image0

Insonlar har doim ham sog‘liklarida tug‘ilgan muammolar oqibatida majburlikdan operatsiya stolida yotmaydilar. Chunki ba’zilar tashqi ko‘rinishidagi ayrim jihatlarni o‘zgartirishga urinadi, bu borada ayniqsa millionlab odamlar diqqat markazida turuvchi mashhur ayollar ancha ildam. Afsuski, har doim ham bunday “o‘zgartirish amaliyotlari” omadli yakun topavermaydi va kutilmagan dahshatlarga sabab bo‘ladi. Hattoki, dunyo bo‘ylab omadsiz plastik jarrohliklar reytinglari tuzilgan va ro‘yxatlar tez-tez yangilanib turadi. Maqolada shunday omadsizlikka uchrab, karerasi barbod bo‘lgan mashhurlar haqida so‘z boradi.

Amerikalik supermodel, teleboshlovchi, yozuvchi va aktrisa Jenis Dikinson

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari1

O‘zini “dunyoning birinchi raqamli supermodeli” deb atagan Jenis Dikinson o‘tgan asrning 70-80 yillarida go‘zalligi bilan ko‘pchilikni lol qoldirgan. Ammo bugungi kunga kelib, o‘sha yoqimtoy chehradan asar ham qolmagan.

Jenis ilk marta 33 yoshida plastik operatsiya qildirgan va shundan so‘ng bir necha bor turli jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirgan. Qorinni tortish, qomatni shakllantirish, ko‘z qovoqlarini ko‘tarish – Jenis bularning barchasini sinab ko‘rgan! Ammo u bu ma’nosiz kurashga shunchalik berilib ketdiki, bugungi kunga kelib, uning ilgari bo‘lgan go‘zalligidan asar ham qolmagan…

Koreyalik model Hang Mioku

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari2

Sobiq model Hang Mioku birinchi marta 28 yoshida plastik operatsiya qildirgan. U buni odat tusiga aylantirib olib, Yaponiya kabi chet davlatlarda ham qo‘shimcha amaliyotlar qildirgan.

Shifokorlar uni operatsiya qilishdan bosh torta boshlagach, Hang hattoki, qora bozordan silikon sotib olib, uni o‘z qo‘li bilan yuziga ukol yordamida kiritgan. Silikon tugagach esa oziq-ovqat yog‘laridan foydalanishni boshlagan! Shunday qilib, model dahshatli ko‘rinishga kelgan.

Shveysariyalik tadbirkor ayol Joslin Vildenshteyn

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari3

Milliarder Joslin Vildenshteyn ko‘plab yuz plastik amaliyotlari va mushukka o‘xshash tashqi ko‘rinishi bilan tanilgan. Joslin aslida juda chiroyli ayol bo‘lgan, ammo erining xiyonatini to‘xtatish umidida ko‘plab operatsiyalarga rozi bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u plastik operatsiyalarga deyarli 4 million dollar sarflagan. Ammo bunday fidokorlik ham yetarli bo‘lmagan chog‘i, turmush o‘rtog‘i bilan ziddiyatli vaziyatda unga qaychi bilan hujum qilgan va bu uchun qamoqqa olingan. U 2024 yilning so‘nggi kunida o‘pka emboliyasi (o‘pka qon tomirlaridan birining tromb bilan to‘silishi) oqibatida 84 yoshida vafot etdi.

Aytishlaricha, Joslin kamida yetti marta yuz terisini torttirgan, qosh va qovoqlarni ko‘tarish operatsiyasini o‘tkazgan, ko‘z shaklini “mushuksimon” ko‘rinishga o‘zgartirgan, yonoqlari va iyagiga implant qo‘ygan hamda lab shaklini o‘zgartirgan.

Amerikalik aktrisa Kim Novak

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari4

Kim Novak bir paytlar go‘zal aktrisa edi va mashhur rejissyor Alfred Hichkokning bir necha filmlarida rol o‘ynagan. Biroq 2014 yilda “Oskar” mukofotini topshirish marosimida u o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan muxlislarini hayratda qoldirdi: aktrisaning yuzi ko‘plab kosmetik amaliyotlar oqibatida xunuk ko‘rinishga kelgandi.

Hozirda 80 yoshdan oshgan Kim ilgarigi tabiiy go‘zallikdan yiroq. Mashhur aktrisa bir nechta omadsiz operatsiyalar qurboni bo‘lgan, deb hisoblanadi.

Amerikalik teleboshlovchi va telenovellalar yulduzi Joan Van Ark

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari5

Joan Van Ark XX asrning 80 yillarida mashhur va go‘zal serial yulduzi edi. Ammo so‘nggi yillarda u dahshatli ko‘rinishga kelib qoldi. Joanning yuz tuzilishi butunlay o‘zgargan. U bunga izoh berishdan bosh tortgan, ammo bu o‘zgarishlar ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Amerikalik ijtimoiy faol, munajjim va aktrisa Jaklin Stallone

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari6

Mashhur aktyor va prodyuser Silvestr Stallonening onasi mashhur Jaklin Stallone plastik operatsiyalarni juda yaxshi ko‘rardi. U bir necha marta burun shaklini o‘zgartirgan, yuzini torttirib, lablarini kattalashtirgan va bir necha marta ko‘z qovoqlarini operatsiya qildirgan.

Oqibatda uzoq umri so‘nggiga kelib, Jaklinning yuzi asl qiyofasidan butunlay o‘zgarib ketdi. Hatto o‘zi ham “yonoqlariga yong‘oq yashirib olgan burundiqqa o‘xshayman”, deb hazillashgan.

Supermodel va aktrisalar: omadsiz plastik jarrohlik qurbonlari7

Qari bo‘lishiga qaramay, Jaklin sog‘lig‘iga juda ehtiyotkorlik bilan yondashgan: diyeta tutgan, spirtli ichimlik ichmagan va sport bilan shug‘ullangan. Bu yorqin shaxs bir necha yil oldin 98 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.