Avstraliyalik tadqiqotchilar ilgari noma’lum bo‘lgan 71 ta yangi mahalliy asalari turini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Australian Journal of Taxonomy” jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotga ko‘ra, ular Megachile (Austrochile) guruhiga mansub bo‘lib, odatda “qatronli g‘or asalari” deb ataladi. Bu asalarilar Tasmaniya orolidan tashqari Avstraliyaning barcha shtat va hududlarida uchraydi va qatron moddasidan yasalgan kichik “g‘orchalarda” nasl qoldirishi bilan mashhur.
Tadqiqot mualliflaridan biri, Janubiy Avstraliya muzeyining doktori Remko Laysning aytishicha, ilgari bu guruhga atigi 7 tur kiradi, deb hisoblangan. 1992 yilda Kvinslend muzeyidan Judit King magistrlik ishida yana 18 ta tur qo‘shgan.
So‘nggi yillarda olib borilgan ekspeditsiyalar, xususan, Bush Blitz dasturi doirasidagi ekspeditsiyalar – Avstraliya hukumati, BHP Billiton va Earth Watch Australia hamkorligidagi loyiha yana 23 ta yangi turni aniqlagan. Shuningdek, muzey kolleksiyalarining taqqoslama tahlili natijasida yillar davomida hujjatga olinmagan 20 ta yangi tur aniqlangan.
“Bu entomologik kolleksiyalar yashirin ilmiy kashfiyotlar ombori sifatida qanday katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi”, deydi doktor Lays.
Adelaida universiteti olimi Katiya Xogendoornning aytishicha, asalarilar qishloq xo‘jaligi va yovvoyi o‘simliklarning changlanishida muhim rol o‘ynashiga qaramay, Avstraliya asalari faunasi hali yetarlicha o‘rganilmagan.
“Avstraliyadagi asalari turlarining taxminan uchdan biri hali ham ilmiy jihatdan tavsiflanmagan. Moliyalashtirish yetishmasligi sabab biz qaysi turlar yo‘qolish xavfi ostida ekanini ham aniqlay olmayapmiz. Balki biz hali mavjudligidan ham bexabar bo‘lgan turlarni yo‘qotayotgandirmiz”, deydi u.
Mazkur kashfiyot bilan “qatronli g‘orcha asalarilar”ning ma’lum turlari soni 7 tadan 78 tagacha oshgan. Ulardan deyarli yarmi faqat bitta geografik nuqtada aniqlangani sababli mahalliy ekologik o‘zgarishlarga nisbatan juda sezgir hisoblanadi.
“Ko‘pchilik yangi turlar juda tor tarqalish maydoniga ega bo‘lishi mumkin. Ammo ularning soni yoki tahdid darajasi haqida aniq xulosa qilish uchun ma’lumot yetarli emas”, deydi Vullongong universiteti olimi Jeyms Dori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Genrix Geyne nomidagi universiteti olimlari asalarilar qanday qilib ma’lumotni “meros” sifatida yetkazib, ayrim asalarilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri uyadagi hayotga moslashish va uning jamoaviy faoliyatini ta’minlash imkonini berishini aniqlagandi.