QOR ODAM HAQIDA HAQIQATLAR
Sirli qor odam haqidagi gap-so’zlar yuzlab yillardan beri yurt kezadi. Qor odamning borligini isbotlash uchun odamlar uning suratini, yung, qadam izlarini namoyish etishgan. Lekin qor odamning o’zini namoyish etish hali hech kimga nasib qilmagan. Masalan, Amerikaning Arizona shtatidagi kriptozoologlar jamiyatidagilar kimda-kim qor odamning murdasini keltirsa, 100 000 dollar mukofot puli va’da qilgan. Tirik holda olib kelsa, 1 000 000 dollar pul berishlarini aytishgan.
Olimlar uzoq vaqt qor odam qachonlardir yashagani, ammo allaqachon o’lib ketganini ta’kidlab kelishgan. Biroq 1921 yili angliyalik alpinist Govard-Beri Everest cho’qqisiga ko’tarilayotib ulkan qadam izlarini ko’rib qolgan. Bunday ulkan izlar oddiy odamga sira tegishli bo’lmasdi. «Xuna» va «Yurok» hindu qabilalari a’zolari esa XIX asrda Kaliforniyada tez-tez haqiqiy qor odamni ko’rganliklarini gapirib charchashmagan. Ammo asr o’rtalariga kelib Kaliforniyaga oltin qazib olish jazavasiga tushganlar dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurishdi. Ular qor odamni ham topish ilinjida kelishgandi. Lekin hindu qabilalari a’zolari qor odam ko’pchilikdan qo’rqishini, shu sababli izsiz g’oyib bo’lganini aytib turib oldi.
Yana shunday bir gap yuradiki, 1890 yili ulkan qor odam amerikalik shaxtyorlar qishlog’iga hujum qilgan. Bu qishloq Chetko daryosi sohilida joylashgandi. U shaxtyorlarning ovqatlarini tortib olib, o’zlarini o’ldirib ketgan. Ertasi kuni uch shaxtyorning murdasini daryo sohiliga dafn etishgan. Guvohlardan birining aytishicha, qor odamning vazni taxminan 300 kilogrammdan ortiq ekan.
1967 yili amerikalik Rojer Patterson va Bob Gimlinlar aholiga videolavha namoyish etgan. Lavhada haqiqiy qor odam tasvirlangandi. Aytishlaricha, lavha Kaliforniya milliy qo’riqxonasida suratga olinibdi. Shundan keyin olimlar ancha vaqtgacha qor odam haqiqatan borligini ta’kidlab yurishdi. Boshqa bir olimlar guruhi esa videolavha sun’iy montaj ekanini aytishdi.
Mashhur ufolog Boris Apollonovich Shurinov g’alati bir versiyani ham ilgari surgan. U ta’kidlaganki, qor odam o’zga sayyoraliklar vakili ekan. Kim bilsin? Bugungi kunda ham qor odam haqidagi bahslar to’xtagani yo’q. Balki u mavjuddir. Balki afsonadir. Tag’in xudo biladi.
Astag’firillo!!!