Yozgi angina keng tarqalgan xastalik, desak adashmaymiz. Anginaning rivojlanishiga haddan ziyod sovqotish, salqin ichimliklar, muzqaymoq, konditsionerli xonada uzoq o’tirish kabilar sabab bo’lishi mumkin.
Tibbiyotda tanglaydagi bodomsimon bezning infeksiyalar ta’sirida kelib chiqqan yallig’lanishiga o’tkir tonzillit (anginaning tibbiy atamasi) deb aytiladi. Ko’pincha o’tkir tonzillitni stafilokokk va streptokokk infeksiyasi keltirib chiqaradi. Lekin bu mikroblar og’iz bo’shlig’ida qaerdan paydo bo’ladi? Nima uchun yozgi angina bilan hamma emas, ayrim kishilar og’riydi? Keling, dastavval shu savollarga aniqlik kiritib olamiz.
Ma’lumki, shamollash xastaliklari immunitet pasayishi natijasida rivojlanadi. Shu o’rinda issiqda meva-cheva va oftob nuri serob bo’lganda immunitet qanday pasayadi, deb so’rashingiz mumkin?
YoZGI ANGINA QANDAY DAVOLANADI?
Barcha shamollash xastaliklari kabi tomoq achishishi, bosh og’rishi, holsizlik, limfa tugunlarining kattalashishi, tana haroratining ko’tarilishi (38-39 darajagacha ko’tarilishi mumkin) angina alomatlaridir.
Angina infeksion tabiatli kasallik bo’lgani uchun uni faqat giyohli damlamalar yordamida davolab bo’lmaydi. Agar shunday qilsangiz, anginani vaqtincha «uxlatgan» bo’lasiz va u bot-bot takrorlanuvchi surunkali shaklga o’tadi.
SABABLARI
Yozda infeksiya avj olishiga tomoqda qo’nim topgan mikroblar muvozanatining buzilishi sabab bo’ladi.
Angina, aslida, o’z vaqtida to’liq davolanmagan tonzillitning qayta xuruj qilishidir. Ba’zan tonzillit noto’g’ri davolanganda bodomsimon bezda yallig’lanish jarayoni cho’zilib ketadi. Bunda murtaklarda o’z-o’zini tozalash xususiyati yo’qoladi va ular mikroblar makoniga aylanib, tez-tez yallig’lanish qo’zg’ab turadi.
Aynan shunday infeksiya o’choqlari davolanmagan kavak tishlarda ham bo’ladi. Ular ham angina rivojlanishiga zamin yaratadi.
Tomoq murtaklarida patogen mikroflora (zararli infeksiya, ya’ni stafilokokk va streptokokklar) tarqalishini qattiq sovqotish (salqin ob-havoda yengil kiyinib yurish, basseynda uzoq cho’milish va h k.) ham tezlashtirishi mumkin.
Oftobda haddan ziyod bo’lish natijasida himoya kuchlarining zaiflashishi natijasida ham xastalik avj oladi.
Tomoqni sovituvchi muzli ichimliklar hamda muzqaymoqni xush ko’ruvchilar anginaga ko’p chalinadi. Chunki ular hududiy immunitet tushishiga olib keladi.
MASLAHATLAR
Xastalik organizm zaiflashishiga turtki beradi, shu bilan birga yurakka, buyrakka, bo’g’imlarga va boshqa a’zolarga asorat berishi mumkin. Shuning uchun anginani o’z bilganicha davolash (ayniqsa, bolalarda) aslo mumkin emas!
Bakteriyaga oid anginada antibiotik qabul qilish tavsiya etiladi. Uning dozasi va necha kun qabul qilishni faqat shifokor belgilaydi. Bemor qat’iy yotoq rejimiga amal qilishi kerak.
Antiseptik suyuqliklar yoki yallig’lanishga qarshi o’simliklar damlamasi bilan tomoqni chayish, tanadan toksinlar tezroq chiqib ketishi uchun ko’proq suyuqlik ichish kerak.
Ovqatlanish tarkibini xasta tomoqni ta’sirlantirmaydigan issiqqina yumshoq ovqat (pyure, sho’rvalar, bug’lab pishirilgan sabzavotlar, baliq) bilan boyitish lozim.
Giyohli va antiseptik moddalar asosidagi ingalyatsiya ham yaxshi yordam beradi.
Yozgi anginaga duchor bo’lmaslik uchun qattiq sovqotishdan saqlaning. Bu organizm uchun kuchli stress bo’lib, immunitetni zaiflashtiradi.
Konditsionerli xonadan birdan jaziramaga chiqish ham organizmga salbiy ta’sir qiladi.
Oftobda toblangandan so’ng birdaniga suv havzasiga sakrash ham tana harorati birdan o’zgarishiga olib keladi va anginaga yo’l ochadi.