Fransiyalik imperator Napoleon Bonapartga (1769-1821) tegishli bo‘lgan va u tomonidan hokimiyat tepasidagi davrning boshidan to oxirigacha saqlab kelingan qilich ilk bor auksionda sotuvga chiqariladi. Bu haqda Drouot auksion uyi bayonotiga tayanib, “France24” xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Bonapart 1802-1803 yillarda mazkur qilichni mashhur Veral saroyi qurolsozlik fabrikasi direktori, o‘z davrining eng yirik ustalaridan biri sanalgan Nikol-Noel Butega maxsus buyurtma qilgan.
Qilich 1815 yildan beri Napoleonning avlodlari qo‘lida saqlanib kelgan. Endilikda u joriy yilning 22 may kuni bo‘lib o‘tadigan auksionda 700 mingdan 1 million yevrogacha narxda baholanishi kutilmoqda. Shuningdek, shu qilichning aynan o‘xshashi – Napoleon tomonidan buyurtma qilingan ikkinchi nusxa hozirda Sankt-Peterburgdagi Ermitajda saqlanmoqda.
AFP xabariga ko‘ra, Napoleonga tegishli buyumlarning auksionlari imperator vafotidan ikki asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Misol uchun, 2024 yil iyulida uning 1814 yilgi taxtdan voz kechishidan oldin egalik qilgan ikkita to‘pponchasi auksionda 1,69 million yevroga sotilgan. Bundan tashqari, mart oyida Napoleonga tegishli bo‘lgan “Fuqarolik kodeksi”ning bir jildi 395 ming yevroga xarid qilingan.
Qayd etish joiz, Napoleon 1821 yilda surgunda, 51 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Titanik”dagi 700 nafar yo‘lovchini qutqarib qolgan kapitanga sovg‘a qilingan oltin cho‘ntak soati auksionda deyarli 2 million dollar (o‘zbek so‘mida 25 milliard 501 million 500 ming so‘m) ga sotilgandi.