Bill Geytsdan ham boy odam

Bill Geytsdan so’rashdi:

– Bu dunyoda sizdan ham boy odam bormi?

Geyts:

– Ha, mendan ham boyi bor, – deb javob berdi.

– Kim u? – so’rashdi.

– O’qishlarimni tugatib, «Microsoft» shirkatini qurish ishlari bilan uchib ketish uchun Nyu-York aeroportiga bordim. U yerda bir gazeta sotuvchisiga ko’zim tushdi. Qo’lidagi gazetalardan biri diqqatimni tortdi. Qo’limni cho’ntagimga soldim, mayda pulim yo’q edi. Biroz uzoqlashdim, o’sha qora tanli va yosh gazetachi bola yonimga yugurib kelib:

– Janob, marhamat, gazeta mendan sizga hadya, – deb gazetani uzatdi.

Men unga:

– Yonimda mayda pul yo’q, – dedim.

U ham:

– Men buni sizga hadya qildim, – dedi.

Bu hodisadan roppa-rosa 3 oydan keyin aynan o’sha aeroportda yana uchrashib qoldik. Bir gazeta diqqatimni tortdi. Yana cho’ntagimda maydam yo’q. Bola gazetani uzatib, «Oling», dedi. Men unga: «Bolam, o’tgan safar ham shunday holat yuz bergandi. Sen shunday holatda har ko’rgan odamingga gazeta hadya qilasanmi?» – deb so’radim.

– Albatta, men hadya berganimda chin qalbimdan beraman. Bu menga xursandchilik ulashadi, xotirjam bo’laman…

Bill Geyts aytadi:
– Bu gap mening xayolimni shunday qamrab oldiki, bir savol qiynay boshladi: qiziq, bu bola qaysi mantiq va qaysi hissiyotga asoslanib bunday dedi?!

Oradan 19 yil o’tdi. Moddiy tomondan o’zimni tiklab, dunyoning eng boy odamiga aylandim. O’sha bolaning yaxshiligini qaytarish maqsadida bir guruh tuzdim. Ularga o’sha bolani qidirib topishlarini tayinladim. Ularga o’sha aeroportga borib, menga gazeta sotadigan qora tanli bolani topib kelishlarini buyurdim. Bir yarim oydan keyin bir joyda uning qorovullik qilayotganini bildim. Unga taklifnoma yuborib, ofisimga taklif qildim. Kelganida:

– Meni tanidingmi? – deb so’radim.

U ham:

– Albatta, Siz Bill Geytssiz. Sizni hamma taniydi, – dedi.

– Esingdami, sen yoshligingda gazeta sotarding, menda mayda pul bo’lmagandi, sen menga gazetani hadya qilganding. Buni nima uchun qilganding?

– Buning ma’lum bir sababi yo’q. Bir kishiga evaziga hech narsa kutmasdan bir narsa bersam, xursand bo’laman, huzurlanaman.

– Men senga o’sha yaxshiligingni qaytarmoqchiman. Istaganingni so’ra.

– Qanaqasiga qaytarasiz?

– Nima istasang so’ra, beraman…

Yigit kulib turib:

– Nima so’rasam, o’shani berasizmi? Rostmi?
– Ha, so’ra…

– Sizga rahmat, janob. Lekin hech narsaga ehtiyojim yo’q.

– Bir narsa so’rashing kerak, yaxshiligingni qaytarmoqchiman.

– Janob Bill Geyts, sizning kuchingiz ko’p narsaga yetadi. Lekin mening yaxshiligimni qaytara olmaysiz…

– Nima demoqchisan? Qanday qilib qaytara olmasligim mumkin?

– Siz bilan mening oramdagi farq, men sizga o’zim muhtoj bo’lib turib berdim, lekin siz boylikning cho’qqisiga chiqqanda qaytarmoqchisiz. Shunday ekan, uni qaytara olmaysiz. Lekin siz qilmoqchi bo’lgan yaxshilikdan xursand bo’ldim. Katta rahmat.

Bill Geyts aytadi:

– Yigitning o’sha gapi uning mendan boy ekanligini his qilishimga sabab bo’ldi. Chunki, berishning eng yaxshisi ehtiyojing bo’lib turib berishingdir. Bu yigit aynan shunday qildi.

© Abdulloh Rahimboyev tarjimasi

loading…