2090 yilga borib har yili yana 40 millionga yaqin ayol va qiz bunday zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. 3,5 daraja isish ssenariysida bu raqam ikki baravar ko‘payadi.

Hisobotga kiritilgan ayrim tadqiqotlarda, masalan, issiq to‘lqinlar vaqtida femitsidlar (ayollarning jinsga asoslangan o‘ldirilishi) soni 28 foizga oshgani qayd etilgan. Shuningdek, iqlim bilan bog‘liq falokatlardan keyin bolalar nikohlarining ko‘payishi, odam savdosi, jinsiy ekspluatatsiya holatlari kuchayishi kuzatilmoqda.

Inqiroz barcha ayollarga bir xilda ta’sir qilmaydi: qashshoq oilalar, qishloq ayollari, nogironligi bor, keksaygan yoki mahalliy xalqlarga mansub ayollar ayniqsa ko‘p xavf ostida qolmoqda, chunki ular yordam, boshpana va huquqiy himoya tizimlariga yetarlicha ega emas.

Shunga qaramay, hozirgacha iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun ajratilgan rivojlanish yordami mablag‘larining atigi 0,04 foizi gender tengligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Tadqiqotchilar fikricha, bu holat iqlim o‘zgarishi bilan gender zo‘ravonligi o‘rtasidagi bog‘liqlik hali ham yetarlicha e’tiborga olinmayotganini ko‘rsatadi. Ularning ta’kidlashicha, iqlim choralarini inson huquqlari nuqtai nazaridan ishlab chiqmasdan turib, ularni samarali amalga oshirish imkonsiz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UNICEF, BMT Ayollar tashkiloti va Plan International xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tayyorlangan hisobotda dunyo bo‘ylab o‘smir qizlarning ahvoli yaxshilanayotgani, biroq sayyoraning barcha yosh ayollari bu o‘zgarishlarni his qilmayotgani va hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p ekani qayd etilgandi.