«Fonogramma kerak» – Anvar Tojiboyev

«O’zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Anvar Tojiboyev san’atkorlarning turli bayram va konsert dasturlarida fonogrammada kuylashi va fonogrammadan voz kechish borasida o’z fikrlarini bildirdi.

«Fonogrammadan voz kechish degan iboraning o’zi noto’g’ri. Fonogramma o’z-o’zidan kerak. Bizda ijrochini doim ham jonli eshitish imkoniyati yo’q. Radio bo’lsin, televidenie bo’lsin xonandani eshitish – bu fonogramma. Fonogramma esa bu birinchi navbatda tinglovchiga sifatni ta’minlovchi vosita.

Konsert dasturlari, bayram tadbirlarida fonogrammadan voz kechishga kelsak, bu boradagi qarashlar ham har xil. Masalan, rivojlangan davlatlarda ham ayrim davlat tadbirlarida fonogrammadan foydalaniladi. Buning sababi o’sha dastur va kompozitsiyaning tuzilishida. Ya’ni, tadbir rejissyori o’zi o’ylagan ssenariyni tomoshabinga yetkazib berish uchun fonogrammani qoldiradi. Bu televidenie uchun olinadigan loyihalarda ham ketma-ketlikni ta’minlash uchun qilinadi.

Biz endilikda jonli ijroda kuylovchi san’atkorlarni qo’llab-quvvatlash uchun prezident farmoni bilan jonli ijroda konsert berayotgan ijrochilarga konsert saroyining ijara haqidan 50 foizli imtiyoz berish tartibini yo’lga qo’ymoqdamiz», – degan u 15 dekabr kuni o’tkazilgan matbuot anjumanida.

Anvar Tojiboyevning qo’shimcha qilishicha, «O’zbekkonsert» bu borada prezident administratsiyasiga jonli ijrodagi konsert dasturlarini tashkil qiluvchi tashkilotchilarga faoliyati davomida turli soliq imtiyozlarini berish yoki ma’lum subsidiyalar ajratishni ko’zda tutuvchi taklif bilan chiqqan.

«O’ylashimcha, bu takliflar ma’qullangudek bo’lsa, ijodkorlarning o’zi jonli ijroda konsert berishni xohlab qolishadi», – dedi Tojiboyev.