Erkaklar ko'proq qo'rqadi…

Ey odamlarSizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratibikkovlaridan ko’plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo’rqinglar!

     (Niso surasi, 1- oyat)

Yer yuzida hali-ku inson, hatto, ikkita bir xil tosh ham mavjud emas. Ayniqsa, osmondan o’ynab-o’ynab tushayotgan milliard, trillionlab qor zarralariga e’tibor bering-a. Hammasi turlicha shaklga ega! Bu shubhasiz, Alloh taoloning cheksiz hikmati va qudratidan darak beradi.

Har bir inson yagona va takrorlanmas. Ammo insoniy rang-baranglik ichida ko’zga yaqqol tashlanuvchi tafovut bor: erkaklar va ayollar o’rtasida farq. Ikki jins vakilining nafaqat tashqi tuzilishi, hatto, ichki a’zolari ham ancha-muncha farqli. Masalan, modda almashinuvi jadalligi, nafas olish va yurak urishi tezligi, qon tarkibi va hokazo.

Ishoning! Biz chindan ham boshqa-boshqamiz…

Quyida keltiriladigan ma’lumotlar ayni shu borada o’tkazilgan ko’plab tadqiqotlarga asoslangan.

Avvalo, shuni ma’lum qilamizki, ushbu maqolada erkak va ayollarning “o’rtacha” tipik vakili haqida gap boradi. Ya’ni, oramizda masalan, erkaklarga xos fe’l-atvorga ega ayollar ham, yoki aksincha, ayollarga xos jihatlari mavjud erkaklar ham yo’q emas. Shu bois, quyidagi ma’lumotlar “normal” erkak va ayol misolida olingan.

BIOLOGIK TAFOVUTLAR. XIX asrda antropolog Boid tomonidan 2000 odamning bosh miyasi o’rganilgan. U 7-14 yoshdagi o’g’il bolalarning bosh miyasi 1622, qiz bolalarniki 1473 grammga tengligini aniqlagan. Bosh miyaning rivojlanish cho’qqisi ayollarda 20-30 yoshga va 1565 grammga, erkaklarda esa 30-40 yoshga va 1721 grammga to’g’ri keladi. Antropolog G.Plossning hisob-kitoblariga ko’ra, 20-60 yoshlardagi ayolning bosh miyasi shu yoshdagi erkakning bosh miyasidan 126-164 grammga, 60-90 yoshlarda esa 123-158 grammga yengildir. Bugungi tadqiqotlar erkakning bosh miyasidagi hujayralar soni ayolnikidan 4 millionga ziyod ekanini qayd etadi. Bir narsani esda saqlash darkor, bosh miyaning og’irligi yoki kattaligi erkakning ayoldan aqlli, iqtidorli ekanini bildirmaydi, ammo ular ayol va erkak o’rtasidagi farqlarni, o’ziga xosliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun bosh miyaning tuzilishi insonning hayot tarziga, fikrlashiga qanchalik ta’sir etmasin, ayol va erkak o’rtasidagi farqlarni, o’ziga xosliklarni avvalo insonlar o’rtasidagi farqlar, o’ziga xosliklar sifatida qabul qilish o’rinlidir.

ERKAK KO’ZLARI BILAN, AYoL QULOQLARI BILAN SEVADI. Idrok borasida erkaklar uchun nimani ko’rayotgani asosiy o’rinda turadi. Ayollarda esa so’zni qabul qilish – asos. “Erkak ko’zlari, ayol quloqlari bilan yaxshi ko’radi”, degan ibora bejizga aytilmaydi.

AYoLNING GUMONI ERKAK IShONChIDAN KUChLI!

Erkak vaziyatga umumiy baho bersa, ayol o’z e’tiborini ikir-chikirlarga qaratarkan. Shuning uchun ayolning kuzatuvchanlik qobiliyatini yuqori qo’yishadi. Aynan shu ikir-chikirlarga e’tibor ayol intuitsiyasida qo’l keladi. Aksariyat hollarda ayolning sezuvchanligi unga pand bermagan. Agar u: “sezishimcha, uning hayotida boshqa kimdir bor” desa, 90 foiz hollarda haq bo’lib chiqarkan. Garchi hech qanday isbot-dalil bo’lmasa ham. Shunday mashhur ibora bor: “Ayolning gumoni erkakning ishonchidan kuchli”.

