Tasavvur qiling, uzoq vaqt davom etgan quruq va issiq ob-havodan so’ng sharillab yomg’ir yog’ib berdi. Nam yerdan ko’tarilib chiqib, dimog’ingizga urilayotgan yoqimli hidni his qilyapsizmi?
Taxmin qilganingizdek, yomg’irning yoqimli hidi ortida kimyoviy jarayonlar turadi.
Bakteriyalar, o’simliklar va hatto chaqmoq sharros yomg’irdan so’ng bizni xushnud qiladigan yoqimli isning paydo bo’lishida rol o’ynaydi.
Bu hidning sirini ochish uchun olimlar, hattoki, parfyumerlar uzoq vaqt izlanish olib borganlar.
Nam tuproq
1960 yillarda izlanish olib borgan ikki avstraliyalik tadqiqotchi quruq yerga yoqqan yomg’irdan so’ng paydo bo’luvchi iliq hovur va muattar is bakteriyalar tomonidan ishlab chiqariladi, degan xulosaga keladilar.
«Bunday mitti jonzotlar tuproqda to’lib yotibdi», izohlaydi Jon In Markazining bosh mikrobiologi professor Mark Batner.
«Yerning hidini sezyapman, degan paytingiz siz aslida ma’lum bakteriya turi tomonidan ishlab chiqarilgan molekulalarni hidlayotgan bo’lasiz», deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda.
Geosmin deb ataluvchi bu molekula «Streptomyces» bakteriyalari tomonidan ishlab chiqariladi. Bu bakteriya antibiotiklar tayyorlashda ham qo’llaniladi.
Yerga borib urilgan yomg’ir tomchilari geosminning havoga ajralib chiqishiga turtki beradi. Shu sababli yomg’irdan so’ng havoda uning miqdori ko’payib ketadi.
«Bu hidni ko’plab hayvonlar ham his etadi, ammo odamlarning unga nisbatan ta’sirchanligi juda yuqoridir», qo’shimcha qiladi professor Batner.
Izabel Bear va RJ Tomas 1960 yillarda bu borada tadqiqot olib borgan avstraliyalik olimlardir. O’sha vaqtlarda Hindistonning Uttar Pradesh shtatida yomg’irning hidi «matti ka attar» nomi ostida sotila boshlagan edi.
Bugungi kunda geosmin parfyumeriya mahsulotlarining bir qismiga aylanib ulgurgan.
«Uning hidi haqiqatan o’tkir, – deydi parfyumer Marina Barsenilla. – Yomg’irdan so’ng paydo bo’ladigan hidning o’zi. Juda jo’n hid».
«Hatto milliarddan bir nisbatda boshqa suyuqliklarga aralashtirsangiz ham odamlar uning hidini darrov sezadilar», qo’shimcha qiladi u.
Ammo geosmin hidi bizni o’ziga tortgani bilan aksariyat odamlar uning ta’mini yoqtirmaydilar.
U zaharli emasligiga qaramay, juda kichik miqdorda mineral suv yoki vinoda paydo bo’lsa, odamlar ko’nglini behuzur qilishi mumkin.
«Bizga nega geosminning ta’mi yoqmasligi sababi hozircha noma’lum», deydi Daniyadagi Aalborg Universiteti professori Yeppe Lund Nilsen.
O’simliklar
Professor Nilsenga ko’ra, geosminning o’simliklardagi hidlar manbai bo’lmish terpenlar bilan ham aloqasi mavjud.
Yomg’ir o’simliklardagi hidni tashqariga chiqarishi mumkin, deya fikr bildiradi Qirollik Botanika Bog’ida tadqiqot rahbari bo’lib ishlovchi professor Filip Stivenson.
«Yoqimli hidga ega bo’lgan kimyoviy moddalar ko’p hollarda o’simlik bargining tolalarida ishlab chiqariladi. Yomg’ir shu tolalarni zararlab, yoqimli hidga ega moddalarni tashqariga chiqarib yuboradi».
«Yomg’ir qurigan o’simlikda yig’ilib qolgan kimyoviy moddalarni ham ayni shu yo’l orqali atrofga tarqatishi mumkin», qo’shimcha qiladi u.
Ob-havo o’ta quruq kelganda o’simliklardagi metabolizm jarayoni sustlashadi. Yomg’ir yoqqanda esa bu jarayon tezlashib, o’simliklar atrofga muattar is tarata boshlaydi.
Chaqmoq
Momaqaldiroq payti atmosferada sodir bo’ladigan chaqmoq va boshqa elektrlashgan hodisalar orqali havoda ozonning o’tkir hidi paydo bo’ladi.
Missisipi Universitetidan professor Maribet Stolzenburg buni shunday izohlaydi: «Chaqmoqdan tashqari momaqaldiroq va, ayniqsa, yomg’ir havoning sofligini oshiradi. Chang, aerozollar va boshqa zarrachalar yuvilib, havo tozalanadi».
BBCUZBEK.COM
loading…