Mardin Janubi-Sharqiy Anatoliya mintaqasining eng qiziqarli va ko’plab turistlar ko’rishni orzu qilgan shaharlaridan biridir. Shahar o’zining o’ziga xos me’morchiligi hamda chuqur tarixi bilan mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortadi.
Mardin ko’p din va tillarga mansub kishilar asrlar davomida tinch-totuv yashab kelayotgan zamindir. Turk, arab, kurd kabi tillarda so’zlashuvchi va bu tillarning shevalari bilan birga o’nlab turli tillarni ishlatadigan xalq bu shaharda musulmon, nasroniy yoki yahudiy o’laroq tinch-totuv yashashi mumkin. Bunday madaniy to’qimalarga ega bo’lish Mardinni sivilizatsiyalar shahri toifasiga kiritish imkonini berdi. Mardin Rim va Forslar-Sosoniylar o’rtasidagi to’qnashuvlarda qo’lma-qo’l bo’lishiga qaramasdan, antik Rim shahri sifatida kunimizgacha yetib kelgan. Mardin ayni paytda xristian arablar bo’lgan suryoniylarning Turkiyada eng gavjum yashaydigan joylaridan biridir. Suryoniylarning diniy markazi bo’lgan Deyrul Zaferan manastri Mardinga juda yaqin masofada joylashgan. Mardin Quddusdan keyingi eng muqaddas shahardir.
Ertaklar shahri Mardin haqida siz bilmaganlar
Mardin qadimdan doimo diqqat markazida bo’lgan shaharlardandir. Iqtisodiyoti: dehqonchilik, chorvachilik va savdoga asoslangan. Mardin uzum diyori sifatida ham tanilgan hamda bu sifati bilan Turkiyada birinchi o’rinda turadi. Ko’plab madaniy va me’moriy asarlarni o’zida jamlagan Mardin, tarixiy va madaniy mavzudagi ekskursiyalar eng ko’p uyushtiriladigan shaharlardan biri hisoblanadi.
Mardinning diqqatga sazovor joylari
Mardin Janubi-Sharqiy Anadolu mintaqasining eng diqqatga sazovor va mashhur shaharlaridan biridir. Madaniy sayohatlar haqida gap ketganda, Mardinning Midyat tumani esga tushadi. Turli dinlar va tillar chorahhasi sifatida e’tirof qilinadigan Midyat, har doim masjidlari, cherkovlari va boshqa o’ziga xos me’morchiligi bilan diqqatni tortgan.
Turkiyaning aholi soni bo’yicha 26-o’rinda turuvchi Mardin Suriya bilan chegaradosh va o’nta tumanga ega. Taxminan 790 ming aholiga ega Janubi-Sharqiy Anatoliya mintaqasida joylashgan Mardin viloyati haqiqiy ochiq osmon ostidagi muzeydir.Uning atrofi Furot va Dajla daryolari bilan o’ralgan, Diyarbakir, Urfa, Batman, Siirt va Shirnak viloyatlari bilan qo’shnidir. Masjidlari, cherkovlari, qasrlari va muhtasham uylari bilan umringizda bir marta tashrif buyurishingiz kerak bo’lgan maskanlardan biridir.
Mardinga to’yib sayohat qilishingiz uchun kamida 3-4 kun vaqt ajratishingiz kerak bo’ladi. Mardin qal’asi birinchi tashrif buyuradigan joylardan biridir. Keyinchalik Zinsirie madrasasi va Ulu masjidi ko’rish uchun ro’yxatga kiritilishi kerak. Maryam Ona cherkovi, Mardin muzeyi va albatta Mardin uylarini ko’rish kerak.
Bundan tashqari, hozirgi kunimizda Mardindagi o’ziga xos uylar diqqatingizni tortadi. U yerning iqlimi issiq bo’lgani sababli uylarda tom bo’lmaydi. Toshdan qurilgan uylarda mutlaqo ichki hovli mavjud. Insonlar yoz mavsumida jazirama issiq tufayli uylarning tomiga chiqib uxlaydilar. Torgina ko’chalarda mashina bilan aylanish juda qiyin. Mardin oxirgi paytlarda mahalliy va xorijlik sayyohlarning makoniga aylangan. Suriya va Iroqda tinchlik o’rnatilsa, Mardin ham Turkiyaning turistik maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Yozgi issiqdan qochish uchun aprel, may, sentyabr va oktyabr oylarida tashrif buyurish maqsadga muvofiq bo’ladi.
1- Ertaklar shahri Mardinga sayohat qilib zerikmaysiz.
2- Mardin Janubi-Sharqiy Anadolu mintaqasining eng ko’zga ko’ringan shaharlaridan biri.
3- Mardin, tarixiy va madaniy jihatdan nihoyatda boy shahar.
4- Mardin, Turkiyaning eng boy oshxonaga ega shaharlaridan biri hisoblanadi.
5- Mardin uzoq tarixga ega shahar hisoblanadi.
Mardinda xarid qilish
Mardin, mahalliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan esdalik sovg’alari va mahsulotlari bilan o’ziga tortadi. Ulardan eng asosiysi Mardinning tabiiy sovuni hisoblanadi. Mardinning noz-ne’matlari orasida qovurilgan no’hotlar, qotirilgan noni va shirin bodomlari muhim o’rin tutadi. Mardinning kumush naqshli buyumlari, turli taqinchoq, uzuk, sirg’a va boshqa esdalik sovg’alari ham haridorgir hisoblanadi.
Mardinning bosh oshxonasi
Mardin oshxonasi nihoyatda boy madaniyatga ega va sho’rvalar va do’lmalar mahalliy oshxonaning ajralmas qismidir. Ichli ko’fte va qovurg’a do’lmasi Mardin oshxonasining eng katta boyligidir. Go’shtli taomlar ham Mardin oshxonasida muhim o’rin tutadi. Mardin, kaboblari bilan ham mashhur. Shuningdek Kunefe shirinligi ovqatdan keyin tatib ko’rish mumkin bo’lgan eng nafis shirinlikdir.
Mardinga xos, yana bir oson va eng mazali taomlaridan biri bu mashhur piyoz kabobidir. Ikkiga bo’lingan piyoz orasiga kotlet qo’yilgan taom pechda pishiriladi. Xushbo’y piyoz hidi to’qlarni ham ishtahasini qitiqlaydi, desak xato bo’lmaydi. Anor siropi, zaytun moyi va limon suvi qo’shilgan taom zavq bilan iste’mol qilinadi.