Mamlakatimizda sog’liqni saqlash tizimi rivojlangani sari sohada amalga oshirilayotgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalar soni ortib bormoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan samarali foydalanib, bemor tanasiga tig’ tekkizmasdan yoki yeichik kesmalar orqali bajariladigan operatsiyalar, jarrohlikning kaminvaziv usullari amaliyotda keng qo’llanilyapti.
Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o’tkazilayotgan ana shunday noyob operatsiyalar qanchadan qancha og’ir bemorlar salomatligini tiklashga xizmat qilyapti.
Yaqinda markazga Farg’ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi 33 yoshli N. Saidahmedova murojaat qilgan. Uni bir necha yildan buyon ikki tomonlama bel sohasidagi og’riqlar qiynab kelayotgan edi.
Urolog Asqar Rahimboyevning aytishicha, tekshiruvlardan so’ng bemorga peshob yo’llari rivojlanishining anomaliyasi, ya’ni taqasimon buyrak, ikki tomonlama peshob nayining torayishi kabi og’ir tashxislar qo’yilgan.
Bunday tashxis bo’yicha bemorda laparoskopik sistotomiya, ureteropelvil segment laparoskopik plastika kabi o’ta murakkab amaliyotlarni bajarish lozim, deb topilgan. Bemorning nisbatan yoshligi inobatga olinib, uning buyragini saqlab qolish maqsadida ushbu jarrohlik operatsiyalari o’tkazilgan.
Amaliyot vaqtida maxsus uskunalar yordamida peshob naylarining toraygan qismi plastika qilindi. Operatsiya vaqtida va undan so’ng hech qanday asoratlar kuzatilmagan.
Kaminvaziv jarrohlik amaliyoti bajarilgani uchun bemor ilk kundanoq harakatlanib, to’rt kundan so’ng uyiga javob berilgan.
— Avvallari bu turdagi operatsiyalar ochiq usulda bajarilar edi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtorov. — Ba’zida esa bemorning buyragini olib tashlash hollari ham kuzatilgan. Natijada ular keyingi umri davomida ma’lum cheklovlar bilan yashashga majbur bo’lgan.
Hozir esa markazimizda bunday o’ta murakkab buyrak anomaliyalari ham kaminvaziv usullar yordamida samarali davolanmoqda. Ya’ni kasallangan a’zoni saqlab qolgan holda davolash imkoniyati mavjud.