Dunyo bo‘ylab qanchalik oson harakatlana olish va tanlangan manzilda qancha qolish – shaxsning pasportiga bog‘liq. Aslida bu siz o‘ylagandan ko‘ra murakkabroq geosiyosiy masala hisoblanadi. Ultraboylar ikki yoki uchta pasport va bir nechta fuqarolikka ega bo‘lish orqali ko‘pgina imtiyozlarni qo‘lga kiritadi. Bu pasportlar ko‘pincha pulni xush ko‘radigan davlatlar tomonidan beriladi va boyvachchalar yig‘inida maqtanish uchun hashamatli status ramzi vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, “oltin pasport” shaxsiy hayot yoki tug‘ilgan yurt xavf ostida qolganida qochish uchun imkoniyat eshigi hamdir.
“Oltin pasport” nima?
Ba’zi mamlakatlar tomonidan taklif qilinadigan Citizenship by Investment –investitsiya evaziga fuqarolik (IEF) dasturlari ba’zida “oltin pasport dasturlari” deb ham ataladi. Bunday dasturlar orqali shaxslar muayyan moliyaviy investitsiya evaziga chet el fuqaroligini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. “Immigrant invest” nashrining yozishicha, bu odatda ko‘chmas mulk, davlat obligatsiyalari yoki mahalliy biznesga qaratilgan investitsiyalar bo‘lishi mumkin.
Investorlar uchun asosiy afzalliklardan biri – global harakatchanlikning kengayishidir. Pasporti zaif bo‘lgan mamlakat fuqarolari “oltin pasport” sotib olsa, ko‘plab davlatlar uchun vizasiz yoki vizani kelganda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ikkinchi pasport siyosiy yoki iqtisodiy beqarorlik holatlarida xavfsizlik kafolati sifatida xizmat qilishi mumkin, bu esa boshqa bir davlatda yashash yoki biznes yuritish imkonini beradi. Mezbon mamlakatlar uchun esa bu dasturlar katta hajmdagi xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi bilan foydali.
“Oltin pasport”ning 7 ta foydasi
- Global harakatchanlik. “Oltin pasport” ko‘plab mamlakatlarga vizasiz yoki kirgandan so‘ng viza olish imkoniyatini beradi, bu esa pasport egasining erkin sayohatini ta’minlaydi.
- Investitsiya imkoniyati. “Oltin pasport” o‘z egasiga yangi bozor, ko‘chmas mulk va biznesdan tashqari, investitsiyaning o‘zidan daromad olish imkoniyatini ham beradi.
- Soliqlarni optimallashtirish. Ba’zi “oltin pasport” taklif qiluvchi mamlakatlar qulay soliq tizimiga ega. Masalan, Karib dengizi mintaqasidagi ko‘pgina davlatlar shaxsiy daromadga soliq solmaydi, Vanuatu esa kompaniyalar uchun atigi yillik 300 AQSH dollari miqdoridagi 20 yillik to‘lovni belgilaydi.
- Xavfsizlik. Ikkinchi pasport siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy notinchlik paytida xavfsiz boshpanani kafolatlaydi. Pasport egasi istalgan vaqtda bu davlatga kirib, cheklanmagan muddat davomida qolishi mumkin.
- Ta’lim va sog‘liqni saqlash. “Oltin pasport” egasi yangi mamlakat ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidan mahalliy fuqarolar kabi foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
- Oila a’zolari uchun foyda. Aksariyat “oltin pasport” dasturlari oila a’zolariga ham fuqarolik beradi (asosan, turmush o‘rtoq va farzandlar uchun), bu esa bir xil afzalliklardan foydalanish imkonini ta’minlaydi.
- Hayot sifatini oshirish. Yangi mamlakat fuqaroligi yaxshiroq iqlim, madaniyat va hayot sifati kabi qulayliklarni taklif etadi.
Bunday afzalliklarga qaramasdan, dunyo mamlakatlarining asosiy qismi “oltin pasport” siyosatiga qarshi. Chunki bunday dasturlar “boylarga ko‘proq imkoniyat berish”ni anglatadi hamda xavfsizlik va halollikni savol ostida qoldiradi. Shunday bo‘lsa-da, katta investitsiya evaziga o‘z fuqaroligini sotuvchi davlatlar ham talaygina. Quyida ularning bir nechtasi.
Dominika. Investitsiya talabi juda past bu davlat fuqaroligini olish uchun Iqtisodiy diversifikatsiya jamg‘armasiga 200 ming dollar xayriya qilish yoki shuncha qiymatdagi ko‘chmas mulk sotib olish kifoya. Ko‘chmas mulk 3 yildan so‘ng sotilishi va investitsiya qaytarilishi mumkin.
Dominika pasporti egalari 140 dan ortiq mamlakatga vizasiz sayohat qila oladi. Yana bir foydali jihat soliqlarni optimallashtirishdir: mamlakatda boylik, sovg‘a, kapital daromad va meros soliqlari yo‘q.
