image0

Yer yuzining eng chekka burchaklarida, zich o‘rmon va uzoq orollarda butunlay zamonaviy sivilizatsiyadan tashqari hayotni tanlagan qabilalar mavjud. Ular texnologiya, sanoatlashtirish va zamonaviy jamiyat o‘zgarishlariga qarshi turib, o‘z ajdodlari kabi yashashda davom etmoqda. Bunday qabilalarning ko‘pchiligi Janubiy Amerikaning zich Amazon o‘rmonlarida yoki Afrikaning uzoq hududlarida yashaydi, chunki bu joylar yer yuzining eng kam o‘rganilgan nuqtalari hisoblanadi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar1

BMT va Survival International tashkilotining hisobotlariga ko‘ra, hozirda izolyatsiyada yashaydigan 100 dan ortiq qabilalar mavjud. Aniq soni noma’lum bo‘lsa-da, bu raqam yanada yuqori ekani taxmin qilinadi. Ularning eng ko‘pi Amazon o‘rmonida yashaydi va birgina Braziliyaning o‘zida 70 dan ortiq aloqaga kirishilmagan qabila bor, deb hisoblanadi. Maqolada shunday qabilalarning bir nechtasi haqida so‘z boradi.

Missionerni o‘ldirgan qabila – sentinelsi xalqi

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar2

Shimoliy Sentinel orolidagi sentinelsi xalqi dunyodagi eng izolyatsiyadagi qabila hisoblanadi. Ular Afrika qadimgi odamlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlari bo‘lib, 60 ming yildan ortiq vaqtdan buyon ajralib yashaydi va eng qadimgi qabila bo‘lishi mumkin. 1800 yillarning oxirlarida britaniyalik kashfiyotchilar ba’zi sentinelsi odamlarini o‘g‘irlab, ularni qullikka majburlagan. Oqibatda, qul qilingan sentinelsi odamlari turli kasalliklarga chalinib, vafot etgan va qabila a’zolarining soni keskin kamayib ketgan. Bugungi kunda sentinelsi xalqi o‘zini qattiq himoya qiladi va begonalar bilan har qanday aloqaga qat’iyan “yo‘q” deydi. Shu sababli ular eng tajovuzkor qabila sifatida tanilgan.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar3

2018 yilda qabila orolga noqonuniy tashrif buyurgan amerikalik missioner Jon Allen Chauni o‘ldirgani uchun xalqaro e’tiborga tushdi. Shundan so‘ng orol Hindiston tomonidan taqiqlangan va himoyalangan hududga aylantirildi.

Zamonaviy dunyodan aziyat chekayotgan qabila – jarava

Andaman orollarida yashaydigan jarava xalqi ham qadimiy qabila bo‘lib, bu hududda 55 ming yildan buyon yashab kelmoqda. Sentinelsi qabilasidan farqli o‘laroq, jarava xalqi zamonaviy jamiyat bilan ko‘proq aloqada bo‘lgan, ko‘pincha bu aloqalar ularning roziligisiz sodir bo‘lgan.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar4

2002 yilda Hindiston Oliy sudi ularning hududida avtomagistral qurilishini to‘xtatdi, ammo ularning yurti ovchi va sayyohlar tomonidan buzilishda davom etmoqda. Shu qiyinchiliklarga qaramay, ba’zi jarava guruhlari hali ham begonalar bilan aloqadan qochishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Soni bo‘yicha tuman aholisiga teng Palavan orolidagi qabilalar

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar5

Filippinning Palavan orolida taxminan 40 ming nafar tub aholisi orolning uzoq o‘rmonlarida ajralib yashaydi. Bu yirik, taqiqlangan orolda “Tosh odamlar” ma’nosini bildiruvchi Tau’t Bato qabilasi yashaydi. Ular so‘ngan vulqon g‘orlarida yashab, an’anaviy hayot tarzini davom ettirmoqda, garchi tog‘-kon ishlari va ko‘chib keluvchilar ularning hududiga kirishga harakat qilsa ham.

