image0

Tijikistonning Xatlon viloyatidagi Sarband qishlog‘ida olib borilayotgan arxeologik ishlar chog‘ida Kushonlar imperiyasiga tegishli tilla sirg‘a aniqlandi. Bu haqda Tojikiston Milliy muzeyi matbuot xizmati xabar berdi.

Mutaxassislarning fikricha, topilma Tojikiston Respublikasining qadimiy xalqlari merosini o‘rganishda katta ahamiyatga ega.

Ma’lumot uchun, Kushon podsholigi O‘rta osiyo va Shimoliy Hindistondagi qadimiy davlat (milodiy I-IV asrlar). Milodiy I asrning 1 yarmi yoxud o‘rtalarida yuyechjilar tasarrufidagi Kushon mulkining yuksalishi natijasida vujudga kelgan. Massagetlar (Xitoy yilnomalarida – yuyechji) miloddan avvalgi 140 yilda Sirdaryo ortidan Baqtriyaga kelib, saklarni yenggan va Yunon-Baqtriya podsholigi o‘rnida 1 asr davomida 5 ta qabilaga bo‘linib yashagan. Bulardan kushon (Xitoy yilnomalarida guyshuan) qabilasi yetakchisi Kudzula Kadfiz (Kadfiz I) milodiy I asrda qolgan 4 ta qabilani bo‘ysundirib, o‘zini hukmdor deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning Segoviya provinsiyasi yaqinidan arxeologlar 43 ming yil avval neandertal odam tomonidan qoldirilgan barmoq izini topgandi. Ushbu topilma neandertallarning ramziy va badiiy qobiliyatlari haqida uzoq yillik taxminlarga qarshi chiqmoqda. Tadqiqotchilar tomonidan olingan tasvirlar, barmoq izining qizil bo‘yoq bilan qoplangani va to‘liq barmoq naqshlarini saqlab qolganini ko‘rsatmoqda.