Yurtimizning ajoyib maskanlari

Mamlakatimizda ko’plab arxeologik, tabiiy, me’moriy obidalar, diqqatga sazovor maskanlar bo’lsa-da, ularning hammasi ham sayohatnomalardan, xaritalardan joy olmagan. E’tiboringizga O’zbekistondagi eng ajoyib, bir-biridan qolishmaydigan joylarning bir nech­tasini havola etamiz.

XO’JA GUR-GUR OTA

Bu maskan Surxondaryo viloyatida joylashgan. Ushbu joyda bir olam taassurotlarga ega bo’lasiz: 500 metrlik jarlik yoqasidagi cho’rt uzilgan cho’qqi, chuqur kanonlar, dinozavrlarning toshga aylangan izlari va 3700 metrlik balandliklar jalb qiladi. Xo’ja Gur-gur otaga Boysundan ikki yo’l bilan borsa bo’ladi: birinchisi — Olachopon, Qayroq qishloqlarini kesib o’tib, Dibolo qishlog’i orqali; ikkinchisi — Darband darasi, Machay, Qizil Navur va Kentala qishloqlari orqali. Mahalliy aholining aytishicha, bu joyga ko’plab ziyoratchilar farzand so’rab kelishadi va Allohning inoyati bilan ularning niyatlari mustajob bo’ladi.

MAYDANAK BALAND TOG’

RASADXONASI

Maydanak baland tog’ rasadxonasi 1970 yilda Maydanak platosining g’arbiy qismida, Shahrisabzdan 45 km janubroqda qurilgan. U Shimoliy yarim shardagi eng yaxshi rasadxonalardan sanaladi: bu yerda to’rtta kometa, 80 dan ortiq asteroidlar, “Samarqand” nomi berilgan yangi kichik sayyora kashf etilgan. U joylashgan hudud nihoyatda sokin bo’lib, ko’pchilikda tovush gallyutsinatsiyasi ro’y beradi. Yulduzlar esa shunchalik yaqin joylashganki, qo’lingizni uzatsangiz, yetadigandek ko’rinadi.

I.V. SAVISKIY NOMIDAGI

DAVLAT SAN’AT MUZEYI

U respublikadagi eng mashhur muzeylardan biri bo’lib, rus avangard musavvirining dunyodagi ikkinchi yirik kolleksiyasiga ega. 1966 yilda musavvir va san’atshunos Igor Saviskiy shahar hokimiyatini muzey tashkil etish zarurligiga ishontira oladi. Shu maqsadda unga bino ajratildi, ke­yinchalik u muzey direktori etib tayinlandi. Saviskiy binoni ta’mirlab, turli janrlardagi san’at asarlarini xarid qilish orqali kolleksiyalarni shakllantira boshladi. Bir necha yil ichida u rus va Turkiston avangardi, qadimiy Xorazm arxeologik eksponatlarining eng to’liq kolleksiyasini to’plashga muvaffaq bo’ldi. Hozirda kolleksiyada 90 ming atrofida turli eksponatlar mavjud, ular qatorida Luvrdagi eksponatlarning aniq nusxalari ham mavjud.

DARBAND DARASI

Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida Darband darasi joylashgan (“Darband” tojikchasiga “yopiq eshik” ma’nosini ang­latadi). Qadimda bu qishloq aholisi daraga boruvchi yo’lni muhofaza qilishgan. Daraga kiraverishda Zindonak g’ori bor, unda asirlar saqlangan. Dara ichiga qarab torayib boruvchi yo’ldan yurilsa, Xo’jamoy ota ziyoratgohi chiqadi. Rivoyatlarga ko’ra, Xo’jamoy ota o’z xalqining dushmanlar hujumidan najot topishini so’rab duo qiladi. Shunda uzoq daraga borib, bahaybat qoya ostidagi joyni topib, qo’lidagi hassasi bilan yerga uradi. Aso tekkan joydan buloq otilib chiqadi, yuzaga kelgan hovuzda baliqlar suza boshlaydi. Shu tariqa Xo’jamoy ota tog’larda qoladi. Tog’dagi g’or og’zida uning qabri bor. Sal narida ajo­yib manzaraga ega Kaptarxona vodiysi joylashgan, u yerda minglab yovvoyi kabutarlarni uchratasiz. Bu yerlarni ziyorat qilgan kishilar ana shu buloqning shifobaxshligini aytishadi. Aytishlaricha, buloq suvi har qanday jarohatni davolarkan.