Qul qilingan qabila – karabayo xalqi

Karabayo qabilasi Kolumbiya va Braziliya chegarasidagi Amazon o‘rmonining yiroq hududlarida yashaydi. Asrlar davomida qul savdogarlari va kauchuk yig‘uvchilarning zo‘ravon hujumlariga duch kelgan. O‘rmonda o‘sadigan ba’zi daraxtlarda lateks, ya’ni qotgach mustahkam rezinaga aylanuvchi oq suyuqlik ajraladi. Zamonaviy odamlar shuning uchun mahalliy aholi hayotiga xavf soladi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar6

2012 yilda Kolumbiyaning Milliy bog‘lar boshqarmasi va Amazonni muhofaza qilish guruhi tomonidan olingan suratlar “Rio Puré” Milliy bog‘ida odamlar mavjudligini tasdiqladi. Ular dunyodagi eng sirli va ajralib yashovchi qabilalardan biri hisoblanadi.

O‘rmon o‘zlashtiruvchilarga hujumkor qabila – taromenane

Ekvador Amazonidagi taromenane qabilasi juda uzoqda, ajralib yashaydi, ularning hududi suv va resurslardan yiroqroq. Ular Ekvadordagi eng sirli jamoalardan biridir. Ular qo‘shni tub aholi va ayniqsa, hududga noqonuniy ravishda kirgan neft ishchi va yog‘och kesuvchilarga hujum qilishi bilan tanilgan.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar7

Ekvador hukumati taromenane hududini himoyadagi hudud deb e’lon qilgan. Ko‘pgina qabilalardan farqli o‘laroq, taromenane katta guruhlarda yashamaydi va o‘ziga xos tili mintaqadagi boshqa qabilalarnikidan farq qiladi.

Taromenane qabilasi raqibi huaorani

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar8

Taromenane raqibi bo‘lgan taxminan 200 kishilik huaorani xalqi ham Ekvadordagi zich o‘rmonlarda yashaydi. Ularning ba’zilari tashqi dunyo bilan aloqaga kirishgan, bu esa taromenane bilan tushunmovchiliklarga olib kelgan, ammo ko‘pchiligi an’anaviy hayot tarzini saqlab qolmoqda.

Neftchilar tomonidan borligi yashirilgan qabila – takana

2016 yilda Boliviya Milliy neft kompaniyasi hali noma’lum takana qabilasi bilan bo‘lgan aloqalarni yashirgani haqida xabarlar tarqaldi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar9

Jungli ichkarisini o‘rganayotgan tadqiqotchilar qabila mavjudligining belgilarini topgan, ammo neft qazib olishni davom ettirish niyatidagi biznesmenlar tomonidan bu ma’lumotlarni yashirishga majburlangan.

Begonalarga toqatsiz qabila – akre

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar10

Braziliyada akre qabilasi begona odamlarga nisbatan dushmanlik ko‘rsatadigan qabila sifatida tanilgan. Shu sababli ular haqida juda kam tadqiqotlar o‘tkazilgan. Biroq, Braziliya hukumati hayot belgilari bor-yo‘qligini aniqlash uchun ko‘p bora o‘rmon ustida parvozlar tashkil qiladi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar11

Bu qabila samolyotlarni yomon ko‘radi va ko‘pincha kutilmagan mehmonlarga o‘q uzadi. 2007 yilda o‘rmon ustidan uchib o‘tayotgan samolyot o‘qqa tutilmagunicha hududda odamlar yashashi ma’lum emasdi. 2011 yilda esa sun’iy yo‘ldosh skanerlari orqali bu qabila topildi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar12

Ular Janubiy Amerika kauchuk davri zo‘ravonliklaridan qochib, qullik va o‘limdan qutulish uchun o‘rmon ichkarisida yangi jamoa tashkil qilgan avlodlar bo‘lishi mumkin.

Hukumatning adolatsiz siyosati ostidagi G‘arbiy Papua qabilalari

Yerdagi eng uzoq va kirish qiyin o‘rmonlardan biri Yangi Gvineya orolining g‘arbiy yarmi, ya’ni Indoneziya boshqaruvidagi G‘arbiy Papuadir. U yerda 300 dan ortiq xilma-xil qabila yashaydi, ularning ko‘pchiligi hali ham tashqi dunyodan yo bexabar, yo xavotirli berkinishda.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar13

Bu qabilalar Indoneziya hukumatining zo‘ravonligi va resurslar ekspluatatsiyasi sababli qiyinchiliklarga duch kelmoqda, mazkur omillar qabilalarning hayot tarzini buzmoqda.