Yana, ayol suhbatdoshining qanday gapirishiga e’tibor beradi, erkak nima haqda gapirayotgani bilan qiziqadi. Ruhshunoslar ayolni “yuradigan radar stansiyasi” deb ataydilar, chunki ayolda tashqi signallarni qabul qilish qobiliyati kuchli rivojlangan. Ayol qaysi tomondan shivir-shivir kelayotganini, qaysi xonadon yog’ kuydirayotganini adashmay aytib beradi. Agar xonadoniga begona ayol kirsa, u darrov sezadi, eri o’zga ayol bilan salomlashgan, ko’rishgan bo’lsa, shu kuni oilada tinchlik yo’q.

KIM  KIMNI ALDAYDI?

Ayollar insonning mimikasi – qo’l harakatlari, ko’z qarashlariga qarab nima deyayotganini tez va oson anglay oladi. Shuning uchun erkakning ayolni aldashi juda qiyin. AYoL ESA ERKAKNI OSONGINA ALDAShI MUMKIN. Juftini alday olishiga ishonuvchi kuchli jins vakillarining hafsalasini pir qilmoqchimiz: ayolingiz o’z shubha-gumonlari haqida gapirmasa, bu uning hech nimadan xabari yo’qligini bildirmaydi. Ko’p hollarda ayol vaziyatni murakkablashtirmaslik uchun ham jim yuradi.

 “…MAKRI QIRQ TUYaGA YuK”

Germaniyada bir yarim ming nafar erkak va shuncha ayol qatnashgan tajribada yolg’on so’zlashda ayollar ustun kelganlar. Erkaklar tortinib, tutilib, gapini eplolmagan bir paytda ayollar kitob o’qiganday bemalol, nazokat bilan yolg’onni sharillataverganlar.

KO’RISh. Ayollar erkaklarga nisbatan ko’proq maydonni ko’ra olishadi. Erkaklarning ko’rish maydoni ensiz, biroq uzun. Ya’ni, erkak shkafdan o’z paypog’ini topa olishi juda qiyin, ammo juda uzoqdagi binoni ko’ra oladi. Ayol chap–o’ngga va baland-pastga 45 gradus hududni aniq-tiniq ko’rish qobiliyatiga ega. Bular – shaxsiy fikrlar emas, balki olimlar olib borgan ilmiy izlanishlar natijasi.

Istalgan erkakni hech bo’lmaganda bir marta boshqa ayolga suqlanib qaraganlikda ayblashadi. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, aslida ayollar erkaklarga ko’proq qararkanlar.

EShITISh. Ayollar erkaklarga qaraganda yaxshiroq eshitadilar. Boz ustiga ayollar tovushlarni turli xil kategoriyalarga bo’lishadi va ularning har birini to’laligicha ilg’ay oladilar. Natijada, birov bilan gaplashayotgan ayol yonidagilarning gaplarini ham oqizmay-tomizmay eshitib turadi.

Ayollarga shunchaki, suhbatlashishning o’zi kifoya bo’lsa, erkaklar uchun suhbatning mazmun-mohiyati muhimroq. Erkaklar ma’lumotlarni ma’lum tartib va ketma-ketlikda qabul qilishga moyil. Shu sababli, birorta vazifani bajarishda butun e’tiborini shunga qaratadi. Masalan, erkak sevimli jamoasi ishtirokidagi futbol o’yinini diqqat bilan tomosha qilayotgan vaqtda, ayol unga o’zining so’nggi yangiliklarini so’zlashi behudadir.

Idrok qilish tezligi bo’yicha ayollar erkaklarni sezilarli darajada ortda qoldirishadi. Masalan, ular erkaklarga nisbatan tezroq o’qib, mayda tafsilotlargacha ifodalab bera oladi. Shuningdek, ayollarning eslab qolish qobiliyati ham kuchli!

Ammo erkak kasb-koriga, ishiga taalluqli xabarni, ma’lumotni osonroq yodlab qoladi.

SOG’LIQ. Erkak qon aylanish tizimida taxminan 4-5 litr, ayolda esa 3-6 litr qon mavjud. Kuchli jins vakillarining qoni kislorodga ko’proq to’yina olgani bois, ularning organizmi ancha chidamlidir. Shunga qaramay, ular qondan qo’rqadi, ayollarga nisbatan dardga chidamsiz bo’ladi. Erkaklar ayollarga nisbatan 2-3 baravar ko’proq kasal bo’lib qolishdan qo’rqisharkan. Ammo shu bilan birga, ular shifokorlar qabuliga ayollardan 4 baravar kamroq qatnar ekan.

