Yerga o‘rtacha o‘lchamdagi asteroid urilsa nima bo‘ladi?
Yer bilan to‘qnashish xavfi yuqori bo‘lgan 2024 YR4 asteroidi bo‘yicha NASA yangi hisob-kitoblarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu osmon jismining sayyoraga urilish ehtimoli 3,1 foizga yetdi. Bu haqda NASA saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich tarixiy daraja deb baholanmoqda. NASA’ning Yaqin Yer ob’ektlari tadqiqot markazi (CNEOS) bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ehtimol avval 1,2 foiz (1 dan 83 ga) deb baholangan, keyinchalik 2,3 foiz (7 fevral), so‘ng 2,6 foiz darajasiga ko‘tarilgan. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ehtimol eng yuqori nuqtaga yetdi. Bu zamonaviy kuzatuvlarda eng xavfli asteroid sifatida qayd etildi. Avvalroq, 2004 yilda Apophis asteroidi 2029 yilda Yerga urilish ehtimoli 2,7 foiz deb baholangan edi, biroq keyingi kuzatuvlar bu xavfni butkul rad etdi.
NASA va Yevropa Kosmik agentligi (ESA) ekspertlarining ta’kidlashicha, 2024 YR4 asteroidi diametri 40 metrdan 90 metrgacha bo‘lishi mumkin. Agar u Yerga urilsa, portlash quvvati 8 megaton TNTga teng bo‘ladi. Bu Hirosimaga tashlangan atom bombasidan 500 barobar kuchliroq.
“Bogota (Kolumbiya), Lagos (Nigeriya), Mumbay va Chennai (Hindiston) kabi zich aholi yashaydigan shaharlar asteroidning ehtimoliy yo‘nalishida joylashgan. Xavf ostidagi aholi soni 110 million kishiga yetishi mumkin. Agar asteroid Nyu-York, Parij yoki London kabi shaharlarga tushsa, butun shahar va atrof-muhit butunlay vayron bo‘lishi mumkin”, deydi Planetary Society bosh olimi Bryus Betts.
Asteroidning xavfli darajada ekaniga qaramay, mutaxassislar bu hozircha jiddiy inqiroz emasligini bildirgan.
“Men vahimaga tushmayapman. Albatta, ehtimolning oshishi odamga yoqimsiz ta’sir qiladi, lekin ko‘p asteroidlar bo‘yicha kuzatilgan holatlar shuni ko‘rsatadiki, oxir-oqibat bu ehtimol yana nolga tushishi mumkin”, deydi Bryus Betts.
ESA sayyoraviy mudofaa rahbari Richard Mossega ko‘ra, bu dinozavrlarni yo‘q qilgan kabi asteroid emas, bu butun sayyorani yo‘q qiluvchi ob’ekt ham emas. Bu eng ko‘pi bilan shaharlar uchun xavf tug‘diruvchi asteroid.
Mutaxassislar Jeyms Uebb teleskopidan foydalangan holda 2024 YR4’ning hajmi va orbitasini yanada aniqroq hisoblashni rejalashtirishmoqda. Infraqizil asboblar yordamida asteroidning hajmi va tarkibi o‘rganiladi. Bu ma’lumotlar NASA, ESA va boshqa agentliklarga asteroid tahdidini yanada ishonchli baholash va kerakli choralarni ko‘rish imkonini beradi. Hozircha olimlar 2028 yilda asteroid Yer yaqinidan o‘tganda aniqroq ma’lumot olish mumkinligini aytmoqda. Agar haqiqatan ham to‘qnashuv xavfi mavjud bo‘lsa, uning trayektoriyasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy ushbu asteroidning 2032 yilda Yer bilan to‘qnashuv ehtimoli sababli sayyoraviy mudofaa kuchlari uchun kadrlar tanlovini boshlagani xabar qilingandi. SASTIND WeChat tarmog‘ida 16 ta ish o‘rni bo‘yicha e’lon bergan bo‘lib, shulardan uchtasi sayyoraviy mudofaa kuchlari uchun mo‘ljallangan. Nomzodlar uchun 35 yoshdan oshmagan bo‘lish va aniq siyosiy qarashlarga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Tanlov uchun vazifalar orasida xalqaro hamkorlik, yangi va eksperimental texnologiyalar bo‘yicha tizimlarni ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar bor. Ish ta’rifi esa “Yerga yaqinlashayotgan asteroidlarni kuzatish va erta ogohlantirish bo‘yicha tadqiqotlar” sifatida berilgan.