Antigua va Barbuda. Kamida 230 ming dollar miqdorida Milliy taraqqiyot jamg‘armasiga xayriya qilib mazkur davlat fuqaroligini olish mumkin. Shuningdek, mahalliy kompaniyaga investitsiya qilish orqali ham fuqarolik olish mumkin, buning uchun kamida 400 ming dollar talab qilinadi. Pasport olishga 6 oy sarflanadi.
Antigua va Barbuda fuqarolari oldindan viza olmasdan 150 dan ortiq mamlakatga sayohat qilishi mumkin, shuningdek, AQSH uchun 10 yillik tashrif vizasini olish huquqiga ham ega. Bu mamlakatda yashovchilar shaxsiy daromad, meros, kapital daromad yoki dividend uchun soliq to‘lamaydi.
Vanuatu. Dunyodagi eng arzon va eng tez IEF dasturiga ega ushu davlatda atigi 130 ming dollar xayriya evaziga fuqarolik olish mumkin. Bu mablag‘ davlat jamg‘armasiga tushadi va mamlakat iqtisodiyoti hamda tabiiy ofatlar bilan kurashishda foydalaniladi.
Yana bir variant – CNO Future Fund kompaniyasining aksiyalarini xarid qilish. U kokos yog‘idan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Minimal investitsiya – 157 ming dollar, bu mablag‘ 5 yildan so‘ng qaytarilishi mumkin.
Til yoki tarix imtihonlari mavjud emas, biroq biometrik ma’lumot topshirish uchun Vanuatu yoki uning Bryussel, Dubay, Gonkong yoki Yangi Kaledoniyadagi elchixonalaridan biriga tashrif buyurish kerak.
Investorlar xalqaro biznes kompaniyasi tashkil qilish orqali 20 yil davomida korporativ foyda, shaxsiy va kapital daromad, meros yoki xayriya soliqlaridan ozod etiladi. Buning o‘rniga yillik 300 dollar to‘lov qo‘llaniladi.
Misr. 2020 yilda IEF dasturini ishga tushirgan ushbu davlat pasportini olish uchun to‘rtta variant mavjud:
- Qaytarilmaydigan xayriya – 250 ming dollar;
- Ko‘chmas mulk xaridi – 300 ming dollar;
- Biznesga investitsiya – 350 ming dollar;
- Markaziy bankdagi depozit – 500 ming dollar.
Ko‘chmas mulk va biznes investitsiyalari 5 yildan so‘ng, bank depoziti esa 3 yildan keyin qaytarilishi mumkin.
Shuningdek, Misr fuqarosi bo‘lish uchun arab tili yoki tarix imtihonlari talab etilmaydi va mamlakatda yashash shart emas. Bundan tashqari, korporativ soliqdan ozod bo‘lgan 9 ta erkin iqtisodiy zonada korxona ochish ham mumkin.
Turkiya. Ushbu davlat fuqarolari 120 dan ortiq mamlakatga vizasiz sayohat qilishlari mumkin. Turkiya IEF dasturi bo‘yicha beshta variant taklif qiladi va bularning orasida ko‘chmas mulk sotib olish eng arzon va ommabop yo‘ldir. Bu usulda ariza topshirish uchun turarjoy yoki tijorat mulkiga eng kamida 400 ming dollar tikish kerak. Boshqa variantlar:
- biznesga investitsiya – 500 ming dollar;
- bankka depozit – 500 ming dollar;
- investitsion fond birliklari xaridi – 500 ming dollar;
- hukumat obligatsiyalari xaridi – 500 ming dollar.
Barcha variantlar investorga fuqarolikni olganidan uch yil o‘tib mablag‘ini qaytarish imkonini beradi.
Avstriya. Mazkur davlatda dunyodagi eng qimmat IEF dasturlaridan biri mavjud. Eng kuchli pasportlardan biri hisoblangan Avstriya pasportiga ega chiqqanlar 170 dan ortiq mamlakatga vizasiz sayohat qilishi mumkin.
Arizasi ko‘rib chiqilishi uchun nomzod mamlakat iqtisodiyotiga uch yil davomida faol investitsiya kiritishi kerak. Avstriya fuqaroligi uchun qat’iy talab mavjud emas, ammo bu odatda 2-10 million yevro oralig‘idagi investitsiyalarni o‘z ichiga oladi.
“Oltin imkoniyat”ning qora tomoni
Xorij matbuoti iddaolariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sanksiyalardan qochish uchun aynan ushbu oltin pasport kabi dasturlardan foydalanilmoqda. 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, AQSH rasmiy vakili bunday dasturlarini boy ruslar uchun boshqa mamlakatlarda fuqarolik olish va ayrim moliyaviy tizimlarga kirish vositasi sifatida ta’riflagan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “oltin pasport” bir qancha noqonuniy faoliyatlar uchun ko‘prik vazifasini ham bajaradi:
- Pul yuvish;
- Soliqdan qochish.
Immigrant investor dasturlarining eng ko‘p uchraydigan salbiy jihatlaridan biri bu sanksiyalar ro‘yxatidagi shaxslar faoliyatini qonuniylashtirishidir.
Yuqoridagi va boshqa bir qancha sabablar tufayli ko‘pgina davlatlar o‘zining IEF dasturlarini tugatmoqda yoki qayta ko‘rib chiqmoqda.