MUNOSABAT. Ayol ko’proq odamlarga e’tibor qaratadi, erkak esa ularni o’rab turgan muhitga. Masalan, biron-bir ziyofatdan qaytgan xotinning xotirasida asosan qaysi ayol nima kiyib kelgan, qaysi biri eri bilan ajrashyapti yoki ajrashish arafasida, kimning taqinchog’i qimmatbahoroq, degan ma’lumotlar g’ujg’on o’ynaydi. Erkakning xotirasida esa faqat singan chirog’-u, suvog’i o’pirilgan yoki bo’yog’i ko’chgan devor qoladi, xolos.

Ayol tug’ilgan kunlarni, to’y yoki marosimlar o’tkaziladigan sanalarni hech esidan chiqarmaydi. U farzandlari va nevaralarining necha kilo tug’ilgani-yu qanday noxushliklarni boshidan kechirganini-da unutmaydi. Erkak nafaqat farzandlari va nevaralarining, hatto o’zining tug’ilgan kunini ham goho esidan chiqaradi.

RUHIYaT. Ayolning serhis, sertuyg’u jins ekani uning yig’lashida yorqin namoyon bo’ladi. Ayol erkakka nisbatan tez-tez ko’z yosh to’kib turadi. U arzimagan bahona yoki gapdan ham ta’sirlanib ashkiga erk berishi mumkin. Ayol yig’laganida yon-atrofdagilarda hamdardlik uyg’otishga intiladi, chunki u ashklari bilan maqsadiga yetishi mumkinligini biladi. Uning qarg’ashlari, nolalari, faryodlari har qanday bag’ritosh kishining dilini yumshatadi, g’azabidan tushiradi va yon bosishga majbur qiladi. Erkak jahli chiqqanida baqirishi, so’kishi, hatto musht ko’tarishi mumkin, lekin u imkon qadar begonalar oldida yig’lashdan o’zini tiyadi. U yig’lashni zaiflik belgisi deb biladi, shuning uchun ham u yig’lagan o’g’il bolaga hamdardlik, mehribonlik ko’rsatavermaydi, balki, aksincha, uni kuchli, dovyurak bo’lishga chaqiradi. O’g’il bolalar yig’loqi tengqurini mudom mazax qilishadi, qiz bolalar esa uni yupatadi, yonini oladi.

Erkak faqatgina o’ta ojiz qolganida ko’ziga yosh oladi, lekin uni birovga bildirmaydi. U dardini ichiga yutib, sassiz yig’laydi, yon-atrofdagilarda hamdardlik uyg’otish uning xayoliga kelmaydi. Erkak yig’laganini iztirob, o’kinch bilan eslab yuradi, ayol esa besh daqiqadan keyin unutadi.

Ruhshunoslar ayol va erkaklarga yig’layotgan go’dak suratini ko’rsatib, go’dak nimani istaydi, deb so’rashgan. Ayol-respondentlarning 70%dan ziyodi, erkak-respondentlarning esa atigi 10% to’g’ri javob bergan. Demak, ayol kishilarning his-tuyg’ulari, ichki kechinmalari va istaklarini yaxshi biladi. Ayniqsa u farzandlari bilan bog’liq hodisalarni, psixologik omillarni tez ilg’aydi, ularning sabablarini darrov topadi.

HORDIQ. Ayol va erkakning dam olishida, bo’sh vaqtlarini o’tkazishidan ham o’ziga xosliklar mavjuddir. Erkak xordiq olayotgan paytda tashqi dunyodan butunlay uzilib qoladi, ayol esa hatto tushida ham eshitadi.

Dam olayotgan erkak miyasining faolligi 70 foizga pasayib ketadi. Xotin kishi hordiq chiqarayotganda esa, uning aqliy faolligi 10 foizga kamayadi, xolos. Shu tufayli qo’shninikida so’ri g’irchillasa, erkakning xurragi unga hamohang yangrayveradi, biroq bu “shovqin” ayolni bemalol aqldan ozdirishi ham mumkin. Ayol sasni, tovushni aniq eshitadi va ularning qaysi tomondan kelganini to’g’ri topadi. U go’dagining yig’isini eshitsa darrov uyg’onib ketadi, erkak esa xurrak otib uxlayveradi.

Yuqoridagi ma’lumotlar olimlarning tadqiqot natijalari xolos. Bizlarning qanday ekanligimizni, suratu siyratdagi farqlarimizni Alloh taoloning O’zi yaratgan va O’zi bilguvchiroqdir.

 

Saidabror Umarov tayyorladi

 

muslim.uz

loading…