ShAHRISABZDAGI OQSAROY

Oqsaroy sohibqiron Amir Temurning ona shahri — Shahrisabzdagi qarorgohi bo’lgan. U 24 yilda barpo etilgan. Saroy bir necha hovlilarga ega bo’lib, ular gir aylanasiga xonalar bilan o’ralgan. Xonalarning ichi tilla suvi yuritilgan naqshlar bilan bezatilgan, tashqi tomoni kufiy, suls uslubidagi arabiy yozuvlar, koshinkori bezaklar, islomiy girix naqshlari bilan bezatilgan. Saroy tomida hovuz bo’lib, unda favvora otilib turgan. Oqsaroyning 300 yillar avval qulab tushgan arki mintaqada eng yirik hisoblangan. Ayni vaqtda ulkan saroyda atigi ikkita yodgorlik — minora qolgan. Shunday bo’lsa-da, odamlar uni ziyorat qilishdan charchashmaydi, chunki bu qadamjoni ziyorat qilgan kishining murodi hosil bo’larkan.

ARAShAN KO’LI

Toshkent viloyati Qirg’iziston va Namangan viloyati bilan tutashadigan nuqtada, dengiz sathidan 3000 metr balandlikda Arashan ko’li joylashgan. Bu yerga yetib borishning o’zi bo’lmaydi. Dastlab Arashan ko’llari tizimidagi Xo’ja Arashan ko’li keladi (suv havzasidan biroz narida muqaddas ziyoratgoh — Arashan buva qabri mavjud). Undan chaproqda Katta Arashan joylashgan. Keyin 3400 metr balandlikda tog’ tizmasi ortidagi Muz ko’liga yetib borasiz. Bu yerga odamlar faqat ana shu ko’lni ko’rish uchun emas, balki Arashan buva ziyoratgohini ham ziyorat qilishga kelishadi. Aytishlaricha, bu ziyoratgohdagi buva qabrining tuprog’i so’gal va boshqa yaralarni to’karkan.

ShAYTON JIGA O’KI IBLIS DUBULG’ASI

Samarqanddan 30 km janubda, Ilonsoy va Taxtaqoracha dovonlari orasida yirik xarsangtoshlar sochilib yotgan tekislik mavjud, u bir necha chaqirim masofaga — Mironko’l buloqlaridan to Qoratepa qishlog’igacha cho’ziladi. Ba’zi rivoyatlarda bu yerda qurbonliklar keltirilgan, deyilsa, boshqalarida osmonni larzaga solgan janglar bo’lgan, deya ta’kidlanadi. Aftidan, aynan qanday voqea ro’y berganini hech kim bilmaydi. Lekin bir narsa aniq — bu maskanning go’zalligi har qanday insonni o’ziga rom etadi. Hayvonlar shakliga o’xshash xarsanglar, bahaybat tosh qushlar va devlar… Aytishlaricha, bu yerning buloqlari juda shifobaxsh ekan.

HAZRATI DOVUD G’ORI

Samarqanddan 40 km janubi-g’arbda, Oqsoy qishlog’i hududida O’zbekistondagi eng mashhur qadamjolardan biri — Hazrati Dovud g’ori mavjud. Bu ziyoratgohning yuzaga kelishi bilan bog’liq bir nech­ta afsonalar mavjud. Ularning biriga ko’ra, hazrati Dovud otashparastlarning ta’qibidan qochib shu yerda jon saqlagan. Aytishlariga ko’ra, Dovud payg’ambar qo’llari bilan qoyalarni ikkiga yorib, ortiga yashirinish qudratiga ega bo’lgan.

