UYLANAYMI, UYLANMAYMI?
(hajviya)
Uzoq vaqt uylanmay yursam, yaqin do’stlarim, «ahmoqmisan, qachongacha bo’ydoqligingcha so’ppayib yurasan? Uylanmaysanmi?» deb xit qilishadi. Uylansam, yana o’sha do’stlarim tepamga kelib «Ahmoqmisan? Darrov uylanib oldingmi? Yurmaysanmi maza qilib?» deyishga o’tishadi. Xo’sh, ahmoq bo’lmaslik uchun nima qilay? Uylanaymi-yo’qmi?..
Ba’zilar uylanadigan bo’lsam, haqiqiy ayolga uylanishimni maslahat berishadi. Afsuski, bunday hollarda bir muammo tug’iladi. Tanlash imkoniyati qolmaydi. Nima qilay? Haqiqiy ayol qanaqa bo’ladi? Yoshi kattasiga uylanaymi, kichigigami?
Bilaman, o’zimdan yoshi ulug’iga uylanadigan bo’lsam, u ayol bilan yashash osonroq kechadi. Lekin bu baxtli hayot uzoq davom etmaydi. Sababi, ko’z ochib yumguncha umr o’tadi-yu, xotining onang tengiga o’xshab qoladi. Senga nasihat qilishga o’tadi. Ba’zilari otang o’rnida kaltaklashdanam toyishmas ekan. O’z quloqlarim bilan eshitganman.
Aksincha, o’zingdan ancha yoshiga uylansang, bu ham yaxshi, uzoq vaqt birga yashaysan. Yosh xotin ertalabdan kechgacha xuddi atirgulday yashnab turadi. Sen bo’lsang, xuddi yoshi ulug’ do’st kabi uy yumushlarini o’zing bajarasan. Kir yuvasan, ovqat pishirasan, kiyimlarni dazmollaysan, uy yig’ishtirasan, atirguling so’lishini intiqib kutasan. Mayli, buniyam hal qildik.
Endi tag’in bir savol tug’iladi. Aqlli ayol yaxshiroqmi, yo go’zalimi? Shubhasiz, go’zal xotinga uylanish har bir erkakning orzusi. Faqat bir muammo bor-da! Tanish-bilishlar, do’stlar uyingga mehmonga kelaverib zeriktiradi. Ular atayin sohibjamol xotiningga tikilish, jamoliga to’yish ilinjidagina kelishadi. Ko’ribsanki, notinch lahzalar boshlanadi. Rashk, asabiylik, janjal, mushtlashuv…
Aqlli ayol-chi? Ahmoq erkak o’zidan aqlliroq ayolga uylanadi. Yaxshisi, ahmoqroq, aqli pastroq ayolga uylangan ma’qul. Chunki bunday ayol bilan oilada o’zingni akademikdek his etib yashaysan. Mayli, buniyam hal qildik hisob.
Endi yana bir gap. Ro’zg’orbop ayolga uylangan yaxshimi, aksinchasigami?
Ro’zg’orbopiga uylansang, joning rohatda bo’ladi. Har kuni ovqating tayyor, kiyimlaring dazmollangan, soqollaring, soching olingan, janjalga umuman bahona bo’lmaydi. Ammo kun bo’yi janjalga nimadan bahona qidirsam ekan deb vaqt o’tkazasan. Aksinchasiga uylansang, Xudoning bergan kuni soatlab goh shimingni, goh paypog’ingni izlaysan. Natijada ishga kechikasan-u, egningga kostyumni ilgancha chiqib ketasan. Bu hayot, albatta juda qiziqarli kechishi mumkin. Biroq qachongacha bardosh qilasan? Jabrdiydalarning aytishicha, bir marta ro’zg’orbopmas ayolga uylangan erkak umrbod xotin almashtirish bilan ovora bo’larkan…
Ba’zan kimnidir chin ko’ngildan erkalagisi keladi odamning. Uyda esa xotiningdan bo’lak hech kim yo’q. Xo’sh, nima qilmoq zarur? Ha, farzand ko’rish payti yetdi shekilli. Ie, nechta farzand ko’rgan ma’qul? Umuman farzand ko’rmaganlar, besh-olti farzandli bo’lish yaxshi deydi. Yagona farzandi borlar esa shuniyam ko’p deyishadi.
Bola masalasida yana bir muammo bor-ku! Bunisini yoddan chiqarayozibman. Masalan, o’g’il kutsang, tap etib qiz tug’iladi, yoki aksincha. Umuman farzand kutmayotganingda, Xudo senga qo’shqo’llab egizaklarni tutqazib qo’yadi…
Darvoqe, aytishlariga qaraganda, uylangach, xotiningga har kuni atirgul sovg’a qilishing kerakmish. Nega? Xotining har kuni xursand bo’lishi uchunmi, yo har atirgulni qo’liga olganda tikonlari barmoqlariga sanchilib yig’lashi uchunmi?
Tag’in menda bir savol tug’iladi. Uylangach, xotinim javray boshlasa, bir gapdan qolaymi? Unga sadoqatli bo’laymi? Sadoqatli bo’lsam, necha marta? Xotinimga «Sen yaxshisan, dunyoda yagonasan» deyishim zarurliginiyam bilaman. Lekin buni qachon va necha marta aytay? Haftada bir martami, yoki faqat payshanba kunlarimi? Yoki bo’lmasa, bir marta shunday aytayki, bir umrga esda saqlab qolsinmi?
Xullas kalom savollar bir dunyo. Shuncha savolga javob topilgan taqdirdayam baribir uylanish-uylanmaslik haqida bosh qotirishga majburman. Negaki, ahmoq bo’lib qolishdan judayam qo’rqaman.
Olimjon HAYIT tayyorladi
loading…