Katta kamon va o‘qlar bilan qurollangan qabila – Massako qabilalari

Braziliyaning Rondoniya shtatida taxminan 300 nafar tub xalq Massako qabilalari ahli yashaydi. Ular juda katta kamon va o‘q ishlatishi bilan mashhur bo‘lib, ajdodlarining yerlari yo‘q qilinishi oqibatida kichik o‘rmon hududlarida jon saqlamoqda.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar14

Tadqiqotchilar bo‘shab qolgan toshbaqa toshi uyumlarini topgach, bu jonzotlar qabilalar taomnomasining muhim qismi deb taxmin qilindi.

Tashqi dunyo tahdididagi qabila – kakatoibo

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar15

Mutaxassislarga ko‘ra, kakatoibo qabilasi Peruda mavjud tashqi dunyodan uzilgan 15 qabiladan biri. Ular asosan daryo havzalariga yaqin hududlarda yashaydi. Hukumatning ularni himoya qilishga urinishlariga qaramay, kakatoibo qabilasi neft va gaz konlari, yog‘och kesish va kon qazib olish faoliyatining tahdidiga duch kelmoqda.

Uch nafar a’zosi qolgan qabila – akunsu

Braziliyaning g‘arbiy qismidagi kichik Amazon qabilasi akunsuning so‘nggi uch a’zosi Rondoniya shtatida yashaydi. Qabila 1980 yillarda braziliyalik chorvadorlarning qirg‘iniga uchragan.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar16

Hukumat qabila yerlarining yanada yo‘q qilinishidan himoya qilishga harakat qilmoqda. Hozirda faqat uch a’zosi qolgani sababli akunsu qabilasi tez orada yo‘qolishi mumkin.

"Chuqurdagi odam"

"Chuqurdagi odam" qirg‘indan omon qolgan so‘nggi shaxs bo‘lib, Amazon o‘rmoni hududida yolg‘iz yashadi. Hukumat bu odam uchun kichik himoyalangan o‘rmon zonasini ajratdi, u hech kim bilan aloqaga kirishishni istamadi.

U hayvon ovlash uchun chuqur ichiga yashirinishi sababli “chuqurdagi odam” laqabini olgan. Uning qabilasi katta ehtimol bilan chorvachilar tomonidan o‘ldirilgan. Qabilaning so‘nggi a’zosi 2022 yilning iyul oyida vafot etdi.

Tashqi dunyo qabilalar hayotiga xavf tug‘dirmoqda

Tashqi dunyodan uzilib yashovchi qabilalar haqida ko‘p ma’lumot mavjud bo‘lmasa-da, dunyo tarixi, madaniyati va xilma-xilligida ularning ham muhim o‘rini bor. Bunday qabilalar ovchilik, baliq ovlash, yig‘im-terim va dehqonchilik kabi an’anaviy usullar bilan kun kechiradi.

Parallel olam: tashqi dunyodan butkul uzilgan odamlar17

Ular o‘z atrof-muhitini yaxshi bilib, asbob-uskunalar yasash va boshpana qurishda o‘rmon resurslaridan foydalanadi. Shuningdek, ular instinktlariga tayangani uchun ba’zan zo‘ravonlik qilishi mumkin. Izolyatsiya ularning hayot tarzini saqlab qolsa-da, kasallik va tashqi tahdidlar qarshisida ojiz qoldirmoqda.

Ularning ko‘pchiligi zamonaviy tashqi dunyo mavjudligini bilsa-da, ongli ravishda izolyatsion hayotni tanlaydi. Qabilalar zo‘ravonlik, ekspluatatsiya kabi sabablar tufayli begonalardan ehtiyotkor bo‘lishga intiladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ba’zi qabilalar tashqi dunyo haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmasliklari ham mumkin.