G’orga yuqoriga qarab 1303 ta zina va yana pastga tushuvchi 200 ta zina olib boradi. Bu yerda toshlarga tushgan qo’l va oyoq izlarini uchratish mumkin, mahalliy aholi ularni hazrati Dovudga tegishli deb biladi. Yana shu ham haqiqatki, bu joyni ziyorat qilganning barcha niyatlari ro’yobga chiqadi.

JARAQUDUQDAGI «TOShLI O’RMON»

Qachonlardir bu yerda dengiz bo’lgan. Endilikda esa turli hayvonlar qoldiqlariga duch kelinadi. Shunga ko’ra, aytish mumkinki, O’zbekiston hududida ham qachonlardir dinozavrlar, timsohlar bo’lgan, dengizlarda akula va skatlar suzib yurgan. Qizilqum sahrosi hududida bir vaqtlar dunyo okeani mavj urganiga ishonish qiyin, albatta. Bundan tashqari, qadimgi o’rmon qoldiqlari ham ko’zga tashlanadi. Agar siz qadimgi baliqlar, amfibiyalar, sudralib yuruvchilar, qushlar va boshqa sut emizuvchi hayvonlar qoldiqlariga qiziqsangiz, bu yer aynan siz uchun ekani aniq.

QUVA ShAHARChASI

Quva shahri tarixi eramizdan avvalgi IV–III asr­larga borib taqaladi. Arxeologik topilmalar fikrimiz dalilidir. Quva Farg’ona viloyat markazidan 20 km masofada joylashgan. Qachonlardir bu yerda hunarmandlarning yirik savdo qo’rg’oni bo’lgan.

QUO’Sh FIZIKASI INSTITUTI

Quyosh fizikasi instituti Toshkent viloyati, Parkent tumani, «Quyosh» qo’rg’onida joylashgan. Majmua ekologik toza hududda joylashgan bo’lib, bu yerda quyoshli kunlar 280 kunni tashkil etadi. Bunday inshoot dunyoda ikkita bo’lib, yana biri Fransiyada joylashgan.

Avvallari bu bino harbiy maqomga ega edi. Bu yerda kosmik qurilmalarning sirtqi qoplamalari va harbiy texnikalar sinovdan o’tkazilgan. Bugungi kunda institutda nazariy va tajribaviy tadqiqotlar o’tkaziladi. Quyosh yuzasining ko’p maqsadli kuzatuvlari olib boriladi. Institutda, shuningdek, tibbiyot, neft-gaz va to’qimachilik sanoati uchun ishlanmalar amalga oshiriladi.

IChANQAL’A

Ichanqal’a Xivadagi eng qadimgi qal’a hisoblanadi. Uning maydoni 26 gektarni tashkil etadi (bugungi kunda uning hududida 300 ga yaqin oila istiqomat qiladi). Ichanqal’a Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan Markaziy Osiyodagi birinchi yodgorlikdir. Shahar 10 metr balandlikkacha barpo qilingan tirgohli devorlar va mudofaa minoralari bilan qurshab olingan. Bugungacha to’rtta minoradan uchtasi hamda 400 ga yaqin qadimiy turar joy va xo’jalik binolari saqlanib qolgan. 60 dan ortiq me’moriy yodgorliklarni ham ko’rish mumkin. Ko’hna Ark, Tash Hovli saroyi majmuasi, Kalta Minor, mash­hur 213 ta ustunli Juma masjid, Said Alouddin maqbarasi, Sherg’ozixon madrasasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, gumbazlar bilan yopilgan ulkan bozor, Xivaning timsoli bo’lib qolgan Islomxo’ja minorasi shular jumlasidandir. Aytish mumkinki, Xivaga kelgan sayyoh o’zini o’rta asrlarga tushib qolgandek his qilishi shubhasiz.

 

7 Mo’jiza gazetasidan olindi