image0

O‘zbekiston yashash narxi bo‘yicha 139 ta davlat orasida 127-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Numbeo” reyting e’lon qildi.

“Numbeo” joriy yil uchun dunyodagi eng katta shaharlar va davlatlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi – turmush xarajatlari indeksini hisoblab chiqdi va mamlakatlarda yashash qanchalik qimmatga tushishini baholadi. Reyting Nyu Yorkdagi hayot darajasi bilan solishtirish asosida tuzilgan – yuqori o‘rinlar eng qimmat davlatlar, past o‘rinlar esa eng arzon mamlakatlarni bildiradi.

Baholashda quyidagi omillar hisobga olingan:

  • oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxi;
  • uy-joy ijara haqi va kommunal xizmatlar;
  • restoranlardagi narxlar;
  • aholining xarid qobiliyati.

O‘zbekistonning yashash indeksi 24,23 ball deb baholangan bo‘lib, u eng arzon davlatlar guruhiga kiradi.

Shuningdek, mintaqa davlatlari orasida:

  • Armaniston – 63-o‘rin;
  • Qozog‘iston – 114-o‘rin;
  • Qirg‘iziston – 121-o‘rin;
  • Belarus – 123-o‘rin;
  • Rossiya – 132-o‘rinni egallagan.

Tojikiston va Turkmaniston haqida ma’lumot mavjud emas.

Dunyodagi eng qimmat yashash darajasiga ega mamlakatlar:

  1. Amerika Virjiniya orollari;
  2. Shveysariya;
  3. Islandiya;
  4. Bagama orollari;
  5. Singapur.

Yashash eng arzon davlatlar:

  • Afg‘oniston;
  • Hindiston;
  • Misr;
  • Liviya;
  • Pokiston.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Oxford Economics Global Cities Index” dunyodagi eng yaxshi shaharlar reytingini e’lon qilgan edi. Reytingga ko‘ra, Qozog‘istonning Olmaota shahri Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shahar deb topilgan hamda dunyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 258-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston poytaxti Toshkent esa Markaziy Osiyodagi eng yaxshi shaharlar orasida 3-o‘rinni, dunyoda esa 471-o‘rinni qayd etgan.